Vazirlik kirakashlik yoki ustachilik uchun patent joriy etilishi haqidagi xabarni rad etdi

  • 9-11-2018, 16:18
  • 658
  • Jamiyat
  • Vazirlik kirakashlik yoki ustachilik uchun patent joriy etilishi haqidagi xabarni rad etdi
    8 noyabr kuni internet nashrlarida xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlari singari faoliyat turlariga patent joriy etish rejalashtirilayotgani haqidagi ma’lumot tarqalgandi.

    Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rahbari Sherzod Kudbiyev shu vaqtgacha «soya»da bo‘lib kelgan ustachilik, mardikorchilik, kirakashlik, uy xizmatlari va shunga o‘xshash faoliyat turlariga patent joriy etish rejalashtirilayotgani xaqida ma’lum qilgani aytilgandi. Unga ko‘ra, patent narxi bir yilga eng kam ish haqining 4,5 barobari (8 noyabr holatiga ko‘ra — 912 285 so‘m) miqdorida bo‘lishi qayd etilgan.

    «O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shuni ma’lum qiladiki, mazkur xabarlar haqiqatga muvofiq emas va kontekstdan yulib olingan hisoblanadi.

    Ko‘rsatib o‘tilgan mehnat faoliyat turlariga patent joriy etilishi bugungi kunda qonuniy tashabbus hisoblanmaydi va bironta rasmiy hujjatda mavjud emas.

    Ayni paytda ushbu masala muhokama etilmoqda va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi doirasida o‘rganib chiqilmoqda.

    Qishloq joylaridagi norasmiy bandlik odatga ko‘ra dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng keng tarqalgan muammolardan biri sanaladi. Joriy yilning 30 aprelida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotga muvofiq, ayrim davlatlarda qishloq joylaridagi norasmiy bandlik 90 foizgacha borib yetadi.

    O‘zbekistonda mehnat bozorini o‘rganish bo‘yicha 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida o‘tkazilgan ishlar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda norasmiy bandlik sektorining ulushi 56 foizni tashkil etadi. Qishloq joylaridagi norasmiy yoki «soyadagi» bandlikning asosiy sohalari xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlari hisoblanadi.

    Biroq xususiy kirakashlik, kunlik to‘lanadigan ishlar va xususiy yollanadigan ta’mirlash-qurilish ishlarining ayrim joylarda to‘liq bandlik alternativi sanalishini hisobga olgan holda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi legallashuv chora-tadbirlaridan biri sifatida yiliga eng kam oylik ish haqining 4,5 barobari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga to‘lov qilinadigan patentni joriy etishni ko‘rib chiqmoqda.

    Bu turdagi patentni olish faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilgan bo‘lar edi.

    Ya’ni patentni ixtiyoriy ravishda olib, yiliga 912 285 so‘m (oyiga 76 023 so‘m) to‘lagan fuqaro to‘liq bandlik uchun beriladigan mehnat stajiga ega bo‘lishi mumkin.

    Bunday chora-tadbir yaxlit pensiya tizimi shakllanishiga qo‘shimcha fuqarolar sonini jalb etishga imkon bergan va kelgusida o‘sha fuqarolarning yosh bo‘yicha pensiya olishlarini ta’minlagan bo‘lar edi», deyiladi ma’lumotnomada.

    » » Vazirlik kirakashlik yoki ustachilik uchun patent joriy etilishi haqidagi xabarni rad etdi