06:13 / 30.10.2018
16 230

Jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan qizlar so‘roq qilinmoqda

Jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan qizlar so‘roq qilinmoqda
Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida ta’lim oluvchi qizlarning jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan besh nafari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan so‘roqqa olib ketilgan. Avvalroq kollej xodimlari o‘quvchi qizlarni zo‘rlashda gumonlanayotgani haqida xabar bergan edik

Direktor vazifasini bajarayotgan ayol o‘zini tanishtirmagan va Turon24 muxbiri savollariga javob bera olmasligini aytgan. Zangiotadan kelgan keksa onaxon nevarasining taqdiridan xavotirda ekanini bildirgan.

“Nevaram 9 oylik bo‘lganida kelinim uni menga tashlab ketib qoldi, – deydi kollejda joriy yilning aprel oyidan buyon tarbiyalanayotgan 15 yoshli qizning buvisi. – Uni o‘zim ulg‘aytirganim uchun mehrim bo‘lakcha. Har oyda ikki marta uni ko‘rgani Zangiotadan kelib-ketaman. Bunday xunuk ishlar boshlanganidan sentyabrning oxirida xabar topdim. Keyin yana 9 oktyabrda keldim. Nevaramdan: “Sen sog‘-omonmisan, senga hech kim teginmadimi”, deb so‘radim. U: “Yo‘q, buvi, odatda katta qizlarni olib chiqib ketishadi”, deya javob berdi. Nevaram hozirda 9-sinfda o‘qiydi, endi 15 yoshga to‘ldi”.

Toshkent shahrining Sergeli tumanidan kelgan Sveta ismli ayol kollejdagi qabul tartib o‘zgarganidan shikoyat qildi.

“Qizim 17 yoshda, bu yerda 11 oydan beri o‘qiyapti, – deydi u. – Avval soat nechada kelsak ham, qizlarimizni chaqirib berishardi. Uchrashuv xonasida bemalol o‘tirib, gaplashib, ovqatlanib chiqardik. Endi internetda har xil xabarlar tarqalgach, soat 14 dan keyin uchrashasizlar deyishyapti. Aytishlaricha, o‘sha vaqtda o‘qish tugar ekan. Qizim mendan nimanidir yashiryaptimi yo yo‘qmi, bilmadim. Telefonda suhbatlashganimizda ro‘y bergan hodisalar haqida indamadi. Men u bilan yuzma-yuz gaplashib olishim kerak”.

Kollej o‘qituvchilaridan biri haqiqatan bu yerda o‘quvchi qizlarga nisbatan jinsiy tajovuz holati ro‘y bergani, hamma pedagog va tarbiyachilarga tergov ishlari tugaguncha ishga chiqmaslik buyurilgani, boshqa kollejlardan o‘qituvchilar kelib, qizlarga dars berib ketayotganini tasdiqladi.

“O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham shu kollejda qorovul bo‘lib ishlaganmiz, – deydi hozirda ishga chiqmayotgan qorovul ayollardan biri. – Turmush o‘rtog‘im vafot etgach, meni uning o‘rniga ishga olishgan. O‘g‘lim shu yerda tarbiyachi bo‘lib ish boshlagan edi. Hozirda o‘g‘lim ham gumonlanuvchilar ro‘yxatida”.

Turon24 mazkur holat yuzasidan voqealarni kuzatishda davom etadi.

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan deb taxmin qilinayotgan qizlar so‘roq qilinmoqda