10:38 / 01.12.2018
5 318

Prezident qarori: Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi

Prezident qarori: Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Toshkent shahrida Aju universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi va Aju universitetining (Koreya Respublikasi) Toshkent shahrida Aju universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilindi.

Universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining istiqbollariga muvofiq qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash;

qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;

mutaxassislar, ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va fan uzviyligi va uzluksizligi tamoyili, shuningdek, jahon ta’lim hamda ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalash asosida rivojlantirish;

mehnat bozorida mavjud muammo va ehtiyojni hisobga olgan holda qurilish, arxitektura, elektrotexnika, iqtisodiyot sohalarida va boshqa talab yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitishning pedagogik uslublari va texnologiyalarini faol takomillashtirish;

ta’lim va ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlar, avvalo, Koreya Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Qayd etilishicha, Aju universiteti (Koreya Respublikasi):

Universitetning o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;

Universitetning mutaxassislari va professor-o‘qituvchilari tarkibining, shu jumladan, chet elda malakasini oshirish va qayta tayyorlash;

Universitet kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan to‘ldirish, shuningdek, Aju universiteti (Koreya Respublikasi) resurslar bazasidan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan holda zamonaviy axborot-resurs markazini tashkil etishga ko‘maklashadi.

Belgilanishicha:

Universitet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda o‘qitishning O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda Aju universiteti (Koreya Respublikasi) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Universitet ta’lim faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi qonun hujjatlarini inobatga olgan holda Aju universitetining (Koreya Respublikasi) o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiradi;

Universitetda o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan Aju universitetining (Koreya Respublikasi) belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

Universitetni moliyalashtirish talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan texnik ko‘mak mablag‘lari (grantlar), shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Universitetga 2019/2020 o‘quv yili uchun qabulni tashkil etish, shu jumladan, bino va inshootlarni o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha ta’mirlash-qurilish ishlari, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va moslashtirish, o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni xarid qilish, o‘qitish bo‘yicha zarur axborot-kommunikatsiya tizimlarini yaratish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar tarkibini tanlab olish O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

2019/2020 va 2020/2021 o‘quv yillarida o‘qishga qabul qilingan talabalar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ular Universitetni tamomlaguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan kontrakt summasining respublikadagi boshqa davlat oliy ta’lim muassasalarida tegishli ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitish qiymati miqdoridan ortiq qismini to‘lab berish ko‘rinishida davlat ko‘magi taqdim etiladi, kontrakt yuridik shaxslar – salohiyatli ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi hollari bundan mustasno;

davlat ko‘magi taqdim etilgan Universitet bitiruvchilari respublikaning davlat tashkilotlarida kamida uch yil ixtisosligi bo‘yicha ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident qarori: Toshkentda yangi universitet tashkil etiladi