07:05 / 31.10.2018
4 631

Qoraqalpog‘istondagi XII asr yodgorligi yo‘q qilindi (foto)

Qoraqalpog‘istondagi XII asr yodgorligi yo‘q qilindi (foto)
Qoraqalpog‘iston o‘lkasi o‘rta asrlarga mansub noyob yodgorlikdan mahrum bo‘ldi. Restavratsiya niqobi ostida 12 asrda qurilgan Shamunabi maqbarasi mutlaq buzib tashlanib o‘rniga yangi bino qurildi, deb xabar qilmoqda Nuz.uz'ga tayanib "Sof" nashri.

O‘zbekiston poytaxti va yirik shaharlaridan ancha uzoqda joylashgan Qoraqalpog‘iston iqtisodiy jihatdan kambag‘al bo‘lsada, tarixiy yodgorliklarga juda boy. Qadimiy masjidu, maqabaralar, qal’a va qo‘rg‘onlar.

Ushbu yodgorliklarning aksariyati asrlar davomida ochiq osmon ostida, yozda jazirama quyosh va qishda qahraton sovuq va yog‘ingarchiliklarga dosh berib kelgan bo‘lsada, ayrim insonlar shafqatsizligi oldida ojizlik qilmoqda.

Muhim madaniy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklar qo‘pol va o‘zboshimchalik bilan qilingan ta’mirlash va restavratsiya oqibatida o‘z qiymatini yo‘qotmoqda. Tarixiy obidalar butunlay yangi binoga aylanmoqda.

Afsuski ana shunday voqealardan biri 12 asrda qurilgan Shamunabi maqbarasida ham sodir bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonlik tarix fanlari nomzodi, professional gid Oktyabr Dospanovning so‘zlariga ko‘ra ushbu yil yozda qadimiy yodgorlik butunlay yo‘q qilingan va uning o‘rnida yangi bino qurilgan.

“Bu 12 asrga taaluqli ajoyib mavzoley edi. Arxeologlar tomonidan u 1964 yilda Nukus yaqini Mizdaxan maqbarasini qazish ishlari vaqtida topilgan edi. U takrorlanmas shaklga ega bo‘lgan bino bo‘lib, uning yetti qubbasi va ularda o‘rnatilgan yetti darchasi bo‘lib, ularning barchasi Makka tomoniga qartilgan edi. Maqbaraning ichidagi qabrlar ossuariyga, kirish darvozasi esa o‘tov eshigiga o‘xshar edi. Ushbu yodgorlikda to‘rt buyuk madaniyat va to‘rt dinga xos bo‘lgan belgilarni ajoyib tarzda o‘zida mujassamlashgan edi: nasroniylik, islom, buddizm va zoroastrizm. Bu avlodlar uchun asrlar uzra qoldirilgan ajoyib falsafa va toqatlilik ramzi edi”, - deydi Dospanov.

Oldin ushbu maqbaraga turistlarni olib kelganimda ular qoyil qolib tahsinlar aytar edi. Endi bo‘lsa uning o‘rnida oddiy yangi qurilgan g‘isht bino turibdi xolos. Unda hech qanday tarix ham, siru-asror va afsona ham yo‘q. Endi hamkasabalarim bu yerga sayyohlarni olib kelishga uyaladi.

Yodgorlikni qayta qurish ishlari bir yil oldin boshlangan edi. Odamlar hech qanday restavratsiya bo‘lmasligini tushunib, mavzoley buzilishiga qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganda – bizga bir talay qog‘ozlarni ko‘rsatishdi. Ushbu ruxsatnomalar Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan edi.

Mahalliy aholi guvohligiga ko‘ra, Shamunabi maqbarasi buzilmasdan oldin juda yaxshi holatda bo‘lgan. Faqat qubbalarning ba’zilari ta’mirtalab holda bo‘lgan. Yodgorlik pishiq g‘ishtdan qurilgani sababli yana ming yil turishi mumkin bo‘lgan.

Oktyabr Dospanovning so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda yana bir necha yodgorliklar ana shunday uslubda “qayta ta’mirlangan”. Masalan Qizil-Qal’a qal’asi. Quyidagi fotosuratlarda uning restavratsiyadan oldingi va keyingi holatini ko‘rishingiz mumkin.

«Restavratsiya»dan keyingi Qizilqal’a.

«Restavratsiya»dan oldingi Qizilqal’a.
Muxbirning endi sayyohlarga ushbu joylar haqida nima aytib berayotgani haqidagi savolga, Dospanov uning ba’zi hamkasabalari yangi “yodgorliklarni” o‘z dasturlaridan chiqarib tashlaganlarini aytib berdi. Uning o‘zi bo‘lsa, ataylab chiqarmaganini va sayyohlarga bu yerda oldin qanday yodgorlik bo‘lganini va keyin nima bo‘lganini aytib berayotganini xabar qildi. Dospanov aytishiga qaraganda sayyohlar bundan taajubga tushmoqda.

Xo‘sh bunda kim aybdor? Yodgorliklar yer bilan yakson qilinganidan so‘ng nima qilish mumkin? Faqat aybdorlarni jazolash, qolganlarini saqlab qolishga e’tibor berish...

Ikkinchi tomondan O‘zbekistonda hozir tajribali restavratorlar ham qolmadi. Masalan, Shamunabi yodgorligini kecha arxitektura oliygohini bitirgan bola va quruvchilar brigadasi bajargan edi.

Achinarlisi shundaki, biz o‘ng qo‘limiz bilan katta-katta dam olish maskanlari va mehmonxonalar qurib, vizalarni bekor qilib turistlarni jalb etishga harakat qilayotgan bir vaqtda, chap qo‘limiz bilan, restavratsiya niqobi ostida, tarixiy yodgorliklarni yer bilan yakson qilmoqdamiz. Xudo ko‘rsatmasin ushbu qo‘l ertaga Registon, Ark yoki Tuproq-Qal’aga yetib borsachi?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoraqalpog‘istondagi XII asr yodgorligi yo‘q qilindi (foto)