08:26 / 03.11.2018
5 867

Prezident maktablarni maxsus avtobus bilan ta’minlashni topshirdi

Prezident maktablarni maxsus avtobus bilan ta’minlashni topshirdi
O‘zbekiston prezidenti 2019 yil 1 yanvargacha joylardagi maktab filiallarini asosiy maktabga aylantirish va maktab avtobuslari bilan tizimli ta’minlashni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, hududlar talabidan kelib chiqib, litsey va kollejlarning bo‘shagan binolari joriy yil oxiriga qadar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Shavkat Mirziyoyev 2 noyabr kuni xalq ta’limi tizimini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda mutasaddilarga shunday topshiriqlar bergan.

Prezident soha oldida yana ko‘plab vazifalar turgani, darsliklar ta’minoti, ta’lim dasturlari sifati, o‘qituvchilar bilim va malakasini oshirish, kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish, chet tillarni o‘qitish imkoniyatini kengaytirish borasidagi ishlar talab darajasida emasligini ta’kidlagan. Xalq ta’limi tizimida o‘quv jarayonini avtomatlashtirish, o‘quvchilarni maktabga qabul qilish va ko‘chirish xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish, davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy maktablar tashkil etish sust borayotganini aytgan.

1 sentyabrdan maktablarda faoliyat olib borayotgan 450 mingdan ziyod pedagog va rahbar xodimlarning maoshi oshirildi. Xalq ta’limi xodimlariga uy, yer, maishiy texnika, chorva va mashina sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi. Ular uchun maxsus davlat mukofoti ta’sis qilindi. O‘qituvchilarni boshqa ishlarga jalb etish, maktablarda asossiz tekshiruvlar o‘tkazish amaliyotiga chek qo‘yildi.

Ushbu sa’y-harakatlar natijasida xalq ta’limi tizimi joriy yilda 16 ming nafar oliy ma’lumotli yosh kadr bilan to‘ldirildi. Qariyb 13 ming nafar erkak o‘qituvchi maktablarga qaytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident maktablarni maxsus avtobus bilan ta’minlashni topshirdi