Matbuotmi yoki gumma?

  • 10-11-2018, 03:25
  • 813
  • Jamiyat
  • Matbuotmi yoki gumma?
    Blogerlarimizu turli saytlarda ishlayotgan hamkasblarimizning obuna mashmashalari, davriy nashrlarning davri allaqachon o‘tib bo‘lgani xususidagi chiqishlari urchigandan-urchib turgan bir paytda bu mavzuni qalamga olish ularning andak jig‘iga tegishi tabiiy. Ammo, kaltakning ikkinchi uchini ham unutmaylik...

    «Matbuot tarqatuvchi» aksiyadorlik kompaniyasining savdo bo‘yicha direktori Davron Safarov bilan suhbatimizda bu sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yig‘ilib qolgan muammolar va ularning yechimlarini ochiqlashga harakat qildik.

    Foto: «Xabar.uz»

    Kompaniya balki 20 yil oldingi talablarga qaysidir ma’noda javob berar, lekin bugungi zamon talablaridan biroz orqadaligimizni ham ochiq tan olishimiz kerak.


    — Davron Safarovich, «Matbuot tarqatuvchi» aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganiga ham salkam 20 yil bo‘lib qoldi. Bu oz muddat emas, albatta. Shu davr mobaynida kompaniya o‘z vazifasini nechog‘liq bajara oldi?

    — Darhaqiqat, kelgusi yilda «Matbuot tarqatuvchi» aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etilganiga 20 yil to‘ladi. Kompaniya Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 13 sentyabrdagi qarori asosida ikkita korxona negizida tashkil etilgan.

    «Matbuot tarqatuvchi» AKning faoliyatida gurkiragan davri ham, turg‘un davrlari ham bo‘lgan. Umuman olganda, kompaniya balki 20 yil oldingi talablarga qaysidir ma’noda javob berar, lekin bugungi zamon talablaridan biroz orqadaligimizni ham ochiq tan olishimiz kerak. To‘g‘ri, tizim yaratilgan, ish jarayonida foydalanish uchun maxsus dasturlar bor, matbuot mahsulotlarini tarqatish tarmog‘ida 1,3 mingdan ortiq xodim band, jiddiy texnologik baza yaratilgan, ombor va mahsulotlarni tashish, saralash birlashmalari, IT-ta’minoti, mahsulotlarni yetkazib berish hamda bir qator xizmatlar yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniyaning davriy nashrlarni tarqatish xizmatlarini taqdim etish sohasidagi sifat menejmenti tizimi ISO 9001:2015 sertifikati xalqaro standartlarga javob beradi. Va hokazo-hokazolar. Har qanday harakat o‘z yo‘liga, lekin ochiq tan olish kerak, bugungi mushtariyga munosib va sifatli xizmat ko‘rsatishga erisha olganimiz yo‘q hali.

    — Kompaniyaning normativ-huquqiy bazasini davr talabiga moslashtirish borasidagi fikringiz qanday?

    — Sohaga doir tasdiqlangan hujjatga deyarli 20 yil to‘ldi. Orada qanchadan-qancha o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. Yangi tarmoqlar vujudga keldi. Albatta, yangi huquqiy hujjatga ehtiyoj bor. Bu hujjat qanday bo‘lishi kerak? U xalqaro tajriba puxta o‘rgangan holda bo‘lishi lozim, faqatgina tarqatish sohasi bilan cheklanmasdan, nazarimda, noshirlik sohasi bilan qat’iy bog‘langan holda mukammal hujjat tayyorlanmog‘i kerak, deb o‘ylayman. Gazeta va jurnallarning taqdiri tahririyatning «nafas olishi»ga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, «Matbuot tarqatuvchi» AKning ham taqdiriga shunchalik ta’sir kuchiga ega. Bu borada barcha tahririyatlarni birga, bir davra atrofida yig‘ilib, xalqchil tilda aytganda, do‘ppini boshdan olib mulohaza bilan hamjihatlikda ishlashga chorlayman. Sohada yig‘ilib qolgan masalalarni birma-bir muhokama qilib olardik. Bu borada bizda me’yoriy hujjat loyihasi tayyorlangan, muhokamalar asosida tuzatishlar kiritib, hukumatga tavsiya etsak bo‘lardi.

    Aslida biz bilan siz birgalikda mushtariyga sifatli xizmat qilishimiz kerak.


    — 2019 yil uchun obuna mavsumini tahririyatlarga ma’qul keladigan qanday «yarq» etgan yangilik bilan boshladingiz?

