19:25 / 27.11.2018
5 014

O‘zbekistonda allergiyani qo‘zg‘ovchi oziq-ovqatlar ro‘yxati tuziladi

O‘zbekistonda allergiyani qo‘zg‘ovchi oziq-ovqatlar ro‘yxati tuziladi
Allergiyadan aziyat chekuvchi iste’molchilarni himoya qilish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi ishtirokida tashkil etilgan Xalqaro molekulyar allergiya markazi xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda oziq-ovqat mahsulotlarida allergenlar mavjudligini markirovka qilish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqmoqda.

Oziq-ovqat allergiyasi bezovta qiladigan bemorlar to‘laqon hayot kechirishlari uchun muayyan allergen mahsulotlarni ularning kunlik taomnomalaridan chiqarib tashlash zarur. Qaysi mahsulotni sotib olish mumkin-u, qay birini xarid qilmagan ma’qul degan masala esa qadoqlardagi maxsus ma’lumotlarning taqdim etilishi bilan hal etiladi.

Yevropa ittifoqining amaldagi qonunchiligiga asosan bugungi kunda 13 turdagi mahsulotlar allergenlar mavjudligi bo‘yicha markirovka qilinadi, bular: sut, tuxum, yeryong‘oq, yong‘oq, soya, kunjut, bug‘doy, xantal, baliq, qisqichbaqa, selderey, lyupin va grechixa. AQSh, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi boshqa mamlakatlarda ham markirovka bo‘yicha qonunchilik mavjud. Yaponiyada faqatgina bug‘doy, grechixa, tuxum, yeryong‘oq va qisqichbaqa markirovka qilinishi shart, ammo 19 ta mahsulot turi «markirovka qilinishi tavsiya qilinadi» deb ko‘rsatilgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi dasturiga ko‘ra, allergiya profillarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi aholisining qaysi mahsulotlariga allergiyasi ko‘pligi molekulyar darajada aniqlanmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, kattalarda allergiya rivojlanishiga sabab bo‘luvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryong‘oqdir. Undan so‘ng turli xil yong‘oqlar, soya, kunjut, kivi va shaftoli allergiya chiqaruvchi mahsulotlar ro‘yxatidan joy olgan.

Non va bulochka mahsulotlarida, yormalarda, glazur, kremlar, souslar, gazaklar va quritilgan mevalar aralashmasida yeryong‘oq borligidan iste’molchi hamisha ham xabardor bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlariga markirovkani joriy qilish orqali iste’molchilarning salomatligi va manfaatlarini himoya qilish yanada takomillashadi.

Shuningdek, kafe, restoran va boshqa jamoat ovqatlanish joylarining taomnomalariga taomlarda allergenlar mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha tavsiyalar ham ishlab chiqilmoqda. Mazkur tadqiqotlar Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda allergiyani qo‘zg‘ovchi oziq-ovqatlar ro‘yxati tuziladi