Propiska tarixi qayerga borib taqaladi?

  • 3-12-2018, 22:57
  • 975
  • Jamiyat
  • Propiska tarixi qayerga borib taqaladi?
    O‘zbek axborot olamida propiska masalasi alohida o‘rin tutadi. Bu borada shu qadar ko‘p va xo‘b yozilganki, boshqa biror muammo haqida buncha yoritilsa, hamma zerikkandan dod deb yuborardi. Ammo propiska «o‘lmas» mavzulardan. Qancha muhokama qilinsa, shuncha mazasi chiqaveradi. Chunki, bu kabi aql bovar qilmas tizim aynan bu shaklda faqat bizda uchraydi.

    So‘nggi kunlarda axborot olamining o‘zbek segmentida bu mavzu yana bir to‘lqinlandi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning «Doimiy propiska: taqiqmi yoki daromad? Inson huquqlari-chi?» nomli maqolasi ancha shov-shuv bo‘ldi. Bu maqola ortidan aks-sado tarzida yana bir necha chiqishlar kuzatildi va mavzuga turli-tuman qarashlar bayon qilindi. Ayniqsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Umirzoqovning o‘z sahifasida bu mavzuni muhokama qilaturib bunday tizim saqlanib qolmasa, jinoyatchilik ortib ketishini bildirgani, propiska bo‘yicha cheklovlarga «inson huquqlari buzilishi sifatida qarash, bizning nazarimizda mutlaqo xato yondashuvdir» degani qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

    Tabiiy savol tug‘iladi – propiska tizimi qanday paydo bo‘lgan va undan kim manfaatdor?

    Har bir jarayon singari propiska (rasmiy huquqiy atamasi – doimiy yashash joyi bo‘yicha qayd qilish) tushunchasi tug‘ilgunga qadar ham ma’lum bosqichlar bosib o‘tilgan. Inqilobgacha bo‘lgan Rossiya imperiyasi davrida barcha hududlar rus zodagonlariga bo‘lib berilgandi. O‘sha paytlarda ham ozmi-ko‘pmi migratsiya jarayoni kechar, ayrim dehqonlar unumdor yerlar va kattaroq daromad ilinjida boshqa hududlarga ba’zan ko‘chib, ba’zan qochib ketishardi. Bu holatning oldini olish bo‘yicha qat’iy cheklovlar qo‘yildi va har bir hududda yashovchi ishchi–dehqonlar o‘z sohiblarining yoki gubernatorning ruxsatisiz yashab turgan hududlarini tark etishga haqlari yo‘q edi.

    Biror sabab bilan boshqa hududga borishi shart bo‘lgan dehqon o‘z hududidagi boshlig‘ining yozma ruxsatini olishi kerak bo‘lardi. Aynan mana shu qog‘ozlar keyinchalik pasportlarning ilk tamal toshiga aylandi. Fotografiya rivojlanmagan bir davrda pomeshchik o‘z qo‘l ostidagi dehqonning ism-sharifini keltirib, uning aslida kimning tasarrufida ekanini, qayerga, nima maqsadda va qancha muddatga ketayotganini qog‘ozga tushirar, shuningdek yo‘lovchining shakl-shamoyilini, masalan soqolining uzunligi, yuzidagi xoli kabi yaqqol belgilarini qisqa tarzda bayon etardi.

    Oktyabr inqilobidan keyin Lenin bu holatni «qishloqdagi mujiklarni kamsitish» deya baholab, chor Rossiyasiga tegishli barcha pasportlarni bekor qildi. Ammo tez orada boshlangan fuqarolar urushi davrida aholining aniq manzili, soni kabi muhim ma’lumotlarga zarurat sezilganidan keyin pasport tizimi qisman tiklandi. Ma’lum vaqt oralig‘ida mehnat daftarchalari ham shaxsni tasdiqlovchi hujjat vazifasini o‘tab yurdi. 1925 yilda «shaharlar hududida yashovchi aholini propiska qilish» to‘g‘risidagi dekretda ilk bor propiska tushunchasi va atamasi rasman muomalaga kiritildi.

    1932 yilda SSSR hududida yagona pasport tizimi yo‘lga qo‘yila boshlaganidan keyin propiska talabi qat’iylashdi. Hali ko‘pchilik pasport olmagan bir paytda qishloq aholisi shaharga borib kelish uchun ham qishloq sovetidan (selsovet) yozma ruxsat olishi kerak edi. Ne ajabki, sovet ittifoqi o‘zi tanqid qilgan imperialistik rejimning krepostnoylik huquqini yangicha shaklda yo‘lga qo‘yib yubordi.