    — Qiziq savol bo‘ldi. Nima uchun tahririyatlarga «yarq» etadigan? Obunachiga emas? Aslida biz bilan siz birgalikda mushtariyga sifatli xizmat qilishimiz kerak. Tahririyat informatsiyani topib, zarur hollarda jurnalistik surishtiruvi yoki o‘rganishlar olib borib material tayyorlab nashrni chop etsa, biz shuncha zahmatli mehnat bilan chiqqan nashrni obunachiga o‘z vaqtida yetkazishimiz kerak. Aynan o‘z vaqtida yetkazish borasida bu yil birinchi marotaba sinov tariqasida nashrlarni tashuvchi mashinalarga GPS nazoratini qo‘llash yo‘lga qo‘yilmoqda.

    Umuman olganda, Toshkent shahrida nashrlar erta tongdan o‘z manziliga yetkaziladi, hozircha 2018 yil hisobidan obunachilardan shikoyatlar tushmadi. Biroq, chakana savdoda gazetalarning kech yetkazilishi bo‘yicha 233-70-70, 233-78-62 raqamli ishonch telefonlarimizga bir necha murojaatlar bo‘ldi. Ba’zida turli sabablarga ko‘ra, masalan, bosmaxonadan nashrlar kech chiqishi sababli ham matbuot do‘konlariga nashr kechroq borishi mumkin. Lekin, har qanday holatda bizning ekspeditorlarimiz nashr chiqishini kutadi, qabul qilib olingach nashr saralanib, o‘sha kuniyoq kioskaga yetkazadi. Saralovchilarimiz asosan kechasi ishlashadi, ertalabki soat 6:30 lar atrofida mashinalar tarqatishga chiqadi. Har bir matbuot do‘koniga ko‘pi bilan 3,5 daqiqagacha to‘xtashga ruxsat berganmiz. Ushbu vaqt davomida ekspeditorlarimiz «nakladnoy» asosida nashrlarni topshirishi, vedemost asosida savdo pulini qabul qilib olishi lozim.

    Tahririyat va tarqatuvchi birgalikda deyarli bitta bir «butun ishni» amalga oshirsa-da ikkalasi ikki qutbda sarsongarchilikda yurarkan.


    — Davriy nashrlarning obunachilar qo‘liga vaqtida (yoki umuman) yetib bormasligi ancha eski muammolardan sanaladi. Mushtariylar tahririyatlarni ayblaydi, tahririyatlar esa sizlarga iddao qilishadi. Bu muammoning yechimi bormi o‘zi?

    — Nazarimda suhbatimizning eng og‘riqli va dolzarb qismiga keldik. Ikki tomonning bir-biriga ayblov yoki iddao qilishiga sabab yaqindan hamkorlik qilmasligi, deb o‘ylayman. Bir yil oldin, garchi boshqa sohada ishlasam-da, men ham jurnalist sifatida xuddi tahririyatlardek pozitsiyada edim. Ya’ni, o‘quvchining kamayishiga ham, nashrlar narxining qimmatlashishiga ham, obunachiga o‘z vaqtida yetib bormasligiga ham tarqatuvchilar aybdor, deb hisoblardim. Aslida sohaning ich-ichiga kirib borsangiz juda ko‘p omillar borligiga guvoh bo‘larkansiz. Tahririyat va tarqatuvchi birgalikda deyarli bitta bir «butun ishni» amalga oshirsa-da ikkalasi ikki qutbda sarsongarchilikda yurarkan, degan xulosa keldim. Bog‘liq muammolarimiz juda ko‘p bo‘lsa-da, birga o‘tirib yechim ishlab chiqish o‘rniga har kim o‘zicha yechim qidirishga urinmoqda. Birgina tarqatish borasidagi (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 13 sentyabrdagi 418-qarori) hujjatga ham deyarli 20 yil bo‘libdi. Savol tug‘iladi: ushbu hujjat qanchalik bugungi kun talabini qanoatlantiradi, qolaversa, o‘sha mavjud qarorga ham qanchalik amal qilinmoqda? Bugun boru ertaga yo‘q «tarqatuvchi korchalonlar»ning erkin faoliyat olib borishlariga, natijada qanchadan-qancha obunachilarning ishonchini yo‘qotayotganligimizga ham asosiy sabab bir stol atrofida yig‘ilib, hamkorlik qilmaslikdan degan fikrdaman.

