20:25 / 30.11.2018
7 523

Sharof Rashidovning sirli vafoti

Sharof Rashidovning sirli vafoti
Sharof Rashidov kunduzi Xorazmda yuzlab odamlar bilan muloqotda bo‘lib, kechqurun Nukusda to‘satdan vafot etishi shubhali. Uning o‘limi XX asr sirlaridan biri bo‘lsa kerak. O‘zA Anvar Tojiyevning bu bilan bog‘liq xotiralarini e’lon qildi.

1982 yili sho‘rolar davlatining rahbari Leonid Brejnev 76 yoshda vafot etdi. Uning atrofidagi munkillab qolgan safdoshlari ham birin-ketin o‘tdi. Hokimiyatni qo‘lga olgan davlat xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Andropov boshqaruv apparatini tezlik bilan tozalab, atrofiga o‘ziga sadoqatli sobiq chekistlar (Aliyev, Shevardnadze)ni to‘play boshladi. Uzoq yillar mamlakat boshqaruvida ishtirok etib kelgan Krilenko, Romanov, Kunayev, Sherbitskiy va boshqalar lavozimdan chetlashtirildi. Navbat Sharof Rashidovga yetib qolgan edi.

O‘zbekiston jiddiy taraqqiy etgan respublika bo‘lib, yalpi mahsulot ishlab chiqarish va eksportga mol chiqarishdan tushadigan daromad bo‘yicha sho‘rolar tizimida 2-o‘rinda (Rossiyadan keyin) edi. O‘zbekiston paxta yetishtirishda dunyoda 2-o‘ringa chiqib olgandi.

Ayni vaqtda respublikamiz aholi boshiga o‘rtacha daromad va boshqa muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha ittifoqdosh respublikalar ichida 11-14-o‘rinlarni egallardi. Boltiqbo‘yi respublikalarining umum ittifoqqa qo‘shadigan hissasi arzimas bo‘lsa ham, ularda aholining hayot darajasi Yevropa mamlakatlari darajasida edi. Buni yuqori mansabdagi barcha davlat rahbarlari yaxshi bilardi. Toshkentda metro qurilishi Sharof Rashidovning shaxsan harakati tufayli amalga oshirilganini kim bilmaydi? Moskvadagi amaldorlar respublika mablag‘i hisobiga qurilgan San’at saroyini «O‘zbekistonda bunaqa bino ellik yildan keyin qurilishi kerak edi» degan edilar. Vaholanki, bunday hashamatli inshootlar markaz ajratgan mablag‘ hisobiga bunyod etilardi.

Moskvaning Markaziy Osiyo respublikalarida aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan birorta hukumat qarori yoki tadbiri bo‘lganini hech kim eslolmaydi. Ammo, bu yerlarda (hamma yerdagi kabi) yuz bergan salbiy holatlar (dang‘illama to‘ylar, poraxo‘rlik va jinoyatchilik) o‘sha davrning old nashrlari «Pravda», «Sovetskaya kultura», «Trud» gazetalarining shov-shuvli maqolasiga aylanardi.

Respublikaga qarshi xuruj, birinchi navbatda, Sharof Rashidovga qarshi qaratilgan edi. Chunki bu odamning mamlakatda va xorijdagi mavqei juda baland edi. Sharof Rashidovga qarshi hujum uchun sabab qidirilar edi.

O‘zbekistondan chiqqan bir guruh «vatanparvarlar» paxta terimi qizg‘in ketayotgan bir paytda to‘satdan «qo‘shib yozish», «paxtani momiq holiga keltirib, davlatga topshirish» kabi g‘oyalar bilan markaziy gazetalarda («Pravda») maqolalar e’lon qildi.

