21:20 / 07.11.2018
18 859

Alifbo islohoti xalqni savodsiz qiladimi?

Alifbo islohoti xalqni savodsiz qiladimi?
Lotin yozuviga asoslangan ŏzbek alifbosini isloh qiliş kun tartibiga çiqqanidan sŏng, juda kŏpçilik bu haqida ijobiy fikrlarini aytişni boşladi. Tŏğri, jarayonlarni hamma ham xuşçaqçaqlik bilan kutib olmadi, ular yozuvdagi ŏzgarişlarni joiz emas, deb hisoblaşadi va bŏlayotgan işlardan jiğibiyroni çiqib yurişibdi.

E'tiroz bildiruvçilarning asosiy argumentlaridan biri – xalqni savodsiz qilişning nima keragi bor! Axir şundoq ham kŏp bora alifbomiz ŏzgargani yetmaydimi?

Xŏş, rostdan alifbo islohoti natijasida xalq savodsiz bŏlib qoladimi? Uşbu voqealar qay darajada xavotirli?

Uşbu maqolada şu haqida bir-ikki oğiz suhbat quramiz.

Maqolaning dastlabki qismini atayin o‘zgarishi kutilayotgan alifbo bo‘yicha yozdim. Eng avvalo bir savolga javob beringchi: yuqoridagi matnni o‘qishga qiynaldingizmi? Yoki biror joyi Sizga tushunarsiz bo‘ldimi?

Hozir amalda bo‘lgan alifbomizdan xabari borlar uchun bu yozuvlar tushunarsiz bo‘lganiga shaxsan men ishonmayman.

Ha, bir narsani tan olib aytish kerakki, jamiyatda alifbolar almashuvi har doim ham oson kechmaydi. Bu, ayniqsa, turli avlod vakillari uchun qiyinchilik tug‘diradi. Masalan, o‘zimizdan misol olaylik. 1993 yildagi qonun bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi joriy etilgach, yillar o‘tib jamiyatda lotin yozuvini o‘qishni bilmaydigan katta avlod va kirill alifbosini tanimaydigan yosh avlod shakllandi. Xorijiy tilda emas, o‘z ona tilingda yozilgan yozuvni o‘qishga qiynalish xalq uchun noqulaylik tug‘dirishi shubhasiz, albatta.

Ammo bugungi kunda lotin alifbosiga kiritilayotgan o‘zgarishlar xalqni savodsiz qilishi haqidagi da’volarga qo‘shilib bo‘lmaydi.

Birinchidan, alifbo to‘liqligicha biridan boshqasiga almashib ketayotgani yo‘q. Shunchaki, 4 ta harfning shakliga juz’iy o‘zgarish kiritilmoqda, xolos. Buning natijasida xalq savodsiz bo‘lib qolmaydi.

Ikkinchidan, alifboga mazmunan o‘zgarishlar kiritilmadi, ya’ni harflar soni ko‘paymadi yoki kamaymadi, «J» harfi «S» shaklida yoziladigan bo‘lmadi, unlilar ikki-uch xil ko‘rinishga o‘zgartirilmadi va h.k.

Uchinchidan, o‘zgarayotgan harflar ham mutlaqo osmondan tushgan va xalq uchun begona harflar emas. «Ŏŏ» va «Ğğ» harflarining taklif etilayotgan yozma shakli barchaga yaxshi tanish, chunki yozuvda ushbu harflarni aynan shu ko‘rinishda yozamiz. «Şş» va «Çç» harflarini 1993 yildagi alifboni o‘rganganlar yaxshi eslashadi, keyingi avlodning aksariyat qismi ham bu harflarning «sh» va «ch» ekanligidan xabardor.

Shunga ko‘ra, alifboga kiritilayotgan o‘zgarishlar xalqni savodsiz qiladi, degan iddaolar yetarli asosga ega emas. Bu gaplarni o‘zgarishlarni uncha xushlamaydigan konservatorlarning beozor xarxashasi, deb qabul qilsak bo‘ladi, undan ortig‘i emas.

Vahima qiladigan joyi yŏq, işoning.
Xushnud Xudoyberdiyev,
huquqşunos, bloger

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Alifbo islohoti xalqni savodsiz qiladimi?