    Tarqatuvchidan yoki tahririyatdan bir bor ko‘ngli sovigan mushtariyni yana gazetxonlikka qaytarish qanchalik qiyin bo‘lishini hammamiz yaxshi bilamiz. Yana takror aytaman, sohani to‘liq qamrab olgan mukammal qaror loyihasini tayyorlab hukumatga taqdim etishimiz kerak. Ushbu hujjatda nashr qilishdan tortib tarqatishgacha bo‘lgan jarayon to‘liq aks etishi lozim. Bu bilan litsenziyalash, tarqatuvchiga talablarni ko‘paytirish kerak demoqchimasman, mas’uliyatni oshirish, tizimli tarmoqqa yanada kengroq sharoit yaratib shaffoflashtirishimiz, bu borada xorij tajribasini ham puxta o‘rganishimiz kerak. Hozir bitta nshr bir necha tashkilot qo‘lidan o‘tib bitta mahsulot (nashr)dan bir necha bor soliq to‘lanmoqda. Umuman, bu borada o‘rganishlar, izlanishlar va hatto xomaki qaror loyihalari, boshqa loyihalar ham tayyorlangan, biroq uni mukammallashtirish uchun, yanada hayotiylashtirish uchun hamjihatlikda ishlash bugungi zamon talabi.

    — Xususiy matbuot tarqatuvchilar ham ko‘payib qolgan. Ularning ishiga qanday baho berasiz? O‘zaro raqobatda qanday ustunliklar yoki zaifliklarga egasizlar?

    — Bu borada yuqorida biroz to‘xtalib o‘tdim. Agar sog‘lom raqobat bo‘lsa faqatgina xursand bo‘lamiz. Negaki, raqobat bo‘lmasa — rivojlanish bo‘lmaydi, boqimanda kayfiyat paydo bo‘ladi. Lekin, nosog‘lom raqobat har doim muammolar keltirgan. Aytaylik, arzon obuna tashkil etaman deb obunachi pulini olsa-yu bir ikki oy oborib ko‘rinmay qolsa yoki yetkazish qulayroq tuman-shahar markazlarida obuna tashkil etib, uzoq qishloqlardagi obunani bizga o‘xshagan tashkilotlarga «ilinsa» bu ham nosog‘lom raqobat ko‘rinishidir. Aytganimdek, bu ham islohotga ehtiyojmand soha.

    — Kompaniyaning davriy nashrlarni egalariga yetkazib berish uchun moddiy-texnik bazasi qay holatda? Viloyatlardagi sho‘’ba korxonalar faoliyati sizni qoniqtiradimi?

    — Toshkent shahrida tarqatishda biroz kamchiliklar bo‘lsa-da, anchagina tizimga solingan, lekin viloyatlarning muammosi jiddiy. Boshqaruvni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, ishni risoladagidek tashkil etgan viloyat sho‘’ba korxonalarimiz, MChJlarimiz ham yo‘q emas, biroq hamma joyda ham ish birday emas. Kamchiliklar, xatoliklar bo‘yicha ishlayapmiz, to‘g‘ri yo‘ldan yurishni xohlamaydiganlarga huquqiy chora ko‘rish borasida murojaat qilishimizga majbur bo‘lgan holatlarimiz ham bor. Obunachini rozi qilib ishlash darajasiga erishish uchun hali oldimizda ancha ishlar bor.

    Kanada, AQSh va boshqa bir qator davlatlarda nashrlar asosan obuna orqali yetkaziladi.


    — Gazeta va jurnallarga obunachilarning ko‘payishi albatta ularning tannarxiga bevosita bog‘liq. Tahririyatlar doim sizlarni nashrlar bahosini oshirib yuborishda ayblashadi. Bu bahsni qanday izohlaysiz? Yuqoridagi savolimda «tahririyatlar uchun «yarq» etgan yangilik»ni so‘raganimda shuni nazarda tutgandim.

    — Bu borada dunyo tajribasini ham o‘rganib ko‘raylik. Masalan, Kanada, AQSh va boshqa bir qator davlatlarda nashrlar asosan obuna orqali yetkazilarkan. Nashrning 55-60 foiz tannarxi logistika (tarqatuvchi) xarajatlari. Germaniya, Buyuk Britaniya va aksar Yevropa davlatlarida nashrni manzilga yetkazish xarajati qimmatligi sababli obuna kam hollarda qilinib, nashrlar asosan chakana savdo orqali tarqatilarkan.

