03:30 / 05.11.2018
3 816

O‘zbekiston TIV Moskvada "Tolibon" bilan uchrashadi

O‘zbekiston TIV Moskvada "Tolibon" bilan uchrashadi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva shahrida "Tolibon" harakati vakillari bilan muzokaralar olib boradi.

Rossiya TIV xabariga ko‘ra, 2018 yil 9 noyabr kuni Moskvada Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari va maxsus vakillar darajasida Afg‘oniston bo‘yicha maslahatlashuvlarning Moskva shakli 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

"Bunday darajadagi xalqaro uchrashuvda ilk marta Dohadagi (Qatar) "Tolibon" harakatining siyosiy idorasi delegatsiyasi ham ishtirok etadi", deyiladi Rossiya TIV axborotida.

Yig‘ilishga O‘zbekiston, Afg‘oniston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSh taklif qilingan. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mazkur tadbirga mamlakat Tinchlik oliy kengashi delegatsiyasini yuborishga qaror qilgan.

O‘zbekiston rasmiylari 2018 yil 7-10 avgust kunlari "Tolibon" harakati bilan Toshkentda muzokara o‘tkazgan edi. Doha (Qatar) shahrida joylashgan "Tolibon" harakati siyosiy idorasi rahbari Sher Muhammad Abbas Stanikzay boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga kelgandi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi "uchrashuvda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonining istiqbollari yuzasidan fikr almashilgani" haqida qisqa ma’lumot berish bilan kifoyalangan.

Ushbu uchrashuvdan keyin "Tolibon" harakati Toshkentda o‘zining siyosiy vakilligini ochayotgani, bu orqali harakat O‘zbekiston bilan aloqalarni rivojlantirmoqchi bo‘layotgani haqida xabarlar bolalab ketgan edi.

"Bu masala muhokama qilinmaydi. Hech qanday ofis ochilmaydi", – degandi o‘shanda "RIA"ning O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbasi.

BMT Xavfsizlik kengashi "Tolibon" harakatini terrorchilik tashkiloti deb tan olgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston TIV Moskvada "Tolibon" bilan uchrashadi