    SSSRda aholini pasport bilan to‘liq ta’minlash 1974 yillarda yo‘lga qo‘yildi va bu paytga kelib pasport va propiska degan tushunchalar bir-biriga chambarchas bog‘lanib qoldi. Oldin asosiy masala ishchi-dehqonni o‘z hududida ushlab turish bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu tizim harbiy ahamiyat kasb eta bordi va asosan mudofaa maqsadlariga xizmat qila boshladi.

    Sobiq ittifoqning Moskva, Leningrad kabi shaharlarida aholi sonini cheklash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri propiskaga o‘tish taqiqlab qo‘yildi. Ammo shunda ham ayrim imkoniyatlar saqlanib qoldi. Masalan, boshqa hududdan poytaxtga omadini izlab kelgan ishchi ma’lum limit asosida aniq belgilangan sohada 10 yil muddat uzluksiz ishlasa, propiskaga kirishga ruxsat berilardi.

    SSSRga ergashgan Shimoliy Koreya, Kuba kabi davlatlar ham aholini qayd qilishda u yoki bu shakldagi cheklovlar bilan propiska tizimidan foydalana boshlashdi.

    To‘qsoninchi yillarga kelib «temir devorlar» bilan o‘ralgan SSSRda ham oshkoralik epkinlari sezildi. 1990 yil konstitutsion nazorat qo‘mitasi propiska tizimi inson huquqlarini cheklash ekanini tan oldi va 1991 yilda 1992 yildan boshlab bunday tizimga barham berish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ammo bu davr kelguncha ittifoqning o‘zi tarqalib bitdi. Shunda ham qator respublikalar propiskadan voz kecha olishmadi.

    Keyinchalik xalqaro tashkilotlarning uzluksiz tanqidlaridan keyingina respublikalar navbati bilan bu tizimdagi cheklovlarni bekor qilishdi. Bu borada (O‘zbekistondan tashqari) eng oxirgi bo‘lib 2008 yilda Belarus hukumati qaror qabul qildi.

    O‘zbekiston cheklovlarga qorishgan propiska tizimi bekor qilinmagan oz sonli davlatlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga propiska qilish bo‘yicha taqiqlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda.

    1999 yil fevral voqealaridan keyin O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahriga boshqa hududdan kelib erkin propiska qilish cheklandi. O‘sha paytda viloyatliklarga Toshkent shahridan uy sotib olish, keyinchalik hadya asosida qabul qilish ham to‘xtatildi.

    Viloyatlardan kelganlar poytaxtda ro‘yxatga qo‘yilishi uchun Toshkent shahri hokimligi qoshida tuzilgan maxsus komissiyaga zarur hujjatlarni topshirishi zarur bo‘ldi va aynan shu komissiyaning ijobiy xulosasiga ko‘ra ular ichki ishlar organlari tomonidan propiska qilina boshlandi. Ammo amalda bunday hujjatni olish uchun ko‘p hollarda yo zaring, yo zo‘ring bo‘lishi kerak edi.

    Toshkent shahrida yashash yoki ishlash istagida bo‘lgan boshqa hudud fuqarolariga ikki yo‘l qoldi: propiskasi bor qarindoshi yoki tanishi nomiga uy sotib olish, poytaxtga yondosh bo‘lgan Toshkent viloyati tumanlariga propiskaga kirish. 2010 yildan boshlab bu imkoniyatga ham barham berildi – Toshkent viloyatiga propiskaga kirish ham maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra mumkin bo‘ldi.

    2011 yil 14 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar toifalari to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu qonunga ko‘ra, 12 toifadagi fuqarolar Toshkent shahri va viloyatiga propiska qilinish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

    Keyingi 6 yilda ayrim kichik o‘zgarishlarni aytmaganda, propiska masalasi asosan shu qonun bilan tartibga solib kelindi.

    Ammo 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida e’lon qilingan:

    «Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish;

    Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish»;

    «Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga bo‘lgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin», deyilgan bandlar yana propiska masalasini kun tartibiga chiqardi va bu muammoga muntazam duch kelayotganlarda katta umid uyg‘otdi.

    Ammo harakatlar strategiyasida e’lon qilingan muddat o‘tib bo‘ldi hamki, tizimda o‘zgarish bo‘lmadi. Propiska degan tushuncha poytaxtga kelgan «viloyatlik»lar uchun «tish og‘rig‘i»ligicha qolaverdi.

    Qiziq savol: Toshkent shahriga boshqa hududdan kelgan O‘zbekiston fuqarosi 5 kun ichida yo vaqtincha, yo doimiy ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Agar shu fuqaro Toshkentda 5 kun yashab, bir marta Sirdaryoga yoki Namanganga borib qaytsa nima bo‘ladi? Yangitdan 5 kun yashash huquqini qo‘lga kiritadimi?
    Abror Zohidov

    Manba: Kun.uz

    » » Propiska tarixi qayerga borib taqaladi?