Grinkard o‘ynashga ulgurdingizmi? Bor-yo‘g‘i uch kun qoldi

  • 4-11-2018, 07:30
  • 904
  • Jamiyat
  • Grinkard o‘ynashga ulgurdingizmi? Bor-yo‘g‘i uch kun qoldi
    AQSh hukumati har yili «Turli millatga mansub immigrantlar vizasi – DV» dasturi doirasida 50 mingta doimiy yashash huquqini beruvchi vizalar ajratadi.

    Uning ko‘rinishi yashil karta shaklida bo‘lgani uchun butun dunyoda, xususan O‘zbekistonda «Grinkard» (yashil karta) nomi bilan mashhur. Vizalar so‘nggi besh yil ichidagi AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari asosida olti mintaqaviy hudud orasida taqsimlanadi; bunda AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hududlarga ko‘proq viza miqdori belgilanadi. O‘zbekiston ham shunday hududlar sirasiga kiradi.

    Vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov lotereyasi yordamida saralanadi. Shaxsning ismi lotereyada tanlanishi unga immigratsion vizaga murojaat etish jarayonining keyingi bosqichlarini o‘tish imkoniyatini beradi.

    Lotereyada ishtirok etishning ilk sharti: vakillari dasturda qatnashishi mumkin bo‘lgan davlatlarda tug‘ilgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tishga haqli bo‘lishi mumkin. ​​Masalan, so‘nggi besh yil davomida bu davlatlarda tug‘ilgan umumiy soni 50 mingdan ortiq shaxs AQShga immigratsiya qilgani aniqlansa yoki AQSh tashqi siyosatiga ko‘ra taqiqqa uchragan mamlakat aholisi (o‘sha joyda tug‘ilganlar) Grinkard imkoniyatidan foydalana olmaydi.

    Nomzod eng kamida o‘rta ta’limni tamomlagan bo‘lishi yoxud so‘nggi besh yil davomida ikki yillik tayyorlov yoki tajriba talab qiluvchi faoliyatda ikki yillik ish tajribaga ega bo‘lishi so‘raladi.

    2018 yilda Grinkard dasturiga arizalar elektron shaklda http://www.dvlottery.state.gov veb-sahifasida 3 oktyabrdan 6 noyabrga qadar qabul qilinadi. Arizalarni qabul qilish Toshkent vaqti bilan 6 noyabr kuni soat 22:00 da tugaydi.

    Qonun ro‘yxatga olish davrida har bir shaxs tomonidan yoki uning nomidan faqat bitta ariza topshirilishiga ruxsat beradi. Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, tasdiqlov raqami yoki boshqacha qilib aytganda, Arizachi Maqomini Tekshirish Funksiyasi (Entrant Status Check)ga oid ma’lumotni chop etib yoki saqlab olishingiz zarur. Bu ma’lumotni zinhor tashlab yubormang! Birovga bermang! zero bu dastur natijasini tekshirib ko‘rishning yagona imkoniyati. Siz uchun kimdir arizani to‘ldirib bersa, albatta bu ma’lumotni talab qiling. Yo‘qsa, sizga yutuq chiqqan taqdirda tovlamachilik qilib, sizdan pul undirish harakatiga tushib qolishi mumkin.

    Dasturda imkoniyatga ega bo‘lgan nomzodlarning ro‘yxati rasman 2019 yilning 7 may kuni e’lon qilinadi.

    Davlat Departamenti bittadan ortiq kiritilgan arizalarni aniqlash uchun murakkab texnologiyalardan foydalanadi. Murojaatchining bittadan ortiq topshirgan arizalari dasturdan chetlatiladi.

    Eslab qoling: ariza ingliz tilida bexato to‘ldirilishi va ilova qilinayotgan fotosurat belgilangan talablarga javob berishi kerak. Aks holda ariza brak deb topiladi va lotereyadan olib tashlanadi.

    » » Grinkard o‘ynashga ulgurdingizmi? Bor-yo‘g‘i uch kun qoldi