08:25 / 03.12.2018
3 836

Dunyo mutlaq korrupsiyadan so‘ng

Dunyo mutlaq korrupsiyadan so‘ng
KORrupsiyaning ildizi kormi?

Yaqinda internet orqali “pora” so‘zini mazmunini qidirib ko‘rdik. Bir manba “poraxo‘rlik” atamasini: “...moddiy yoki mulkiy manfaat evaziga muayyan harakatlarni bajarish yoki bajarmaslik” deya tavsifladi.

Qadimgi dunyoda ba’zi qabilalarda muayyan mavqega ega bo‘lish uchun sardoriga turli sovg‘a-salom berish odatidan korrupsiyaning ildizlari boshlangan ekan. Lug‘aviy jihatdan “poraning ma’nosi shirinkoma – haq, mukofot” demakdir. Ammo “...pora bilan sovg‘aning farqi pora unga yordam berilishi uchun beriladi, sovg‘ada esa bunday shart bo‘lmaydi”.

Pora kanda bo‘lmagan joy parokanda bo‘ladi

Manbalarimizdan yana birida keltirilgan quyidagi ma’lumotlar e’tiborimni tortdi: Gerodotning xabar berishicha, qadimgi fors davlati – Ahamoniylar saltanatida shoh Kir ΙΙ ning o‘g‘li Kambis ΙΙ davrida pora olgan sudyaning tiriklayin terisi shilinib, kursisiga tortib qo‘yilgan va uning o‘g‘li shu vazifaga tayinlanganki, toki sudda ish ko‘rayotgan chog‘ida qaysi kursida o‘tirganini unutmasin. Ruslarda esa 1556 yilda Ivan Grozniy tomonidan poraxo‘rlik uchun o‘lim jazosi joriy etilgan. Yana tarixdan ma’lumki, o‘tmishda o‘g‘rilar qo‘lga tushganda Xammurapi qonunlariga binoan qo‘llari chopib tashlangan. To‘g‘ri, korrupsiya o‘g‘rilik emas. Ammo to‘g‘rilik ham emas. Ikkisi birday jinoyat. Bugungi zamon yelkalari bunday jazolar yukini ko‘tara olmasa-da, poraxo‘r kimsalarning qo‘lini kesa olmasak-da, yo‘lini kesishimiz mumkin.

Talovchini yo‘lovchiday tozalab bo‘lmaydi

Bir turk masalida keltirilishicha, qadim zamonda bir podshoh poraxo‘r kimsani tutib olib, yo‘l o‘rtasidagi daraxtning eng baland shohiga osib qo‘yibdi va hamma yeriga asal, qiyom surtib tashlabdi. Natijada ko‘plab ari, pashsha, chivin va hokazolar uni talay boshlabdi. Yo‘ldan o‘tib ketayotgan bir kimsaning unga rahmi kelib, yordam berishga yo‘l axtaribdi va hech yo‘l topa olmay, cho‘ntagidan bir tutam pul olibdi. Pullar bilan poraxo‘rni unga yopishgan ari va pashshalardan tozalab chiqibdi. Poraxo‘r: “eh, sen nima ish qilib qo‘yding” debdi ranjib. Yo‘lovchi qilgan ishidan mamnun bo‘lib “seni talovchilardan xalos qildim, endi seni hech nima chaqmaydi, talamaydi”, desa, daraxtga osig‘liq kimsa: “yo‘q, aksincha, endi ularning o‘rniga boshqa ochlari – yanada tashna talovchilar keladi” debdi tushkun holda. Qissadan hissa shuki, ko‘rinishni emas, zehniyatni o‘zgartirish, kurashganday emas kurashish kerak, deyiladi hikoya so‘nggida...

Qonun qamaydi, din la’natlaydi

Pora olish-berish, hatto o‘rtada vositachilik qilish ham muqaddas islom dinida qat’iy qoralangan, la’natlangan. Jumladan, Qur’oni Karimda “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi, 188 oyat) deya ta’kidlanadi.

Chust tuman imom-xatibi Bahodirxon Sharipovning fikriga ko‘ra, poraxo‘rlik — jamiyatdagi adolat mezonlarining buzilishiga, uning taraqqiyotini orqaga surishiga sabab bo‘luvchi eng ashaddiy illat. Poraxo‘rlik, ta’magirlik barcha narsada haromdir.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘yayotgan shaxslar qonun oldida ham javobgarlikka tortiladi. 2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida bu boradagi qat’iy chora-tadbirlar belgilangan. Chunonchi, qilmishning darajasiga qarab, pora bergan va olgan kishilarga hayfsan, jarima, lavozimidan ozod etish, hatto qamoq jazosi qo‘llaniladi.

Dunyo mutlaq korrupsiyadan so‘ng degan xayolni tasavvur etish mushkuldir ehtimol. Uni butunlay yo‘q qilib bo‘lmas. Ammo biroz bo‘lsa-da soyasini aritsak, asta-sekinlik bilan, bugundan, hozirdan, o‘z atrofimizdan ildizini quritib borsak, hayot butunlay o‘zgaradi, yanada yorqinlashadi, yangilanadi.
Yulduz O‘RMONOVA

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dunyo mutlaq korrupsiyadan so‘ng