    Endi uzoqqa bormaylik, yaqin qo‘shnilarimizda ham shu holat, obuna soni keskin tushib ketyapti. Biz ham yonilg‘i-moylash materiallari qimmatlashganda yoki shunga o‘xshash hollarda narxlar oshib ketishidan cho‘chib turamiz. Negaki, obunachiga yilning o‘rtasida, narxlar oshdi, deya olmaymiz, foydami-zararmi farqi yo‘q — obunachiga o‘sha eski narxda yetkazamiz. Umuman, tahririyat narxi qancha bo‘lsa unga foiz hisobida ustama qo‘yiladi. Yildan-yilga foizlar tushirib kelingan, hozirda minimal holatga keltirilgan, bundan ortiq foiz tushirilishi xarajatlarni hech qanaqasiga qoplamaydi.

    — Poytaxtda davriy nashrlar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi 150 ta kiosk bor ekan. Bu raqam oshxona va dorixonalar soni soyasida qolib ketadi-ku?!

    — Albatta, bu poytaxt aholisi uchun yetarli emas. Lekin, yangi joyga bitta kiosk o‘rnatish ham oson emas, u joyga ruxsat olish uchun anchagina harakat qilish lozim. Qolaversa, o‘rnatilgan joyning rentabelligi ham hisobga olinishi kerak. Ba’zi joylarda odam ko‘p, lekin gazetxon kam. Masalan, «Chilonzor buyum bozori»da odam gavjum, ammo gazeta kam sotiladi, chunki bu bozorga odamlar boshqa xaridlar uchun borishadi-da. Ochig‘i, kiosklarning oxirgi modeli 3-4 yil oldin qurilgan. To‘g‘ri, hali unchalik eskimasdir, lekin zamonaviy shaharsozlik talablari juda tez ortmoqda, biz ham ko‘p funksiyali zamonaviy kiosklarni o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Albatta, bu, o‘z navbatida, mablag‘ va vaqt talab etadi.

    Savdoning oltin qoidasi bu muomala madaniyati, savdoning har qanday turida amal qilinishining isboti bu. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, kadrlar borasida ham masalalar ko‘pgina.


    — Bugun davriy nashrlarning davri o‘tdimi? Bu savol tegrasidagi bahs boshlanganiga ancha bo‘ldi? Ham tajribali jurnalist, ham matbuot tarqatuvchi mutaxassis sifatida bu savolga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

    — Bu savol keyingi paytlarda juda ko‘p yangramoqda. Xuddi televideniye paydo bo‘lganida radioning umri qisqardi, degandek. Aksincha, radio oxirgi 20-30 yilda rivojlanishning yangi bosqichiga chiqdi deyishimiz mumkin. Gazetaning ham, kitobning ham inson hayotida o‘z o‘rni bor. Shu savol meni juda ko‘p bora o‘ylantirgani uchun ham o‘tgan yili ushbu dargohda ish boshlaganimning ilk davridayoq kiosk sotuvchilari orasida gazetxonlarning yoshi, xaridorgir nashrlarning turi borasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Yil oxiriga borib yana bir bor so‘rovnoma o‘tkazdik. Umumiy gazetxonlarning 60-65 foizini 45 yoshdan katta bo‘lgan gazetxonlar tashkil etdi. Yil boshidagi gazetxonlarning umumiy sonini qaraganimizda, yil oxirida 1,5-1,8 foiz kamayish kuzatildi.

    Lekin, ijtimoiy siyosiy nashrlarga nisbatan talab yoshlar orasida ham, katta yosh vakillari orasida ham ortganligiga guvoh bo‘lindi. Umuman, mushtariylar safini oshirish borasida tajribali kiosk sotuvchilari oldiga borib, tez-tez maslahat olib turaman, 49 yildan buyon kiosk sotuvchisi bo‘lib ishlayotgan oliy ma’lumotli kioskirlarimiz ham bor, avloddan avlodga farzandlari kiosk sotuvchisi bo‘lib ishlayotgan, hatto 3-4 avlod bo‘lib kioskda ishlayotgan kiosk sotuvchilarimiz bor, hayotini gazetasiz tasavvur qilolmaydigan, har hafta imkon doirasida gazetalarni o‘qib chiqadigan xodimlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular bilan doim maslahatlashamiz, fikr almashamiz. Har dushanba kuni kiosk sotuvchilari bilan yig‘ilish o‘tkazilib, gazetalar sotilishini tahlil qilamiz, mushtariylar e’tirozi bo‘lsa, o‘rganib tahririyatlarga yetkazamiz.

