21:45 / 06.11.2018
4 133

Bekobodda kesak ko‘targanlardan biri ishdan ketdi, qolganlar OAV nigohidan panada

Bekobodda kesak ko‘targanlardan biri ishdan ketdi, qolganlar OAV nigohidan panada
Oqqo‘rg‘on tumanida ariq suviga tushgan olti kishi surati OAVga sizdirilgan bir paytda, ushbu holatga o‘xshash, ammo qo‘llarida kesak ko‘targan boshqa olti kishining surati ham tarqalgandi. «Kun.uz» bu voqea Bekobod tumanida yuz bergani, suratdagi shaxslar yaxshi tayyorlanmagan maydonga bug‘doy urug‘ini qadashga ruxsat bergani uchun shu ishga majbur qilingani haqida xabar bergandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular Bekobod tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi raisi, Toshkent viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i, Bekobod tuman hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Bekobod tumani Yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i hamda Bekobod tuman Suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘idir.

Muxbir kesak ko‘targan olti kishidan biri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq, u ham voqea tafsilotlarini to‘liq aytib berishdan o‘zini tiyib turdi.

«Men voqea joyiga sal kech qolib keldim. Ular kesakni nega ko‘tarib olganiga tushunmay, qatorga qo‘shildim. Men ham kesakni qo‘lga oldim», deydi u.

Suhbatdoshning ta’kidlashicha, «gap eshitib qolishdan qo‘rqib» u ham kesakni ko‘taravergan. Oqqo‘rg‘on tumanida suvga tushgan olti kishidan biri ham deyarli shu mazmundagi izohni bergandi. Shunga qaramay, voqea tafsilotlari bilan tanish bo‘lgan hokimiyat vakiliga ko‘ra, bu «yaxshi tayyorlanmagan maydonga bug‘doy urug‘ini qadalishi»ga yo‘l qo‘ygan mas’ullar uchun tayinlangan jazo bo‘ladi.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, Yer resurslari va kadastr bo‘limi boshlig‘i Abdulla Umarov ushbu voqeadan so‘ng o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shashga qaror qilgan. Umarov to‘satdan bunday qarorga kelganiga nima sabab bo‘lgan? Buni aniqlash uchun Abdulla Umarov bilan bog‘lanishga qilingan har qanday harakat besamar yakunlandi.

Nashr surishtiruviga ko‘ra, Bekobod tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘lim boshlig‘i o‘sha kuni uyga qaytmagan. Uning turmush o‘rtog‘i aytishicha, oradan ikki kun o‘tib tuman prokuraturasidan erining daragi chiqqan.

«Tuman prokuraturasidan qo‘ng‘iroq bo‘lib, erimning issiq kiyimlarini keltirishimizni so‘rashdi. Shundan so‘ng, biz uning qayerda ekanidan xabar topdik. Issiq ust-bosh berayotganimda erimning egnidagi kostyum tuproq aralash kir bo‘lib qolganidan shubhalandim. Keyinroq, internetda tarqagan surat orqali aslida nima bo‘lganini bilib oldim», deydi u.

Ayni paytda unga nisbatan JK 167-moddasi 3 qismi, 205- va 211-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, tergov davrida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Bekobod tuman prokurori o‘rinbosarining «Kun.uz»ga ma’lum qilishicha, unga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishi va «kesak ko‘tarish» o‘rtasida aloqadorlik yo‘q.

«Ushbu ish Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda. Qolaversa, tergov siriga oid ma’lumotlarni oshkor eta olmayman», deydi prokuror o‘rinbosari.

Kesak ko‘targan boshqa rahbarlar bamisoli qumga singgan tomchidek yo‘qolgan, ularni na ish joyidan, na uyidan topish mumkin. Masalan, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi raisi Ulug‘bek Xudoyberdiyev​ prokuraturada so‘roq qilinayotgani aytilsa, boshqasi «​muhim topshiriq bilan»​ ish joyini tark etgani bildiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bekobodda kesak ko‘targanlardan biri ishdan ketdi, qolganlar OAV nigohidan panada