19:54 / 31.10.2018
6 339

Samarqandda ayolni yechinishga majburlagan San’at Umarov sud qilinmoqda

Samarqandda ayolni yechinishga majburlagan San’at Umarov sud qilinmoqda
Bugun, 31 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Kattaqo‘rg‘on shahar IIBning sobiq xodimi San’at Umarov ustidan sud jarayoni boshlandi. Bu haqda «Kun.uz» nashri xabar bermoqda.

U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi «a» bandi, shuningdek, 241-moddada (Jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosida tezkor vakil San’at Umarov va boshqalar ayol kishini o‘g‘irlik qilganlikda ayblab haqorat qilgan va yechinishga majburlagandi. Umarov ushbu jarayonni videoga yozib olgan, tasvir keyinchalik internetda tarqalib ketgandi.

Bu hodisa ijtimoiy tarmoqda katta rezonans keltirib chiqardi. Internet saytlarida tanqidiy maqolalar nashr etildi, jamoatchilik vaziyat bo‘yicha munosabatini bildirib, inson huquqlari ta’minlanishini talab etdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 6 iyuldagi ajrimiga mufoviq ayblanuvchi San’at Umarovga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shundan so‘ng, ichki ishlar organlari safida «tozalash» ishlari olib borildi.

13 iyul kuni O‘zbekiston IIV rahbari Po‘lat Bobojonov Kattaqo‘rg‘on tumaniga bordi.

14 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov ishdan olindi. Vazirning tashrifi doirasida IIBning yana bir necha xodim ishdan bo‘shatildi, Kattaqo‘rg‘on IIBning barcha xodimlari attestatsiyadan o‘tkazilishi belgilandi.

Vazirning 19 iyulgacha davom etgan Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Bulung‘ur tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Sodiq Abduhakimovich Abduhakimov va Paxtachi tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Xayrullo Ubaydullayevich Abduhamidov ham egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda ayolni yechinishga majburlagan San’at Umarov sud qilinmoqda