05:49 / 04.11.2018
8 608

Oddiy askar: «O‘zbekning kimligini ko‘rsatib qo‘ydim». Mayor tilini tishlab qoldi

Oddiy askar: «O‘zbekning kimligini ko‘rsatib qo‘ydim». Mayor tilini tishlab qoldi
Buyuk ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy: «Har bir millatning dunyoda borlig‘in ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur», degan edi.

Albatta, har bir millatning tili, dini, milliy urf-odatlari uning boy tarixidan so‘zlaydi, hayot tarziga bezak beradi. Buyuk ajdodlariga hurmat, avlodiga e’tiborli bo‘lishga undaydi. Yurt egasi bo‘lib, milliy g‘urur bilan bayrog‘ini baland ko‘taradi, madhiyasini baralla kuylaydi.

…Men 1984-1986 yillarda Germaniyaning Leypsig shahrida harbiy xizmatda bo‘lganman. Nemis tiliga qiziqqanim uchun rota komandiri muovini Nikolay Lapshinov til o‘rganishimga sharoit yaratib berdi.

1985 yil iyun oyi edi. Lonsig poligonida batalonning nazariy dala mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda edi. Kutilmaganda mahalliy aholidan bir kishi kelib jahl bilan gapira boshladi. Batalon komandiri mayor Skakalin bir eston askarga tarjima qilishni buyurdi. Uni nemis tilini biladi, deyishardi. Afsuski, eston tilni yaxshi bilmas ekan. Askar tanbeh oldi. Nemis esa tinmay «politsay», «panser» so‘zlarini takrorlardi.

Shunda rotamiz komandiri Aleksandr Pushkov meni tarjima qilishim uchun batalon komandiri mayor Skakalindan ruxsat so‘radi. Komandir esa, mening kimligimni, qayerdan ekanimni surishtirdi. Mening qayerdanligimni eshitgach, menga ishonchsizlik bilan tahqirlovchi gaplar aytdi. Bu gaplar og‘izning bir chetidan osongina chiqdi. Lekin meni yelkamga oyoq bilan tepgandek bo‘ldi. Boshqa millatlar oldida yurtimizni, millatimizni yerga urish, kamsitish bo‘ldi. U davrda e’tirozga o‘rin yo‘q... O‘n to‘qqiz yoshli o‘zbek askari buyruqni bajarishi kerak.

N.Lapshinov menga ishongani uchun mayor Skakalinni ko‘ndirdi. Chunki mendan boshqa hech kim til bilmas edi. Lekin mayor o‘zbek askarining tarjima qilishini tasavvur qilolmaganidanmi, menga olayib qarab, agar uddalay olmasam, qattiq chora ko‘rishni aytib ogohlantirdi.

Muloqot uchun nemisning oldiga yaqinroq bordim. Hammaning ko‘zi menda. Avval nemis bilan salomlashdim va shoshilmay gapirishni so‘radim. Aytishicha, bir tank uning mevazor bog‘iga kirgan, sabzavotlarini payhon qilgan, ikki soldat olma, giloslarni shoxi bilan sindirib olishgan. Nemis esa u askarlarni ko‘rinishini eslab qolgan, ularni topib, politsiyaga shikoyat qilmoqchi ekan. Shuning uchun askarlarni birma-bir ko‘rib chiqishini so‘radi.

Qiziq tomoni shundaki, nemis kishi mening O‘zbekistondan ekanimni bilgach, birdan marhum otasi sayyoh sifatida Toshkent, Samarqandga borganini, qovun ushlab rasmga tushganini quvonch bilan esladi. Muomalamiz yana ancha iliqlashdi. Suhbatimizga hamma havas bilan qarab turardi. Bu meni ruhlantirardi.

Bu holatni g‘ash olibmi, mayor menga tarjima qilishni buyurdi. Shunda milliy g‘ururim qo‘ymadi, oddiy ohangda: tarjima qilolmayman, ruschani yaxshi bilmayman, dedim. Harqalay, tarjima qilolsam-da, atayin ters turib oldim. Sababi, men ham bir gerdayib, o‘zbekning kimligini, hech kimdan kam emasligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim.

Bu katta mas’uliyatli ish edi. Hech ikkilanmay taklif bildirib, xizmatdoshim ruscha biladigan rota komsorgi andijonlik Hamid Zokirov yordam berishini va men nemischadan o‘zbekchaga, u esa o‘zbekchadan ruschaga tarjima qilishini so‘radim.

Mayor Skakalin jahli chiqsa-da, menga ishona boshladi va bajarishni buyurdi.

Hamid hayajonda edi. O‘zbekni bir ko‘rib qo‘yishsin deb, unga dalda berdim... Muammo hal bo‘ldi. Nemis men bilan xuddi qadrdonlardek quchoqlashib xayrlashdi...

Bilasizmi, bunaqa tarjima jarayonini ko‘rib «siyosiy bilimli» mayor tilini tishlab qoldi. Hozirgina u nazar-pisand qilmagan ikki o‘zbek askari nemis va rus tilining bilag‘oni sifatida o‘zlarini ko‘rsatib qo‘yishdi.

Nemischa gaplar o‘zbekchaga, o‘zbekchasi esa ruschaga aniq va lo‘nda qilib tarjima qilindi. Albatta, o‘zbek tili — ona tilimiz asosiy bog‘lovchi bo‘ldi. O‘shanda tanamga sig‘may g‘ururlanganman.

Mayor Skakalin aytgan gapidan uyaldi chog‘i, «endi sen bizning tarjimonimizsan» deb, rus va nemis tilini o‘rganishim uchun sharoit yaratib berdi. Zarurat bo‘lganda, xizmat oxirigacha nemislar bilan muloqotda tarjimonlik qildim.

Bu voqeani doim zavq va hayajon bilan eslayman, chunki o‘sha davrda o‘zbekning kimligini bilmaganlarga bildirib qo‘ygandik. U vaqtlarda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini, yurtimiz mustaqilligini hech kim tasavvur qilolmasdi.
G‘afurjon YO‘LDOShEV

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oddiy askar: «O‘zbekning kimligini ko‘rsatib qo‘ydim». Mayor tilini tishlab qoldi