18:50 / 06.11.2018
5 664

Korrupsiyasiz baxtli yashash mumkin(mi?)

Korrupsiyasiz baxtli yashash mumkin(mi?)
Jurnalist Furqat Alimardonovning fikricha, korrupsiyaga qarshi kurashishda pora taklif qilganlar yoki olganlarni javobgarlikka tortish samarasiz usuldir. Faqat oshkoralik, shaffoflik bilan korrupsiyaga qarshi samarali kurashish mumkin.

Ko‘p yillardan beri Daniya korrupsiya yo‘q mamlakatlar reytingida peshqadamlikni bermay keladi. Buni qarangki, fuqarolari o‘zini baxtli his etadigan davlatlar ro‘yxatida ham aynan Daniya birinchi o‘rinda turadi. Qizig‘-a?! Demak, qayerda korrupsiya, ya’ni chirkin manfaatlar-u yeng ichida ish bitirishlar bo‘lmasa o‘sha yerda odamlar o‘zini baxtli his etar ekan-da!

Ikki yil avval mahalladan ma’lumotnoma kerak bo‘lib qoldi. “Vaqtincha” yashaydigan mahallam idorasiga kirib bordim. Raisga muddaomni aytdim. Rais roppa-rosa bir soat menga arzini to‘kib soldi. Ya’ni, mahallada pul yo‘q, kamiga obunalar, hasharlar... Oxiri maqsadi aniq bo‘ldi. “Qirq ming tashlab ket", – dedi u qog‘ozga muhr bosarkan.

Ma’lumotnomani qo‘limga oldim. Keyin: "Aka, pulni-ku beraman, lekin men gazetada...”, – dedim kulib. Rais meni takalluf bilan kuzatib qo‘yarkan: “Uka, tag‘in boyagi gaplarni biron joyda aytib yurmang-a, bizgayam qiyin-da!”, – dedi...

Menimcha buning otini ham korrupsiya deyishadi. Men gazetada ishlashimni aytganim emas, raisning pul so‘ragani. Faqat bu eng kichik ko‘rinishi. Endi tasavvur qiling, odamga zarur bo‘ladigan qanchalab “katta-katta” hujjatlar bor. Masalan, diplom, ruxsatnoma, tavsiyanoma...

Bir tanish akam bor. Doim biron ishini bitirayotganda ishi tushgan odamning qo‘liga ortiqcha pul tutqazadi. O‘zi oliy ma’lumotli. Menga har safar halolligu poklikdan va’z o‘qiydi. “Aka, nimaga ortiqcha pul berayapsiz, busiz ham pulini to‘layapsiz-ku!”, – deyman qizishib.

“Ukam, uning ham bola-chaqasi bor. Ham ishimiz tez bitadi”, – deydi u. Keyin u o‘z fikrida, men o‘z fikrimda qolaveramiz. Men shunchaki xodim oylik maoshidan tashqari “tuhfalar"ni olishini istamayman. Ishni esa shusiz ham o‘z vaqtida, tez bajarib berishi kerak.

Xalq “qars ikki qo‘ldan chiqadi” deb bekorga aytmagan. Bergan ishi bitishi, olgan nafsi uchun oladi! Aybdor kim?

Bergan o‘g‘limni o‘qishga joylay, qizimni ishga joylay, uch-to‘rt so‘tix yer olay, farzandlarim ko‘chada qolmasin, kasalimga yaxshiroq qarasin, ishdan haydab yubormasin va hokazolarni vaj qiladi. Ha, aytgancha, oxirgi marta qachon katta bir ishingiz hadyasiz, katta tanishingizning qo‘ng‘irog‘isiz bitdi?!

Oxirgi paytlarda davlat organlari vakillariga pora taklif qilgani uchun turli darajadagi javobgarlikka tortilgan odamlar haqidagi xabarlarni ko‘p kuzatayapmiz. E’tiborli tomoni, ular huquqni muhofaza qilish xodimiga pora taklif qiladi, organ xodimi bunga rozilik beradi va xonasi yoki o‘ziga qulay joyda kelishilgan “narsa”ni olishini bildiradi. Buyog‘i o‘zingizga ma’lum.

Aniqlagan ma’lumotlarimizga ko‘ra, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni ochib bergani uchun organ xodimi ishxonasi tomonidan rag‘batlantiriladi. Mantiqan olib qaraganda organ xodimi o‘z vazifasini bajarayapti. Shunday ekan, uni rag‘batlantirishga nima hojat bor? Mayli, bu boshqa mavzu.

Masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, modomiki, biz korrupsiyaga qarshi kurashmoqchi ekanmiz, pora taklif qilgan har bir odamni jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortib chiqishimiz shartmi?! Agar shart bo‘lmasa, pora taklif qilingan organ xodimi taklif qiluvchiga: “Aka, bunday keling, menga taklif qilgan pulingizni o‘zingiz, oilangiz uchun ishlating. Ishingizning esa qonunan hal bo‘lishini talab qiling. Qarang, qanday ochiq zamonlar...”, – deyishi kerak. Boyagi “bechora” pora taklif qilgan to‘g‘ri tushunar. To‘g‘rimi? Nima dedingiz?!

“Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” degan shiorni o‘qib qoldim qayerdadir. To‘g‘ri gap. Lekin buni shior qilib osib qo‘yish shart emas. Negaki, odamlar har kuni “korrupsiya” degan so‘zni ko‘raverib unga ko‘zi o‘rganib qoladi va e’tibor bermay qo‘yadi.

O‘ylaymiz. Taraqqiyotning kushandasi korrupsiya ekan, korrupsiyaning kushandasi nima? Axir borliqdagi har nening o‘z kushandasi bor-ku! Ekspertlarning fikricha, oshkoralik korrupsiyaga qarshi kurashishda eng katta kuch. Demak, faqat oshkoralik korrupsiyani yo‘q qilishi mumkin.

Oshkoralik qayerda bo‘ladi, albatta demokratik davlatda. Mamlakatda demokratiya darajasi naqadar past bo‘lsa, korrupsiya darajasi shu qadar yuqori bo‘ladi. Demokratik davlatda hamma narsa oshkora bo‘ladi. Hamma sohalarga shaffoflik kirib boradi. Nihoyat, korrupsiya o‘zidan-o‘zi o‘ladi. Ammo xavotirli joyi shundaki, korrupsiyani ko‘p boshli ajdarga o‘xshatishadi.
Furqat Alimardonov

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyasiz baxtli yashash mumkin(mi?)