Endi tug‘ilganlik haqida guvohnoma «bir darcha» orqali beriladi

  • 7-11-2018, 14:38
  • 1 004
  • Jamiyat
  • Endi tug‘ilganlik haqida guvohnoma «bir darcha» orqali beriladi
    Tug‘ilganlik haqida guvohnomani «bir darcha» tamoyili asosida olish imkoni yaratiladi. Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qilishicha, hozir mazkur xizmat avtomatlashtirish jarayonida bo‘lib, poytaxtdagi Davlat xizmatlari markazlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.

    Xizmat ko‘rsatish jarayonini modernizatsiya qilishda, birinchi navbatda byurokratik to‘siqlarning bartaraf etilishi va tezkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Endilikda yangi tug‘ilgan chaqaloqning ota-onasi yoki uning vasiysi bola tug‘ilganlik fakti haqidagi ma’lumotni tug‘ruqxonadan olish uchun, keyin bevosita FHDYodan guvohnomani olish uchun, so‘ngra bankda to‘lovni amalga oshirish uchun navbatda turishi shart emas.

    Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilib, amalga oshirilayotgan loyiha, Davlat xizmatlari markazlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlar bazalarining integratsiyasini nazarda tutmoqda. Bola tug‘ilgandan so‘ng, tug‘ruqxona yozuvlari maxsus tizimga kiritilib, ulardan markazlar xodimlari onlayn rejimda foydalana olishlari mumkin bo‘ladi.

    Tug‘ilganlik haqida guvohnomani olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish lozim bo‘ladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, plastik karta bo‘lgani holda «Click», «PayMe» va boshqa tizimlar orqali onlayn-to‘lovni amalga oshirish imkoni yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu tizimda korrupsiya holatlarini oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi.

    DXA kelgusi yildan mazkur xizmatni butun mamlakat bo‘ylab joriy etishni rejalashtirgan.

    Bu hali hammasi emas. Bugungi kunda poytaxtdagi davlat xizmatlari markazlari xodimlari guvohnomalarni yozma ravishda to‘ldirishdan asta-sekinlik bilan voz kechishyapti. Xo‘sh, bu odamlarga nimasi bilan qulay?

    Avvallari FHDYo organlari tomonidan bolaning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani to‘ldirganda xatolikka yo‘l qo‘yilsa, uni o‘zgartirish muammo edi. Chunki gerbli blanklar qat’iy javobgarlik hujjatlari bo‘lib, yozuv kiritilgandan so‘ng ularni o‘zgartirish mumkin emasdi. Kompyuter yordamida to‘ldirilganida esa, fuqaro yozuvlarning to‘g‘riligini monitorda tekshirib, ishonch hosil qilgandan keyingina qog‘ozda chop etiladi.

    2018 yildan boshlab fertil (ya’ni, bola tug‘ishi mumkin bo‘lgan) yoshdagi ayollarni hisobga olish va homiladorlikning erta bosqichidan chaqaloq tug‘ilguniga qadar nazoratni olib borishning avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab chiqish hamda uni «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimi bilan integratsiya qilish rejalashtirilgan. Mazkur tizim tug‘ilgan bolalarning qayd etilmasdan qolish holatlarining oldini olish, shuningdek bog‘chalarda kelgusida yaratish zarur bo‘lgan joylarni oldindan rejalashtirishga yordam beradi.

    » » Endi tug‘ilganlik haqida guvohnoma «bir darcha» orqali beriladi