23:40 / 07.12.2018
4 347

Hozirgi yoshlar kattalardan ham aqlliroqmi?

Hozirgi yoshlar kattalardan ham aqlliroqmi?
O‘qishdan chiqib, har doimgidek mashrutkaga o‘tirib oldim. Ertangi qiladigan ishlarim haqida o‘ylab ketayotgan edim, bexosdan ikki yo‘lovchining suhbatini eshitib qoldim. Ular qariya onaxon va 18- 19 yoshlar chamasidagi bir yigit edi. Juda ham gap qizigan, bahs-munozara uchiga chiqqan bo‘lib, onaxon:

- E, bolam bilasanmi, biz kattalar hamisha sizlardan aqllimiz va ko‘p narsani bilamiz.Sizlar hali yoshsizlar deb, o‘z gapini uqtirmoqchi bo‘layotgan edi. O‘sha yigit esa kulimsirab, aqlliman dedingizmi xola, qo‘ysangizchi, siz hattoki oddiygina telefoningizni ishlatishni ham bilmaysiz-ku. Biz yoshlar siz bilmagan ko‘p narsani bilamiz va tushunamiz. Masalan, kompyuterda yozishni bilasizmi, telegram orqali narsalar jo‘natishni-chi? Yo‘q, bilmaysiz! Onaxon sizlar juda eski davrni odamlarisiz, bizni aqlimiz yetgan narsaga sizlar urinsangiz ham tushunolmaysiz, men bilan baribir tenglasholmaysiz, – deya qariyani gapini bo‘lib tashladi. Onaxon o‘z nevarasi tengi bir boladan xuddi qattiq tarsaki yegandek jim bo‘lib qolgan edi. Men endi onaxon nima der ekan, deb tikilib turgan edim, orqa o‘rindiqda o‘tirgan bir amaki suhbatga qo‘shildi:

- Hoy yigitcha, sen shunchalar aqllimisan? Hamma narsani bilasanmi?

Yigit dadilgina bo‘lib: - Ha aqlliman, sizlardan ko‘ra biz yoshlar ko‘p narsani bilamiz, sizlar eskicha o‘ylaysizlar!

Amaki bu safar xotirjamlik bilan yigitga savol berdi: - Xo‘p sen shunchalar ham aqlli va bizlardan ko‘ra ko‘proq narsani bilar ekansan-a! Agar shunday bo‘lsa mening bir savolimga javob ber-chi?

Amaki garchi marshrutka to‘la odam bo‘lsa-da, uyalmay baland-baland ovozda hikoya aytishni boshladi:

- Kunlardan bir kuni bir mushtipar ona bo‘lgan ekan. Uning oldiga ikki pahlavon yigit kelib, onaxon mana bu pullar sizda tursa maylimi? Biz uzoq safarga ketayapmiz, bu pullarni kimga qoldirishni bilmadik. Siz birovni haqidan qo‘rqadigan imonli, insofli ayolga o‘xshaysiz, deb onaxonga ko‘p miqdordagi pullarni tutqazishdi.

- "Qachon-ki sizning oldingizga ikkalamiz birga kelsak faqat o‘shandagina omonatimizni o‘zimizga qaytarasiz" dedi. Yigitlar shunday deb, safarga jo‘nab ketibdi. Bir oylar o‘tar -o‘tmas o‘sha yigitlardan biri onaxonning oldiga kelib o‘sha pullarni so‘rabdi: - Onajon sizga bergan pullarimizni olib ketgani keldim, do‘stimning tobi qochib qoldi, shuning uchun yolg‘iz kelishga majbur bo‘ldim. Hoziroq men shu pulllarni olib bormasam bo‘lmaydi. Do‘stimni davolatishim kerak , deya yalinib yolvoribdi. Onaxon unga ishonib o‘sha omonat pullarnii berib yuboribdi. Lekin bir haftadan so‘ng, o‘sha yigitlardan yana biri kelib, onaxondan pulni so‘rabdi.

Ayol hayron bo‘lib, so‘rabdi: - Axir sizdan oldin sherigingiz kelib, do‘stimning ahvoli og‘ir, pullarni olib ketmasam bo‘lmaydi deb kelgandi berib yubordim-ku, debdi.

Shunda yigitning jahli chiqib, onaxonni qoziga topshiribdi. Qozi esa o‘sha ayolni qamab qo‘yibdi va o‘sha omonat pullarni qayerdan bo‘lsa ham topib berishi kerakligini, agar topib bermasa uni bir umr qamoqda saqlashini aytibdi. Ayol juda tushkun ahvolda nima qilishini bilmay, och-nahor qamoqxonadan chiqmay o‘tiraveribdi.

Uning 6 yoshli Muhammad ismli farzandi bo‘lib, bolakay onasini bu ahvolda ko‘rishga chiday olmabdi-da o‘sha yigitning va qozining oldiga boribdi. U shunday bir so‘z aytibdi-ki, qozi janoblari bolakayning onasini ozod etibdi.

- Xo‘sh yigitcha, aytchi o‘sha bolakay nima debdi?

Amaki aytib bergan hikoyani eshitib, manzilimga qanday qilib yetib olganimni ham bilmay qolibman, lekin men uchun yigitning javobi qiziq edi, shuning uchun ham keyingi bekatda tushishga qaror qildim va suhbatni eshitishda davom etdim. Menda texnologiya asrining barcha texnikalaridan xabari bor bu yigit, ushbu savolning javobini topa olarmikan degan qiziqish bor edi. Shunda yigit jiddiy turib shunday javob berdi: - Bola, onamni qo‘yib yuboring, mayli meni jonimni oling, desa kerak-da yoki bo‘lmasa, o‘sha ayolning shunaqa kichkinagina farzandi borligini ko‘rib rahm qiladi-da. - deb javob berdi. Amaki kulimsirab, yosh yigit bilan bahslashgan o‘sha ayoldan so‘radi: -Opa siz nima deb o‘ylaysiz???

- Bola agar aqlli bo‘lsa, o‘sha yigitga: - Onamga ikkingiz pul bergansiz va faqat ikkalamiz birga kelsak qaytarasiz deb aytgansiz. Sizlar birga kelinglar shunda pulingizni qaytaramiz, deydi..

Onaxonning javobidan marshrutkada o‘tirgan yo‘lovchilar –haaaa to‘g‘riiiii, -deb yuborishdi.

Amaki onaxonning gapini ma’qullab:-To‘g‘ri aytdingiz bolakay xuddi shunday deydi va qozi uning onasini ozod etib:

- Va’daga vafo qilib, qachonki ikkingiz kelmas ekansiz o‘sha pullarga ega bo‘lolmaysiz. Shu mittigina bolakayning aqli yetgan narsaga aqlim yetmabdi-ya, - deb yigitni jo‘natib yuboradi.

- Ko‘rdingmi, yigitcha, sen hattoki shu 6 yoshli bolakay topgan narsani topa olmading. Yana onang tengi ayoldan ham o‘zingni aqlliroq hisoblaysan-a, -deb amaki unga savol nazari bilan qaradi.

Yigit uyatdan qizarib, men tushayotgan bekatda u ham tushib qoldi.

Maftuna Mirzaxo‘jayeva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hozirgi yoshlar kattalardan ham aqlliroqmi?