03:53 / 01.11.2018
5 186

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st: Islom Karimov haqida

Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st: Islom Karimov haqida
Bir kun Islom aka rahmatli “Murod, men ba’zida qo‘rqib ketaman, hech kim menga e’tiroz bildirmaydi. Axir, men Xudo emasman-ku” deb qoldi. “Chekingizga tushgani shu, sizga hech kim rost gapirmaydi”, dedim. Balkim odam o‘zini o‘zi ko‘proq tergashi kerakdir. Dastlabki paytlarda u odamlarni eshita olardi.

Bir-ikki marta meni maqtamanglar, xushomad qilmanglar, tanqid qilinglar deb ham aytgandi. “Yo‘q, e’tiroz bildiramiz! Siz qilayotgan tarixiy ishlarga munosib baho berish kerak”, deb teskarisi qilindi. Tuppa-tuzuk odamni ham yo‘ldan uramiz.

O‘zbek xalqi asarlarda nega yuvosh qilib tasvirlanadi?

Hozir savodsizlik tantana qilayotgan davr. Saviya juda past. Koelo bilan Murakamini katta yozuvchi, deb aytishadi. Menimcha, buyuk yozuvchilar Markes bilan tugagan. Asarlarimizda odamlarimiz qo‘yday yuvosh bo‘lib qolgan. Zora, bizning yozganlarimiz dalada sepilgan o‘g‘itga aylansa, ya’ni go‘ngga o‘xshatib sepilsa, shu yerda yangi og‘ochlar, yangi gullar o‘sib chiqsa, bizning xatolarimizdan xulosa chiqargan avlod yetishib chiqsa. Baribir bu masalada optimistman. Biz qo‘yday yuvosh qilib tasvirlagan xalq aslida asov va chapani. U o‘z so‘zini baribir aytadi.

Vatanparvarlik haqida

O‘tish davrida yashagan odamlarning sho‘ri qursin, degan gap bor. Sizlarning avlodlaringizning chekiga shunday davr tushdi. Parokandalik boshlandi, qalayi-qalbaki daholar paydo bo‘ldi. Vatanparvarlikka ortiqcha urg‘u berib, hech keraksiz fanlarni kiritib tashladik. Ura-patriotizm avj oldi.

“Mustaqillik” so‘zini xor qilib tashlamaslik kerak. “Mustaqilligimiz” deb boshlashi bilan, demak, sen hali to‘liq mustaqil emassan, deb o‘ylayman. Nima keragi bor? So‘zning qadri yo‘qolib ketdi. Didsizlik rasmiy darajaga ko‘tarilgan, shiorlarga aylantirilgan. Hukumat, ya’ni hokimiyat o‘zining manfaatiga – g‘oyalariga moslab bayram o‘tkazishi mumkin, lekin buning uchun yarim yil tayyorgarlik ko‘rish kerak emas...

Odamning atrofida qarindosh-urug‘lar bo‘lmasa juda katta ishlar qilishi mumkin

Amaldor bo‘lib go‘ram qilganim yo‘q. Faqat vaqt ketgani qoldi. Yutqizganda yozuvchi yutqizdi (o‘zini aytyapti). Baribir odamga mansab yoqadi. Jiyanlarim biram ko‘payib ketgan. Qarindosh ko‘payadi, do‘stlar ko‘payadi. Ko‘tarish juda qiyin. Hamma seni talantlisan, deydi. O‘zimning talantli emasligimni bilardim-u, lekin yoqardi-da. Ishongim kelardi.

Siyosatchi Mahatma Gandiga o‘xshashi kerak. Bitta dovoti, bitta ruchkasi, lekin shippagi ikkita bo‘lgan! Yana bir “noto‘g‘ri” ishga yo‘l qo‘yganlar, Londonga borganda plashch kiyganlar. Chunki sovuq. Odamning atrofida qarindosh-urug‘lar bo‘lmasa juda katta ishlar qilishi mumkin. O‘shanda xalq ham ishonadi. Gandi manfaatlarni sidirib tashlab, o‘zini hindilarning ravnaqiga bag‘ishlagan Shaxs-da! U – ideal! Yetib bo‘lmaydi.

Manba: Turon24

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st: Islom Karimov haqida