Sharof Rashidov maqolani o‘qib, ancha xafa bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda u kishi: «Avval paxtani terib olish kerak-ku! Ertaga yog‘ingarchilik boshlansa, unda nima qilish mumkin? Avval hamma kuchni hosilni to‘la yig‘ib olishga qaratish kerak. Paxtani qayta ishlash ishlari kelgusi yil may iyun oyigacha davom etishi mumkin. Ba’zi odamlar biroz shoshilib qolgan ko‘rinadi. Vaqti-soati bilan davlatga momiq topshiradigan vaqt keladi. Hozir hosilni yig‘ib olishimiz kerak!» degan edi.

Bu gap 30-oktyabr kuni, Xorazmdan Qoraqalpog‘istonga borar yo‘l ustida, jurnalistlar bilan suhbat vaqtida bo‘lgan edi. Taqozoni qarangki, Sharof Rashidov shu iboralarni aytganlaridan 5-6 soat keyin vafot etganlar.

U kishining vafoti bilan bog‘liq bir necha holatni yodga olaylik.

29 oktyabr kuni sobiq SSSR hukumati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari G.Aliyev boshchiligidagi delegatsiya Vetnamga ketayotib, Toshkentda to‘xtadi. O‘sha paytda Xorazmda paxta terimini tashkil etish bilan mashg‘ul bo‘lgan Sharof Rashidov Toshkentga yetib kelib, delegatsiyani kutib oldi. Delegatsiya O‘zbekistonda bir kecha dam olib, 30-oktyabr kuni Vetnamga uchib ketdi.

30 oktyabr kuni erta tongda Sharof Rashidov G.Aliyevni kuzatib, ish o‘rnida, Markazqo‘mda Finlandiya delegatsiyasi bilan suhbat qildi.

Suhbat tugagach, Sharof Rashidov hovliga chiqdi, yakshanba kuni edi o‘shanda. Markazqo‘mda hech kim yo‘q, fin delegatsiyasi bilan band kishilargina bor edi. U kishi yig‘ilganlarga: «Hozir Xorazmga uchaman. Bugun soat 12 da Urganchda viloyat paxta topshirish rejasini birinchi bo‘lib bajarganiga bag‘ishlangan miting bo‘ladi. Xorazmliklar katta qo‘shimcha majburiyat olmoqchi. Mitingdan so‘ng, Qoraqalpog‘istonga o‘taman. U yerda terim sur’ati biroz past. Bir necha kun u yerda bo‘lishga to‘g‘ri keladi» deganlari hamon xotiramda.

Sharof Rashidov hamma bilan xayrlashib, mashinaga o‘tirib, aeroportga jo‘nab ketdi. O‘shanda bu so‘zlar bu insonning so‘nggi so‘zlari ekanini hech kim xayoliga ham keltirmagan edi.

Sharof Rashidov Urganchda bo‘lgan mitingda ishtirok etib, xorazmlik paxtakorlarni katta mehnat g‘alabasi bilan qutlagan. Keyin O‘zbekiston bo‘ylab safar qilayotgan Kuba elchisi bilan suhbat qilgan. Kunning ikkinchi yarmida esa Nukus tomon jo‘nab ketgan. Aytishlaricha, u yerda kechga yaqin Sharof Rashidovning mazasi bo‘lmagan. Toshkentdan, Moskvadan chaqirilgan shifokorlar u kishini asrab qololmagan.

1 noyabr kuni erta tongda Sharof Rashidovning bevaqt vafot etgani haqida dastlabki xabar paydo bo‘ldi. Xorazmda yuzlab xalq va jurnalistlar bilan muloqotda bo‘lib, kechqurun Nukusda to‘satdan vafot etishining o‘zi shubhali. Yuqori malakali shifokorlarni yakshanba kuni yarim kechada Moskva va Toshkentdan topib, Nukusga yetkazib kelishning o‘zi bo‘ladimi?

Sharof Rashidovdan sal avval Belarus rahbari, urush va mehnat qahramoni, belorus xalqining suyukli farzandi Masherov ham Minskdan uzoqda (Brest yo‘lida) to‘satdan avtohalokat oqibatida halok bo‘lgandi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sharof Rashidovning sirli vafoti