20:36 / 19.10.2018
9 887

Oliy oʻquv yurtlarida yangicha baholash tizimi

Oliy oʻquv yurtlarida yangicha baholash tizimi
Ilgari oliy oʻquv yurtlarida talabalar bilimini baholashda 100 balli tizimdan foydalanilgan. Bunda talaba “5” ga 85 dan, “4” ga 70 dan yuqori yoki “3” baho olish uchun 56-70 ball toʻplashi kerak boʻlgan. Koʻrib turganingizdek, oʻrtadagi 14 balli tafovut aslida bitta baho degani. Lekin bu qanday mezon bilan oʻlchanishi toʻgʻrisi, biroz tushunarsiz. Qolaversa, ball tizimining boshqa yana bir qancha noqulay tomonlari bor.

Buning oldini olish, talaba bilimini baholashni soddalashtirish, shaffoflik asosida va oʻqituvchilarning baholash tizimiga ajratadigan vaqtini kamaytirish maqsadida oliy taʼlim muassasalari talabalari bilimini nazorat qilish va baholash tizimiga oid maxsus nizom ishlab chiqildi.

— Endilikda talabalarning fanlarni oʻzlashtirishini yanada xolis (obyektiv) va aniq baholash imkoni yaratildi, — deydi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boʻlim boshligʻi Oyatullo HAMIDOV. — Ayni paytda baholash tizimi xalqaro tajribaga uygʻunlashtiriladi, talaba bilimi davlat taʼlim standartlariga asoslangan aniqlik, haqqoniylik, ishonchlilik, shaffoflik asosida baholanadi. Bu tizimda baholash birinchi kursga va undan keyin oʻqishga qabul qilingan talabalarga qoʻllaniladi.

— Talabalarning fan boʻyicha oʻzlashtirgan joriy, oraliq va yakuniy nazoratini baholash qanday boʻladi?

— Endi joriy nazorat tushunchasi yoʻqoladi. Oraliq va yakuniy nazorat esa saqlab qolinadi. Oraliq nazoratni baholashga toʻxtalsak, unda fan mazmunini oʻzlashtirish darajasi, talabaning adabiyotlar bilan ishlash amaliy koʻnikmasi, muammoli vaziyatlarni hal etish, tahlil, mantiqiy fikrlash, oʻz fikrlarini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini aniqlashga qaratiladi. Oraliq baholashdan olgan ijobiy baholari asosida unga yakuniy nazoratni topshirishga ruxsat beriladi.

Yakuniy baholashda talaba fan dasturining semestrga moʻljallangan boʻlimlari mazmunini oʻzlashtirish darajasi, uning mantiqiy fikrlashi, amaliy koʻnikmasi, muammoli vaziyatlarni hal etish, tizimli va tanqidiy tahlil qila olishi, oʻz fikrini izchil va aniq bayon qilish qobiliyatini aniqlashga eʼtibor beriladi. Talaba yakuniy nazorat ishlarini yozma ish, ogʻzaki soʻrov, test, ijodiy ish shaklida topshirishi mumkin. Bu amaliyot kafedra tomonidan belgilab beriladi.

— Baholash tartibi va mezonlari haqida ham toʻxtalsangiz.

— Talabaning har bir semestrda fanlarni oʻzlashtirishi har bir baholash turlari boʻyicha: 5 (aʼlo), 4 (yaxshi), 3 (qoniqarli) va 2 (qoniqarsiz) koʻrinishida baholanadi. Baholashda quyidagi talablar qoʻyiladi:

talaba mustaqil xulosa va qaror qabul qilishi, ijodiy fikrlay olishi, mustaqil mushohada yuritishi, olgan bilimini amalda qoʻllay bilishi, mohiyatini tushunishi, ifodalashi, aytib berishi, fan boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda — 5 (aʼlo);

talaba mustaqil mushohada yurita olishi, olgan bilimini amalda qoʻllashning uddasidan chiqishi, mohiyatini tushunishi, bilishi, ifodalashi, aytib berishi, fan boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda — 4 (yaxshi);

talaba mohiyatni tushunishi, bilishi, ifodalashi, aytib berishi, tasavvurga ega deb topilganda — 3 (qoniqarli);

talaba fan dasturini oʻzlashtirmagan, fanning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda fan boʻyicha tasavvurga ega emas, deb topilganda — 2 (qoniqarsiz) bilan baholanadi.

— Qanday hollarda talaba akademik qarzdor hisoblanadi?

— Oraliq nazoratni topshirmagan yoki “2” baho olgan talaba yakuniy nazoratga kiritilmaydi. Bundan tashqari, yakuniy nazoratga kirmagan yoki kiritilmagan, shuningdek, “2” baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi. Bir kunda bittadan ortiq fan boʻyicha yakuniy nazorat turi oʻtkazilmaydi. Baholash natijasidan norozi boʻlgan talaba natija ­eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida fakultet dekani tomonidan tashkil etiladigan Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.

Talabaning bilimini baholash uchun savollar (topshiriqlar) tarkibiga ishchi fan dasturida koʻrsatilgan barcha materiallar, xususan, nazariy materiallar bilan birga, mustaqil ish, laboratoriya va hisob-grafika ishlari, amaliy va seminar mashgʻulotlari hamda boshqa materiallar ham kiritilishi mumkin.

Kuzgi semestr natijalari boʻyicha akademik qarzdorligi uchtagacha boʻlgan talabaga bir oygacha, bahorgi semestr natijalari boʻyicha akademik qarzdorligi uchtagacha boʻlgan talabaga, bitiruvchi kursdan boshqa kurs talabasiga yangi oʻquv yili boshidan qayta topshirishga qoʻshimcha bir oy muddat beriladi. Akademik qarzdorligi toʻrtta va undan yuqori boʻlgan talabaga esa, qayta topshirishga ruxsat berilmaydi va rektorning buyrugʻi bilan kursda qoldiriladi. Kursda qoldirilgan talaba semestr boshidan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishini davom ettirishi va mazkur semestr boʻyicha oʻquv rejada belgilangan, ammo oʻzlashtirilmagan barcha fanlarni qayta oʻzlashtirishi hamda baholanishi talab etiladi.

— Baholash natijalari qancha vaqt ichida qaydnomaga kiritiladi?

— Talaba yakuniy nazorat ishini topshirgan kuni baholar qaydnomaga qoʻyiladi. Yozma nazorat ishlaridan, oraliq baholaridan “3”, “4” yoki “5” baho olgan taqdirda, yaʼni ijobiy baholanganda uni qayta topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar talaba oraliq yoki yakuniy nazorat ishlarini topshirmagan boʻlsa, u holda qaydnomaga “0” (nol) deb yoziladi. Baholash qaydnomasidagi “2” (qoniqarsiz) baho talabaning baholash daftariga qayd etilmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy oʻquv yurtlarida yangicha baholash tizimi