12:30 / 28.10.2018
4 203

"Fleshmob" davom etadi. Endi 6 kishi tosh ko‘tarib turishdi

"Fleshmob" davom etadi. Endi 6 kishi tosh ko‘tarib turishdi
27 oktyabr kuni internetdagi bosh mavzu Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanida hokimlik amaldorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini oqsoqoli va ikki fermer ariqda tizzasigacha suvda turgani tasvirlangan surat bo‘ldi.

Keyinroq ushbu tuman hokimi Farhod Omonov hamda uning o‘rinbosari, suvga tushganlardan biri Sherzod Murodov voqeaga izoh berishdi. Tuman hokimi «fermerlar g‘allaga suv qo‘ymagani aniqlangani, o‘rinbosar esa ariqda suv borligini ko‘rsatish uchun suvga tushgani, qolganlar unga ergashgani» haqida gapirdi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ayni vaqtda Sherzod Murodov ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimaga tortilgan.

Xuddi shu surat ortidan ikkinchisi paydo bo‘ldi. Unda ham 6 kishi tasvirlangan. Qishloq xo‘jaligi sohasi ekani ko‘rinib turgan bu kishilar qo‘llarida katta-katta kesaklar ko‘tarib olishgan. Avvaliga ijtimoiy tarmoqda bu kishilar ham suvga tushgan odamlarning o‘zi ekani haqida chalkash ma’lumotlar tarqaldi.

Lekin bu suratdagilar boshqa odamlar va voqea Toshkent viloyatining boshqa tumanida ro‘y bergan.

«Kun.uz» manbasi ma’lum qilishicha, ikkinchi surat Bekobod tumanidagi g‘alla dalalaridan birida olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, yaxshi tayyorlanmagan maydonga bug‘doy ekilgani aniqlangan va mas’ullar shu maydondan topilgan ulkan kesaklarni ko‘tarib turishga majbur qilingan. Ular qancha vaqt katta kesaklarni ko‘tarib turishgani ma’lum emas (Oqqo‘rg‘ondagi 6 kishi suvda yarim soatdan ko‘proq qolgani aytilgandi, ammo ularning o‘zi suvda bir daqiqadan ortiq turmaganini bildirishmoqda).

Yuqoridagi ikki voqea ham bir kunda, 25 oktyabr kuni sodir bo‘lgan.

Manbaning tasdiqlashicha, bu voqealar O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayevning Toshkent viloyatiga safari davomida ro‘y bergan. Shu kunlarda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri, hozirda hukumatda Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamenti rahbari hisoblanuvchi Zoyir Toyirovich Mirzayev o‘ziga biriktirilgan Toshkent viloyatiga safarga chiqmoqda.

Har kuni 2018 yilgi paxta hosilini yig‘ib olish masalasida o‘tkazilayotgan hukumat yig‘ilishi so‘ngida g‘alla masalasi ham ko‘tarilgan, yig‘ilishga rahbarlik qilgan Zoyir Mirzayev barchaning diqqatini Bekoboddagi vaziyatga qaratgan, g‘alla maydonidan topilgan 6ta yirik kesak videoselektorda ishtirok etayotganlarga namoyish etilgan, ushbu holat uchun Bekobod tumani hokimi Ne’mat Abdullayevga (u sentyabr oyi oxirida tumanga yangi hokim etib tayinlangandi) tanbeh berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Fleshmob" davom etadi. Endi 6 kishi tosh ko‘tarib turishdi