13:07 / 08.12.2018
3 643

Shavkat Mirziyoyev: «Ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda»

Shavkat Mirziyoyev: «Ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda»
«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini ushbu ayyom bilan muborakbod etib, siyosiy-huquqiy hayotimizdagi o‘zgarishlar haqida ma’ruza qildi.

«Bugungi kunda yurtimizda inson huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, shaxsni ayblashda qonunga zid usulda olingan ma’lumotlardan dalil sifatida foydalanganlik uchun qat’iy javobgarlik belgilandi.

Fursatdan foydalanib, yana bir bor takrorlayman: sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo‘lishi kerak.

Bu borada Alisher Navoiy bobomiz “Zulm qilma, insofli bo‘l, xalq uchun “adl qasri”, ya’ni “adolat qo‘rg‘onini” bunyod et”, deb aytgan so‘zlarida qanchalik chuqur ma’no bor.

Adolat qo‘rg‘oni qachon paydo bo‘ladi? Qachonki sud organlari, sudyalar qonunga, odillik tamoyillariga qat’iy amal qilib, o‘z vazifasini halol va vijdonan ado etsa, bunga erishish mumkin», - dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, ayni paytda sud-huquq islohotlari jarayonida sudyalikka nomzodlarni tanlash, shaxsiy va kasbiy sifatlarini o‘rganishning chinakam demokratik va oshkora tizimini joriy etish lozim. Xususan, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, nomzodlarni sudyalik lavozimiga tavsiya etish tartibini qonun bilan mustahkamlab qo‘yishni maqsadga muvofiq.

«Afsuski, ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: «Ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda»