Marg‘ilonlik nafsi hakalak otgan «hotamtoylar»

  • 10-11-2018, 00:17
  • 1 247
  • Jamiyat
  • Marg‘ilonlik nafsi hakalak otgan «hotamtoylar»
    Huquqni muhofaza qi­luvchi idoralar xodimlari Marg‘ilonda "hotamtoylik" borasida ko‘z ko‘rib qu­loq eshitmagan usul "kashf" etilganini aniqladilar.

    Gap Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jam­g‘armasi Marg‘ilon shahar bo‘limi boshlig‘i A.Rahmonov, avval bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari va keyinchalik bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan N.Mirzayev, pensiya va nafaqalar tayinlash guruhi rahbari F.Madaliyev, guruh mutaxassisi E.Yakubov, pensiya va nafaqalarni to‘lash ustidan monitoring guruhi bosh mutaxassisi O.Abdurahmonov, monitoring guruhi mutaxassislari B.Suyarov, M.Karimov, Yu.Vahobov, hisobchi yordamchisi S.Nuriddinov, bo‘­lim ish yurituvchisi B.Usmonov, elektron hisoblash mashinalari muhandisi B.Mirzaahmedov, "Agrobank"ning Marg‘ilon filiali plastik kartalar bilan ta’minlash bo‘limi mutaxassisi M.Olimov, "Xalq banki"ning Mar­g‘ilon filiali plas­tik kartalar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi O.Rahmonov, "Milliybank"ning Marg‘ilon filiali plastik kartalar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi A.Hakimov, shahar 6-aloqa bo‘limi boshlig‘i Sh. Qodirov va 1-aloqa bo‘limi xabarchisi N.Xolmatovdan iborat jinoiy guruhning qilmishlari haqida bormoqda.

    Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasi qa­rori bilan tasdiqlangan "Davlat pensiyalarini ta­yinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 171-bandi 1-xatboshisiga muvofiq, pensioner vafot etganda pensiya to‘lash to‘xtatiladi.

    Mazkur uyushgan jinoiy gu­ruh a’zolari esa, 2012 yil 1 maydan 2016 yil 1 sentyabrgacha bo‘lgan turli muddatlarda "Pensiya PK" elektron das­turiga sox­ta ma’lumotlarni kiritib, shu asosida to‘lov hujjatlarini tuzgan.

    So‘ng­ra muqaddam vafot etgan 220 nafar shaxsga bank plastik kartalari va aloqa bo‘limlari orqali 2 mil­liard 182 million 855 ming so‘m miqdorida pensiya to‘lovini amalga oshirgan.

    Bundan tashqari, jinoiy guruh a’­zolari yana "Pensiya PK" elektron dasturiga soxta ma’lumotlarni kiritib va to‘lov hujjatlarini tuzib, qayd etilgan manzilda yashamaydigan yoki familiyasi, ismi va tug‘ilgan yillari o‘z­gartilgan 142 nafar fuqaroga 1 milliard 674 million 350 ming so‘m pensiya to‘lovini bank plas­tik kartalari va aloqa bo‘limlari orqali amalga oshirgan. To‘g‘rirog‘i, mazkur mablag‘ni ham o‘zlashtirishgan.

    Ular yana hujjatlarni soxtalashtirgan holda, 2013 yilda Rossiya Federatsiya­siga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan uch nafar fuqaro nomiga jami 24 215 900 so‘m pensiya pullarini to‘lovga qaratib, bu mablag‘larni shaxsiy manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirishgan.

    Bu hali hammasi emas. Ular hujjatlarida xato va kamchiliklar borligi bois pensiyasi to‘xtatilgan 7 nafar fuqaroga ham pensiya to‘lashni davom ettirgan. Natijada 83 million 75 ming so‘m byudjet mablag‘i ularning hamyonlariga kelib tushgan.

    Bu ham yetmagandek, 2012 yil 1 sentyabrdan 2015 yil 1 yanvargacha bo‘lgan vaqt mobaynida aslida ish joyidan pensiya to‘lanayotgan 48 nafar fuqaroga bo‘lim tomonidan ham 238 million 321 million so‘m miqdorida pensiya to‘lanishiga erishganlar. Bu pullarni bank plastik kartochkalariga tushirib, so‘ng o‘z ehtiyojlari yo‘lida sarflashgan.

    2015 yil 18 fevralda A. Rahmonov yoshga doir pensiyaga chiqadi. Uning o‘rinbosari N.Mirzayev bo‘lim boshlig‘i etib tayinlanadi va u ham sobiq boshlig‘ining qilmishlarini ortig‘i bilan davom ettiradi.

    Bu kirdikorlar yuzasidan Ji­noyat­ kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v”, “g” bandlari, 209-moddasi 2-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘z­­g‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mar­g‘ilon shahar sudi har bir aybdorga qilmishiga yarasha qonuniy jazo tayinladi.

    Tergov jarayonida jinoyatchilar tomonidan davlat byudjetiga yetkazilgan zarar qisman qoplandi. Shu bois sud hukmida moddiy zararning qolgan qis­mi ulardan solidar tartibda undiri­lishi belgilandi.

    Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: Mar­g‘ilonda naqd to‘rt yil mobaynida shuncha talon-torojliklar sodir etiladi-yu, nahotki buni Moliya vazirligining Farg‘ona viloyati nazorat-taftish bosh­qarmasi yoki Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari bilishmagan?!.

    Vaholanki, taftishchilar tomonidan byudjet mablag‘larining maqsadli sarf­lanishi har yili o‘rganilib, tekshirilib boriladi-ku.

    Shuning uchun sud har ikkala bosh­qar­maning aybdor mas’ul xodimlari ham­da sud tergovi jarayonida aniqlangan holatlar bo‘yicha yana bir qator shaxslarning javobgarlik masalasini hal qilish yuzasidan xususiy ajrim chiqarib, Farg‘ona viloyat prokuraturasiga yubordi.

    Prokuratura organlari tomonidan olib borilgan qo‘shimcha tergov-surishtiruv harakatlari natijasida esa, jinoiy guruhdagi yana 8 nafar shaxs — bo‘­limning pensiya va nafaqalarni ta­yin­lash guruhi mutaxassislari O.Madaminova, X.Abdullayev, N.Ahmadjonov, G‘. Akbarov, pensiya va nafaqalar to‘lanishi ustidan monitoring guruhi mutaxassislari M.Yusupxodjayev, U.Qodirov, shahardagi 7-aloqa bo‘limi xabarchisi X.Shokirov, AT "Qishloqqurilishbank"ning Marg‘ilon filiali plastik kartalar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi A.Hoshimovlar bilan "hamkor­lik"­da sodir etgan qilmishlari fosh etildi.

    Jum­la­dan, marg‘ilonlik "ho­tamtoylar" aslida mavjud bo‘lmagan fuqarolarga, ya’ni A.So‘pijonovga 24 516 410 so‘m, M.Alimovga 23 977 841 so‘m, M.Javlonovga 18 928 722 so‘m, A.Hakimjonovga 18 201 739 so‘m, T.Mirzayevaga 16 538 064 so‘m "pensiya berishgan". Ularning "saxiyligi" tufayli jazoni ijro etish muassasasida jazo o‘tayotgan A.Tohirov va J.Basapoqulovlar ham 2016 yilning may-sentyabr oylarida 3 617 170 so‘m pensiya olishga "ulgurgan".

    Aybdorlar avvalgi tekshirishda aniqlanmagan yana 700 million 152 ming so‘m byudjet mablag‘ini tuya qilgani, jami o‘zlashtirilib, talon-toroj qilingan mablag‘ qariyb 5 milliard so‘m ekanligi ayon bo‘ldi. Oqibatda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishlari bo‘­yicha Farg‘ona viloyat sudi tomonidan qonuniy ja­zo tayinlandi.

    Shu tarzda na qonundan, na o‘zgalarning haqidan qo‘rqqan bir guruh uyushgan jinoiy sheriklarning qabih faoliyatiga chek qo‘yildi.
    Mansurjon IBRAGIMOV,
    jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining raisi

    » » Marg‘ilonlik nafsi hakalak otgan «hotamtoylar»