Samarqandda hadis ilmi maktabi tashkil etildi

  • 6-11-2018, 14:12
  • 284
  • Jamiyat
  • Samarqandda hadis ilmi maktabi tashkil etildi
    Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga ko‘ra, mazkur yangi ta’lim muassasasi Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Xo‘ja Ismoil shaharchasida bunyod etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi binosida ish olib boradi.

    Hozirda yurtimizda faoliyat olib borayotgan oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida darslar umumiy yo‘nalishda olib boriladi. Shu bois, hadis ilmini o‘rgatishga ixtisoslashgan ta’lim yo‘nalishidagi ilm dargohiga ehtiyoj bor edi. Chunki buyuk muhaddislar yashab o‘tgan zaminimizda hadis ilmi bo‘yicha bilimdon, bobolar yo‘lini munosib davom ettiradigan mutaxassislarga talab yuqori.

    Islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda dinimiz asoslari va hadis ilmini puxta o‘zlashtirgan oliy ma’lymotli yetuk mutaxassislar tayyorlash maqsadida tashkil etilayotgan ushbu ta’lim dargohi ayni ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

    Hadis ilmi maktabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida oliy ta’lim beruvchi nodavlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.

    » » Samarqandda hadis ilmi maktabi tashkil etildi