    Yig‘ilishlarimizga tahririyatlar vakillarini chaqirib fikr almashiladi. Bularning barchasi gazetxonlarni saqlab qolish maqsadida qilinayotgan ishlar. Imkon qadar har bir kiosk bilan individual ishlashga harakat qilinadi. Yaqinda shahar markazidagi kioskimizda savdo hajmi tushib ketdi, keyin ushbu xodimni olib boshqa joyga qo‘ydik va yosh kollej bitiruvchisini o‘sha kioskkaga ishga qo‘ydik, bilasizmi, yoz fasli bo‘lsa-da (yoz bizda savdo tushib ketadigan davr hisoblanadi) savdo hajmi ilgarigi davrga nisbatan 2,5 barobar ko‘tarildi. Savdoning oltin qoidasi bu muomala madaniyati, savdoning har qanday turida amal qilinishining isboti bu. Sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, kadrlar borasida ham masalalar ko‘pgina.

    Jamiyatimizda juda ko‘plab soha o‘zining yangilanish davrini boshlaganidek, jurnalistikamizda ham yangi bir davrni kuzatish mumkin. Bu shunaqa bir davrki qalam ahliga ishtiyoq beradi. Haqiqatan ham qalam zehnini ko‘rsatsa bo‘ladigan bir davr, deb o‘ylayman. Jurnalistikamiz tarixini, aytaylik, jadidchilik davridan deb oladigan bo‘lsak, keyingi 70 yillik tuzumda ham, undan keyingi davrda ham hozirgidek sharoit bo‘lmagan. Albatta, shunday imkoniyat bor ekan, barcha jurnalistlarimizga xolis axborot berishdagi mas’uliyatli va sharafli xizmatlarida sog‘liq, omonlik, ijodiy barkamollik tilayman.

    Matbuot do‘koni o‘rni esa hokimlik aytganidek obodonlashtirilmadi, balki uning o‘rniga bir shaxsiy tadbirkor tayyorlab sotayotgan gummaning tashqi reklamasi o‘rnatildi. Mana sizga ma’rifatga, ma’naviyatga e’tibor! Farzandlarimiz gazet o‘qib shahar olib berarmidi, undan ko‘ra gumma yesin, deyishdi shekilli...


    Muallifdan: Suhbatdoshimizning kuyunib aytishicha, ayrim tuman rahbarlari tomonidan ma’rifat masalasiga biroz panja ortidan qaralayotgan holatlar ham uchrab turibdi. Masalan, poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi Qushbegi mavzesida joylashgan matbuot do‘koni risoladagidek faoliyat yuritayotgan edi, savdo ham ko‘ngildagidek, rejalar ham ortig‘i bilan uddalanayotgandi. Ammo, tuman mutasaddilari kompaniyadan ushbu kioskni boshqa joyga ko‘chirishni talab qilishdi. Sababini bu yerda obodonlashtirish ishlari (garchi kiosk obodonlashtirish ishlariga hech qanday xalal bermasa-da) olib borilishiga taqashdi. Uzoq tortishuvlardan so‘ng matbuot do‘konini boshqa joyga ko‘chirishga majbur bo‘lindi. Natijada esa davriy nashrlar savdosida pasayish boshlandi, demakki, odamlar gazeta-jurnallar o‘qishdan mahrum qilindi. Matbuot do‘koni o‘rni esa hokimlik aytganidek obodonlashtirilmadi, balki uning o‘rniga bir shaxsiy tadbirkor tayyorlab sotayotgan gummaning tashqi reklamasi o‘rnatildi. Mana sizga ma’rifatga, ma’naviyatga e’tibor! Farzandlarimiz gazet o‘qib shahar olib berarmidi, undan ko‘ra gumma yesin, deyishdi shekilli...

    P.S. Suhbatimizni oqqa ko‘chirib nuqta qo‘yish arafasida yana kompaniyadan telefon qilishib, hasratlarini aytib qolishdi. Yana kioskni olib tashlash muammosi. Bu safar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 15-shahar shifoxonasi yaqinidagi matbuot do‘koni kimlargadir «xalaqit» berib qolgan nazarimizda. Lekin, kioskni olib tashlash sababi bo‘yicha tuman hokimligidan kompaniyaga na telefon bo‘lgan va na rasmiy xat yuborilgan. Shunchaki, «Oqqo‘rg‘on» MFY profilaktika inspektori (garchi bu umuman uning vakolatiga kirmasa ham) telefon qilgan. «...yuqoridan buyruq bo‘ldi, zudlik bilan butkalaringni olib tashlar ekansizlar...». «...u butka emas, matbuot do‘koni, gazeta-jurnallar sotiladi...». «Ha-ha, o‘sha-de»...
    Usmonjon Yo‘ldoshev suhbatlashdi

    » » Matbuotmi yoki gumma?