18:05 / 29.10.2018
4 883

Bosh prokuratura: "Oqqo‘rg‘on voqeasi aybdorlari mansabidan qat’i nazar javobgarlikka tortiladi"

Bosh prokuratura: "Oqqo‘rg‘on voqeasi aybdorlari mansabidan qat’i nazar javobgarlikka tortiladi"
O‘zbekiston bosh prokuraturasi Oqqo‘rg‘on voqeasi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Bu haqda Turon24ga Bosh prokuraturaning matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova ma’lum qildi.

“Bosh prokuratura bu holatni tekshirmoqda, qat’iy aytishimiz mumkinki, bunday holatning yuzaga kelishida aybdor bo‘lgan shaxslar, mansabi va darajasidan qat’i nazar tegishlicha javobgarlikka tortilishi taminlanadi”, – deyiladi bayonotda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ust-boshini yechmasdan ariqqa tushib, tizza bo‘yi suvda turgan olti erkakning surati keng tarqalgan, keyinchalik voqea 25 oktyabr kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida ro‘y bergani, suratdagi olti kishi bug‘doy vaqtida sug‘orilmagani uchun jazolangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

O‘zbekistonliklar o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqea bo‘yicha Turon24 surishtiruv o‘tkazdi.

Oqqo‘rg‘on tumani hokimi Farhod Omonovning aytishicha, 25 oktyabrdagi voqea ikkita fermer xo‘jaligida g‘alla ekilganiga 15 kun bo‘lgani holda uning haligacha sug‘orilmagani sabab bo‘lgan. “Mana, suv bo‘la turib nima uchun sug‘ormading?” degan savolga javob bo‘lmagandan keyin qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha muovinim o‘zi suvga tushib ketgan. Suvga tushgandan keyin haligilarga: “Mana, suv bor-ku, nima uchun qo‘ymayapsan?” degan va “Tush buyoqqa!” deb ularniyam suvga tushirgan”, – deydi hokim. Farhod Omonovga ko‘ra bu hatti-harakati uchun prokuratura tomonidan Sherzod Murodov eng kam ish haqining besh barobari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Hokim o‘rinbosari Sherzod Murodov vakolatini suiiste’mol qilib odamlarni suvga tushishga majburlagani uchun emas, balki boshqa sababga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilganini aytib o‘tdi:

“Fermer xo‘jaligining olib borayotgan ishi vaqtida va yetarli darajada nazorat qilmaganimiz uchun, belgilangan muddatda agrotexnik tadbirlarni bajarmaganimiz, vaqtida sug‘orishni tashkil qilmaganimiz uchun mana shunaqa ma’muriy jazo berildi. Mendan tashqari tuman qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi bo‘limlarining boshliqlari ham ma’muriy javobgarlikka tortildi”.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan suratda aks etgan olti kishini bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev ariqda oqayotgan sovuq suv ichida yarim soat turishga majburlagan. Oqqo‘rg‘on hokimining o‘rinbosari Sherzod Murodov Turon24 bilan suhbatda uni hech kim bu ishga majburlamaganini, suvga o‘zi tushganini, qolganlar ham unga ergashganini, bu juda g‘alati ish bo‘lganini qayta-qayta ta’kidlagan. Oqqo‘rg‘on tumani hokimiga ko‘ra bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev o‘sha kuni suratga olingan joyda bo‘lmagan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarni kezib yurgan suratdagilardan biri – “Tolovul” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Isabekov boshqacha ma’lumotni aytgan. Uning ma’lum qilishicha, “o‘sha kuni Zoyir Toirovich(bosh vazir o‘rinbosari Zoyir Mirzayev nazarda tutilmoqda – Turon24)ning guruhi tekshiruvga kelgan". Biroq Zokir Isabekov nima uchun yoki kimning buyrug‘iga ko‘ra suvga tushgani, kim suratga olganini aytishni istamadi.

Suvga tushgan olti kishidan to‘rttasi – tuman suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Sharof Ahmedov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligi rahbari Rahmon Mavlonov, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ulom Husanov bilan gaplashishning imkoni bo‘lmagan.

Surishtiruv davomida voqea ishtirokchilari va mutasaddilar ariqda suv bo‘la turib g‘alla maydoni nega sug‘orilmagani yoxud bunga kimningdir to‘sqinlik qilganiga ham oydinlik kiritishmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura: "Oqqo‘rg‘on voqeasi aybdorlari mansabidan qat’i nazar javobgarlikka tortiladi"