22:38 / 14.11.2018
3 178

Mamadali Mahmudov: «Taqdir ekan, 17 yil «o‘tirdim». O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim»

Mamadali Mahmudov: «Taqdir ekan, 17 yil «o‘tirdim». O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim»
Foto: «Uza.uz»
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi «Gurung» suhbatlar turkumi doirasida Mamadali Mahmudov (Evril Turon) bilan suhbatni e’lon qildi.

– Sizni O‘zbekistonda Mamadali Mahmudov, xorijda esa Evril Turon sifatida yaxshi bilishadi. Sizni adabiyotdan, ijoddan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Suhbatimizni shu mavzudan boshlasak.

– Adabiyot umrimning mazmuni. Men onamning qo‘lida tarbiya topganman. Otam urushda vafot etgan. Bobom Ahmad oqsoqol Bog‘don qishlog‘i (Jizzax viloyatida) oqsoqoli bo‘lgan. Otam tog‘begisi edi. Ishdan qochib qoyalarda, daraxtlar ustida kitob o‘qirdim. Shu darajada kitobga berilib ketgandim. Kelajakda o‘z millatim hayoti, taqdiri, tarixi haqida kitob yozaman, deb o‘ylardim.

– Asarlaringizni kitobxon sevib o‘qiydi...

– Asarlarimning hammasini millatim, vatanim uchun yozaman. Hamma asarlarimni. Eng mitti hikoyalarimdan tortib, qissa, romanlarimgacha. Busiz men adabiyotni tasavvur qila olmayman.

– Bugungi kun ziyolilari nima o‘qiyapti?

– Bugungi kunda o‘zbek adabiyoti haqida bir narsa deyishim qiyin, lekin bizning adabiyotimizda Bayron, Gyote, Shekspirdan qolishmaydigan ijodkorlarimiz bor. Masalan, Cho‘lpon, Shekspir ko‘p targ‘ib etilaverganidan, dunyo tillariga tarjima qilinaverganidan, nazarimizda ilohiylashib ketgan. Cho‘lpon, Abdulla Oripov, Fitrat, Odil Yoqubovning asarlarini tarjima qilish kerak. Hozirgi ba’zi yozuvchilarimiz, buyuk yozuvchilarimiz turib, o‘z asarlarini tiqishtirib tarjima qildiradi. Chet eldagilar o‘zbek adabiyoti shunday ekanda, deb o‘ylaydi, tasavvur qiladi. Aslida eng yaxshi yozuvchi va shoirlarning asarlarini tarjima qilish kerak. Mening "O‘lmas qoyalar" romanim 1981 yilda Germaniya Federativ Respublikasida chiqqan, so‘ng Turkiyada chop etilgan. 2008 yilda fransuz tilida Parijda, 2013 yilda Londonda chop etildi Yana bir qancha asarlarim o‘zimga yetib kelgani yo‘q. Evril Turon sifatida kitoblarim, esselarim butun dunyoda chop etilayapti. Amerika, Angliya, Kanada, Norvegiya, xullas butun dunyoda.

– Ijodkorga yo‘llar ochildi. Erkinliklar berildi.

– Men ham, do‘stlarim ham ko‘p taklif qilganmiz, lekin hamma eshiklar berk edi. Mana oradan 27 yil o‘tib, bitta xabarim O‘zbekiston Milliy axborot agentligida chiqdi. Shu muddat ichida ikkinchi marta meni taklif qilayapsizlar. Hamma kitoblarim Vatan, millat uchun yozilgan. Boshqa narsa meni qiziqtirmaydi. Shunga qaramay men 17 yil “o‘tirib” chiqdim. To‘g‘ri haqiqatning tiklanishi juda qiyin kechar ekan. Hayot o‘zi shunday qurilganki, yolg‘on bilan chin orasida doim kurash ketadi. Mana 27 yil kechroq, Tangrini, yana ayrim do‘stlarimizning qo‘llovi bilan sizlarga intervyu berayapman.

– Siz tug‘ilib o‘sgan maskan – Forish haqida gapirib bersangiz.

