10:43 / 23.12.2018
4 105

Bosh vazir: “Ayolga tamg‘a qo‘yish oson, lekin oldin do‘ppini qo‘yib o‘ylash kerak...”

Bosh vazir: “Ayolga tamg‘a qo‘yish oson, lekin oldin do‘ppini qo‘yib o‘ylash kerak...”
Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining sarhisob konferensiyasida ma’lum qilinishicha, mahallalar kesimida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga moyilligi bo‘lgan 62 ming nafardan ziyod xotin-qizlarning aniq ro‘yxatlari shakllantirilib, ularga murabbiylar biriktirilgan. Olib borilgan profilaktik ishlar natijasida respublika bo‘yicha xotin-qizlar jinoyatchiligi 2016 yilda - 5 foizga, 2017 yilda 11 foizga kamaygan bo‘lsa, 2018 yilda 35,7 foizga kamayishiga erishilgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, turli diniy ekstremistik oqimlar a’zolari bo‘lgan ayollarni sog‘lom hayotga qaytarish borasida olib borilgan ishlar natijasida 3 000 nafardan ziyod ayollar maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan.

Bundan tashqari, 2018 yilda 113 nafar jinoyat va 780 nafar huquqbuzarlik sodir etgan xotin-qizlar kafillik asosida jazodan ozod etilgan. 9 437 ta notinch oila bilan profilaktik ishlar olib borilib, 72 foizida notinchlik bartaraf etilgan. Biroq, Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar hali yetarli natija bermayotgani ta’kidlandi.

Ta’kidlanishicha, xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning 16 foizini - firibgarlik, 14 foizini - iqtisodiy jinoyatlar va 11,4 foizini o‘g‘irlik jinoyatlari tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov bu masalaga munosabat bildirar ekan, shunday dedi:

“Ayrim rahbarlar ayollar masalalariga oid muammoni hal etish faqat Xotin-qizlar qo‘mitasining vazifasi, deb hisoblashadi. Ochig‘ini aytsak, bu kaltabinlik. Aslini olganda, jamiyatdagi xotin-qizlar muammosini hal etish - har bir rahbarning vazifasi. Har xil bema’ni gaplar gapiriladi - “ayollar yomon yo‘lga kiribdi“ deb, ayol yaxshi hayotdan kirmaydi bu yo‘lga. Har bir ayol orzu-havasli bo‘ladi, “bola-chaqamni boqaman“ deydi, ko‘p narsalar noilojlikdan kelib chiqadi. Ayolning ishlash uchun boshqa davlatga ketgani bizning bu yerda sharoit qilib bermaganimizdan“.

Bosh vazir bu yo‘nalishda demografik, gender masalalar, har bir hududning o‘zidan kelib chiqadigan muammolardan kelib chiqib, rejalashtirish ishlarini amalga oshirish kerakligini qayd etdi.

“Tamg‘a qo‘yish oson, lekin undan oldin do‘ppini qo‘yib o‘ylash kerak. Bandlik vazirligi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda joylardagi demografik vaziyatdan kelib chiqqan holda ishsizlar darajasini o‘rganib, taklif berishi kerak. Sizlar shunday dastur tashabbusi bilan chiqishingiz kerak va bunda, albatta, xotin-qizlar qo‘mitasi takliflarini olishingiz kerak. Prezidentimizning talablari ham shu - mahalliy aholi uchun munosib ish o‘rinlarini tashkil etish. Shuning uchun Hukumat tarkibidagi faoliyatim davrida aholi va birinchi navbatda, ayollarni munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlash borasida birgalikda ish olib borishga va’da beraman“, - deya qo‘shimcha qildi Abdulla Aripov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh vazir: “Ayolga tamg‘a qo‘yish oson, lekin oldin do‘ppini qo‘yib o‘ylash kerak...”