00:27 / 06.12.2018
4 677

Toshkentni Tojikiston orqali Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan avtoyo‘nalish texnik sinovi o‘tkazildi

Toshkentni Tojikiston orqali Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan avtoyo‘nalish texnik sinovi o‘tkazildi
4 dekabr kuni O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi Toshkent – Xo‘jand – Qo‘qon – Toshkent xalqaro avtobus yo‘nalishidagi birinchi texnik sinovini yo‘lga qo‘ydi.

Tojikiston Transport vazirligi xalqaro aloqalar bo‘limidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent – Xo‘jand – Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha avtobuslar qatnovi O‘zbekiston tomoni bilan kelishuv asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yo‘nalishda Toshkentdan yo‘lga chiqqan avtobuslar O‘zbekistonning "Oybek" va Tojikistonning "Fotehobod" posti orqali Mastchoh tumaniga o‘tib, undan Xo‘jandga keladi va Xo‘janddan Konibodom nohiyasiga borib, u yerdagi "Patan" va "Andarxon" nazorat punktidan o‘tib, Qo‘qonga yo‘l oladi.

Tojikiston Transport vazirligi mas’ulining aytishicha, kecha – 4 dekabr kuni Toshkentdan yo‘lga chiqqan avtobus Xo‘jand orqali Qo‘qonga yo‘l oldi. Bugun esa Qo‘qondan Konibodom orqali qaytib kelib, yana Toshkentga jo‘nab ketadi. "Ammo bu sinov uchun tashkil etildi va bu yo‘nalishda yo‘l haqi qancha bo‘lishi hozircha ma’lum emas", deydi mas’ul.

Toshkent – Xo‘jand – Qo‘qon yo‘nalishida avtobuslar qatnovi 1999 yilgacha faoliyat olib borgan edi. Bugungi kunda ushbu yo‘nalish bo‘yicha birinchi texnik safar boshlandi.

"Farg‘ona vodiysi bilan Toshkent va respublikaning boshqa shaharlaridagi avtobusga bo‘lgan ehtiyoj uzoq vaqtdan beri davom etmoqda, – deydi O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil tashuvlarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abror Isayev. – Biroq bunday transport faqat Tojikiston hududi orqali tranzit yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. "Yutong" avtobuslarida bu marshrut bo‘ylab harakatni amalga oshiradigan "Mironshox Grand Trans" xususiy firmasi bilan shartnoma tuzildi".

Sinov reysining ishga tushirilishi – yo‘nalishning texnik imkoniyatlarini yaratish, yo‘lovchi xavfsizligini ta’minlash shartlari, Tojikiston bilan chegarani kesib o‘tishni o‘z ichiga oladi. Barcha xususiyatlarni o‘rganib chiqqandan so‘ng Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning boshqa mintaqaviy markazlari bilan bog‘lash imkoniyati ham muhokama qilinadi.

Toshkent – Xo‘jand – Qo‘qon avtobus yo‘nalishining masofasi 346 kilometrni, manzilga yetish vaqti esa taxminan 11 soatu 35 daqiqani tashkil qiladi. O‘zbekiston chegarasidan "Oybek" va "Andarxon" nazorat punktlari orqali, Tojikistondan esa, "Fotehobod" va "Patar" nazorat punktlari orqali o‘tiladi.

Avvalida qatnovlar ikki yoki uch kunda bir marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Agar yo‘lovchilar soni ortib, zarurat paydo bo‘lsa, qatnovlar soni ko‘paytiriladi.

So‘g‘d viloyati ma’muriyati transport va aloqa bo‘limi boshlig‘i Olim Ochilzodaning aytishicha, yangi yilda "Isfara – Qo‘qon" va "Konibodom – Qo‘qon" yo‘nalishlari bo‘yicha ham avtobuslar qatnovini tashkil etish rejalangan.

Hozir "Xo‘jand – Toshkent", "Samarqand – Panjakent" va "Denov – Tursunzoda" yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam avtobuslar qatnovi amalga oshirilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentni Tojikiston orqali Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan avtoyo‘nalish texnik sinovi o‘tkazildi