– Forishning Bog‘don qishlog‘ida tug‘ilganman. Soylar to‘lib oqardi, buloqlar ko‘p edi. Hozir u suvlar kamayib ketgan. O‘smirlik davrimda "Uch quloch" oltin konida asosan xorijliklar ishlardi. Davlatga juda katta foyda keltirardi. Shu o‘rinda bitta gapni aytaman. O‘zbekistonning yer osti boyligi, zaxirasi million yillarga yetadi. Masalan, marmar koni – Langarni aytsak. Bu kon Navoiy viloyatidagi Xatirchi tumaniga qarashli. Forishda suv kam. Shuning uchun hozir Chordaradan suv olib kelinayapti. Etagimizda Aydarko‘l. 400 kilometrlarga cho‘zilib ketgan. Uning suvini chuchuklashtirish mumkin. Prezidentimizning tashabbusi bilan 20 ming gektarni o‘zlashtirmoqchi. Keyin hozir "Bazalt" koni va zavodi ochilgan. Juda noyob kon. Marmar koni, sement, ohak zavodi ochilgan. Forish cho‘llari muvaffaqiyatli o‘zlashtirilsa million odamni ish bilan ta’minlash mumkin. Kichik bir davlatga teng hudud yastanib yotibdi. Xonbandi degan shaharcha bor. Hozir uni namunali shaharchaga aylantirishmoqchi. Bu yerda to‘qqiz qavatli binolar bor. Avvallari liftlari ishlamagan. Tashlandiq, suv ham yo‘q edi. Hozir hamma sharoitlar yaratilayotgan ekan. Shaharchada juda ko‘p odam ish bilan ta’minlanayotgan ekan. Avvallari bu yerda minglab odamlar ishlardi. Shaxtalar, burg‘ular ko‘p edi. Umuman yurtimizda ko‘p oltin konlari bor. Odamlar noqonuniy holda konlarni kovlab oladi. Shu konlar ochilsa O‘zbekiston boyib ketadi juda. Konlarni qayta ochish kerak.

– Bugungi o‘zgarishlar haqida nima deya olasiz?

– Shaxsan men Prezidentimiz Shavkat Miromonovichni juda hurmat qilaman. Muvaqqat rahbar bo‘lgan paytda ko‘zlarimga yosh kelgan. Bu odam O‘zbekistonni o‘zgartiradigan odam, deganman. Yigirma soatlab ishlaydi.

– Sinov irodani toblaydi...

– Taqdir ekan, 17 yil “o‘tirdim”. Bu bir tomondan menga sinov bo‘ldi. Irodamni sinab ko‘rdim. O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim. Ishqilib ilojini qildim. "Bo‘z bo‘ri" degan roman yozdim. Arablar bosqini haqida. "Oygul", "Oy nuri" degan romanlar yozdim. Bu hammasi yangicha talqinda edi. Butun mustaqillik haqida yozayapman. Shuning uchun agar yo‘llar ochilsa, bosmadan chiqsa ko‘pchilik o‘qiydi. Chunki hozir chet ellarda nashr etilganini o‘qishayapti, xatlar yozishadi, qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Ularga asarlarimni elektron pochtada yuboraman.

– 2017 yil 3 avgustda Prezidentimiz ziyolilar bilan uchrashgandi. Bu o‘sha paytda ijodkorlar qalbidagi uchqunni olovlantirishga ham sabab bo‘lgan. Sizga qanday ta’sir etgan.

– Hozirgi siyosatni yuz foiz qo‘llab-quvvatlayman. Bu mening yurak so‘zim. O‘zbekistonda mislsiz o‘zgarish bo‘layapti. Yozuvchilarga katta e’tibor berilayapti. Urilgan, surilgan deydi. Aslida ular vatanparvar odamlar. Boshini kundaga qo‘ysa ham o‘zbek uchun o‘ladigan odamlar, Vatan uchun o‘ladigan odamlar. Shularni olib chiqish kerak yorug‘likka. Yozuvchilar uyushmasiga alohida bino qurib berildi. Tarixda qoladigan ish bu. Bog‘ qurib berildi. O‘zim borib ko‘rganim yo‘q. Uylar qurib berilayapti. O‘sha uylardan arziydigan yozuvchilarga berish kerak. Ularni o‘sha yerda ishlaydigan odamlar olib qo‘ymoqda. Shaxsan mening uyim yo‘q. Angliyada yashovchi bir do‘stimning Chirchiqdagi uyida yashab turibman. Hayotim shunday. Ikir-chikirigacha aytmayman. Ijaraga pul to‘lamayman. Lekin to‘lovlariga ham ancha pul ketib qoladi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tarixda bo‘lmagan ezgu ish qildi. Mening nazarimda chin mustaqillikka ikki yil bo‘ldi erishilganiga. Shavkat Miromonovich mislsiz o‘zgarishlar qilayapti. Quyidagi rahbarlar to‘la qo‘llash kerak. Matbuot, radio, televideniye, Yozuvchilar uyushmasini isloh qilish kerak, deb o‘ylayman. Devoriy gazetaga aylanib qolgan gazetalarni hech kim o‘qimaydi. Tirajlari ham kamayib ketgan. Odil Yoqubov davridagi million nusxadagi gazetalar hozir o‘qilmaydigan darajaga tushib qolgan. Muharrirlar saviyasini o‘ylab ko‘rish kerak. Shu ikki yillikni kitob qilsa bo‘ladi. Ikki yilda O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi? Masalan, Amerika hech qachon boshqa Prezidentlarni o‘zi chaqirmagan. Prezidentimizni o‘zi chaqirdi. Bunday kutib olish bo‘lmagan. Kutib olishni men boshdan-oyoq, takror-takror ko‘rdim. Hali O‘zbekistonda odamlar yuz foiz ish bilan ta’minlanadi. Buning uchun Shavkat Mirziyoyevga yordam berish kerak. Men ham qarib qolgan bo‘lsam ham yordam beraman. Quyi rahbarlar ham shu odamning fikrini qo‘llab, yordam berishi kerak. Adabiyot bo‘ladimi, qishloq xo‘jaligi bo‘ladimi, sanoat bo‘ladimi hamma-hamma sohada yordam berish kerak. Millatga, vatanga jon kuydiradigan odamlarni ishga olish kerak. Quruq millatimiz, vatanimiz deyish, bu hissiz gaplar. Mening esa asarlarimda Vatan ulug‘lanadi.

– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

– Bir go‘zal roman yozmoqchiman. Keyin o‘zgarishlar haqida esse yozmoqchiman. Kitob yozmoqchiman. Agar shunday sharoit tug‘ilsa, albatta, yozaman. Hozir Parkentda, Zominda ijodkorlar bog‘ uyi qurilayapti. Bu katta gap. O‘sha joylarda yillab kitob yozsa bo‘ladi. Chunki bemalol yozsa bo‘ladi-da. Sharoit bo‘lsa yoziladi. Sharoit bo‘lmasa yozilmaydi.

– Qalbingizdan qanday his-tuyg‘ular kechayapti hozir?

– Ellik yillar ichida O‘zbekiston beqiyos qudratga minadi. O‘zbekistonda hammamiz bir tug‘ishgan millatmiz. O‘zbekistonda hozir 33 million, butun dunyoda 60 millionga yaqin o‘zbeklar bor. Biz qudratli davlatga aylanamiz. Aylanishimiz kerak ham. Shavkat Mirziyoyevning siyosati juda to‘g‘ri bo‘layapti. Hamma bilan teng siyosat olib borayapti. Chet davlatlar bilan yaxshi siyosat olib borayapti. Buning mevasi juda buyuk bo‘ladi. Bo‘lar ekan-ku mana. Yo‘llarni ochib tashladi. Shavkat Miromonovich Nazarboyevni (Qozog‘iston Prezidenti) ustozim dedi. Bir joyi kamayib qolgani yo‘q. Yoshi katta, siyosatni puxta biladigan odam. Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston bilan aloqa yaxshi bo‘lgani yaxshida. Tug‘ishganiday kutib olishdi Prezidentimizni. Chingiz Aytmatov nomiga ko‘cha qo‘yilibdi. Ko‘rasiz kelajakda, bu gaplarim balki bu yerda noto‘g‘ridir. Ammo hali harbiy birlik, iqtisodiy birlik, pul birligi bo‘lishi mumkin. Qo‘shnilar shunday qilsa yaxshi-ku. Kadrlar masalasini isloh qilish kerak. Ishlaydiganlarni olish kerak. Cho‘ntagini o‘ylaydigan eski rahbarlar hamon saqlanmoqda. Aytilayotgan narsalarni izchil kuzatib borayapman. Bu narsalar shunchaki xo‘jako‘rsinga qilinayapti. Unday bo‘lmasligi kerak. Yurakdan bajarish kerak. O‘zbekistonni o‘ylaydigan odamlarni ishga olish kerak. Tasavvur qiling, 17 yil o‘tirgandan keyin O‘zbekistonda kutilmaganda o‘zgarish bo‘lib qoldi. Shu o‘zgarish yana o‘zing yaxshi bilgan odaming bo‘lib chiqayapti. Shunda yig‘lab yuborganman. O‘zi yuragim kasal. Lekin osh qilib, o‘tirib shu odamni duo qilganmiz, bayram bo‘lib ketgan. Faqat bizning uyda emas, sodiq do‘stlarimizning uyida ham bayram bo‘lgan. Chet eldagi o‘zbeklarning hammasi juda katta tajriba orttirgan. Hammasi millatim, vatanim deydi. Ichida balki 5–6 foizi yomondir, lekin qolganlarining hammasi bola-chaqa boqishni o‘ylaydi, vatanim deydi. Har bir o‘zbek o‘z Vatanini sevadi. Ichida shu tuyg‘u bor. Endi ichida bita-yarim chiqindisi bo‘lmasa. Ularning hammasini yurtimizga chaqirish kerak. O‘zbekistonni go‘zal bir o‘lkaga aylantirish kerak.

Men istasam-istamasam, millionlar istasa-istamasa O‘zbekiston hali qudratli davlatga aylanadi. Yana bir bor takrorlayapman. Ko‘rib turibman shuni. U paytlarda men bo‘lmayman, lekin sizlar albatta bo‘lasizlar.

– Suhbatingiz uchun katta rahmat. Biz nasib etsa yana uchrashamiz.

– Rahmat. Juda ham sevindim chaqirganlaringiz uchun. O‘zbek so‘zi bilan aytsam, boshim osmonga yetdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mamadali Mahmudov: «Taqdir ekan, 17 yil «o‘tirdim». O‘sha joyda ham 3 ta roman yozdim»