11:16 / 18.10.2018
6 637

Endi chegaradan O‘zbekistonga kirishda tovarlarni bojsiz olib o‘tish uchun nimalarga amal qilish kerak?

Endi chegaradan O‘zbekistonga kirishda tovarlarni bojsiz olib o‘tish uchun nimalarga amal qilish kerak?
Amaldagi tartiblarga muvofiq, jismoniy shaxslar ayrim turdagi tovarlarni istisno qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni mamlakatimizga boj to‘lovlarini to‘lamasdan olib kirishlari mumkinligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 iyundagi «Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni olib o‘tish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 463-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdor normalari tasdiqlangan edi.

Biroq, ayrim fuqarolarimiz bojxona to‘lovlaridan qochib, berilgan imtiyozdan tijorat maqsadida foydalanishga urinish holatlari ortib bordi, deb ma’lumot beradi Kun.uz’ga Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

Chunonchi, qo‘mita axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim shaxslar tovar olib o‘tish maqsadida boshqa fuqarolarni jalb etish, soddaroq aytganda, ma’lum bir haq evaziga ularni yollash yo‘liga o‘tishgan.

Oqibatda, tijorat maqsadidagi sifati kafolatlanmagan tovarlarni, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shni davlatlardan chegara bojxona postlari orqali tashib berishni o‘ziga kasb qilib olgan shaxslar qayta-qayta harakatlanishlari hisobiga chegara bojxona postlarida sun’iy ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan.

Misol uchun, fuqaro R.N. joriy yilning o‘tgan davrida 413 marotaba, M.Ye. 331 marta, S.U. 282 marotaba qo‘shni davlatlarga o‘tib qaytishgan. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Shuningdek, tez buziladigan va sovutgichlarda saqlashga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish sharoitlariga rioya etilmagan holda «tashmachilar» tomonidan tijorat maqsadida respublikamiz hududiga olib kirilishi, iste’molchilarning sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Bojxona organlari tomonidan shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida tijorat maqsadlari uchun tovarlarni yetkazish bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda.

O‘tgan davrda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda bojxona rasmiyatchiligi soddalashtirilganidan foydalanib, «tashmachilar» yordamida bojxona chegarasidan o‘tkazilgan 23,8 mlrd so‘mlik tovarlarni tijorat maqsadida ichki bozorga chiqarish bilan bog‘liq 1354 ta holatning oldi olinib, 1321 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish materiallari ko‘rib chiqish uchun ma’muriy sudlarga yuborildi, qo‘pol bojxona qonunchiligini buzilishi holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Masalan, fuqarolar D.R. va A.I. o‘zaro jinoiy til biriktirib, juda ko‘p miqdordagi bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash maqsadida, «tashmachilar» yordamida respublikamiz hududiga 193 mln so‘mlik «Alfa» o‘simlik yog‘larini olib o‘tishgani uchun ularga nisbatan JKning 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organlariga yuborilgan.

Bu respublika ichki bozoriga sifati kafolatlanmagan tovarlar kirib kelishi ortidan, nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy manfaatlari, balki yurtdoshlarimiz salomatligini ham ma’lum bir darajada xavf ostiga qo‘ya boshlagan.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 oktyabr kungi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasining avtoyo‘l (yo‘lovchi), temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona to‘lovlari undirilmaydigan ayrim tovarlarni olib o‘tishning miqdor normalariga o‘zgartirishlar kiritilgan.

O‘zgartirishlarga muvofiq, chegarani birinchi marotaba kesib o‘tayotganda ro‘yxatdagi 20 turdagi maishiy texnika buyumlari va ofis texnikalarini 6 kalendar oyida, har bir nomdagi tovardan esa 1 kalendar oyida 2 kg.gacha (bo‘linmaydigan tovarlar bundan mustasno) bojsiz olib kirishga ruxsat etildi. Ammo, ularning umumiy og‘irligi 10 kg.dan oshmasligi kerak.

Albatta, ushbu o‘zgartirishlar eng avvalo iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, ichki bozorga sifatsiz tovarlar kirib kelishini oldini olish, mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlarini inobatga olgan holda kiritilganini alohida qayd etib o‘tish joiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi chegaradan O‘zbekistonga kirishda tovarlarni bojsiz olib o‘tish uchun nimalarga amal qilish kerak?