06:55 / 31.12.2018
6 130

O‘zbekistonda fuqarolik pasporti o‘zgaradimi?

O‘zbekistonda fuqarolik pasporti o‘zgaradimi?
Foto: O‘zA
2011 yil namunasidagi O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti ayni vaqtda har bir o‘zbekistonlikda bor. Endi ana shu biometrik pasportlar bilan xayrlashamiz, deyiladi O‘zA xabarida. Ya’ni 2019 yil 1 yanvaridan boshlab xorijga chiqish uchun alohida pasport joriy etiladi. 10 ish kuni davomida tayyorlab egasiga tutqaziladigan bu hujjat 16 yoshdan kattalar uchun 10 yil muddatga, voyaga yetmagan bolalar uchun 5 yil va undan kam muddatga beriladi.

Uning afzalligi — o‘zida elektron ma’lumotlarni saqlaydi va boshqa ortiqcha hujjatlarni talab qilmaydi. Ko‘pchilikda savol paydo bo‘ldi: xorijiy pasport bilan chet elga chiqib ketayotganda hozirgi biometrik pasportni topshirishimiz kerakmi? Yo‘q, ikkala pasport ham shaxsning o‘zida saqlanadi.

Mutaxassislar 1 yanvardan stiker, ya’ni ruxsat berish tizimi umuman bekor qilinib, chet elga chiqish uchun mazkur pasportning o‘zi yetarli bo‘lishini ma’lum qilmoqda. Jahon tajribasi o‘rganilganda, ichki va tashqi foydalanish uchun ikki xil hujjat yuritiladi va bu Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO)ning talabi hamdir. Xalqaro andozalarga javob beradigan pasportni joriy etilishi xorijga chiqish tartibini yanada takomillashtirib, xorijga chiqish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda byurokratik to‘siqlar va korrupsiya holatlarining oldini oladi, harakatlanish hujjatining amal qilish muddatini uzaytiradi, fuqarolarning davlat chegarasidan o‘tkazish punktlarida pasport nazoratidan o‘tish tartib-taomillarini tubdan soddalashtiradi.

Qayd etish joizki, bu pasport aliment to‘lamagan yoki sud tomonidan ba’zi bir sabablarga ko‘ra xorijga chiqishi ta’qilangan fuqarolarga rasmiylashtirilmaydi.

Hozirgi pasportlarning taqdiri nima bo‘ladi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular ham 2021 yilga qadar amalda bo‘ladi. Fuqarolar amalda qo‘llanilayotgan 2011 yilgi namunadagi biometrik pasportidan foydalangan holda mamlakatdan chiqishi mumkin. Amal qilish muddati tugamagan stiker yozuvi mavjud yashil pasportlarimiz bilan O‘zbekistondan vizasiz borish mumkin bo‘lgan MDH davlatlariga — Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya, kabi mamlakatlarga bemalol borish mumkin.

Shuningdek, xorijga chiqish stikeri yopishtirilgan 2011 yil namunadagi amaldagi biometrik pasport bilan ham stikerning amal qilish muddati tugagunga qadar xorijga chiqib kelish mumkin. Stiker muddati tugagach, pasport yangi namunadagi pasportga almashtiriladi.

Nega ular aynan 2021 yilgacha amalda bo‘ladi? Chunki, hozirda mavjud biometrik pasportimiz 2011 yildan berila boshlagan edi. Ularning muddati o‘n yil. Demak, ikki yildan so‘ng mamlakatda amaldagi pasport tizimi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma va boshqa shu turdagi shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (haydovchilik guvohnomasidan tashqari) o‘rniga identifikatsion kartalar berish boshlanadi. Demak, hademay yam-yashil pasport bilan xayrlashib, yangi qirmizi rang xorijga chiqish pasportiga ega bo‘lamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda fuqarolik pasporti o‘zgaradimi?