08:44 / 07.01.2019
5 357

Buxoroda 16 yoshli maktab o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ydi...

Buxoroda 16 yoshli maktab o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ydi...
Foto: «Daryo»
Buxoro viloyatining Romitan tumanida istiqomat qilgan 16 yoshli Durdona Rahmonovaning hovlisining molxonasida o‘zini osib qo‘ydi. Bu haqda «Daryo» nashri ma’lum qildi.

Durdona Rahmonova 2002 yilda Romitan tumanidagi Ayronchi qishlog‘ida tug‘ilgan, tumandagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinfida tahsil olgandi.

Maktab direktori Istam Hayitovning bildirishicha, maktabda o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishlarning oldini olish bo‘yicha doimiy ravishda suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazib kelinadi. Faol va barchaga o‘rnak Durdonaning kutilmaganda o‘zini osgani haqidagi xabar maktab jamoasini sarosimaga solib qo‘ygan.

Qizning sinf rahbari Inobat Nurillayeva: «Men Durdona tahsil olgan sinfda olti yildan buyon rahbarman. U birovni ranjitadigan yoki kim bilandir xafalashib yuradigan qiz emasdi. Biror sinfdoshi yoki tengdoshi bilan janjallashmagan, tortishmagan. O‘zini osgan kun — 7 dekabr kuni ham darslarda ishtirok etdi. Unda hech qanday tushkunlik yoki yomon kayfiyat sezmagan edik».

Durdona Rahmonovaning ammasi Dilafro‘z Ergashevaning bildirishicha, u kechki taxminan 18:00 da pechka isitishga o‘tin keltirish uchun o‘zi yashaydigan hovli molxonasiga borgan va qaytmagan. Qizning ro‘moli bilan molxona ustuniga o‘zini osib qo‘ygani ustidan chiqishgan.

«Durdona oilada uch farzandning to‘ng‘ichi. Hammaga mehribon, odamovi qiz edi. Ukasining aytishicha, bir necha kundan buyon molxona tomonga borsam, bosinqiragandek bo‘laman, kimdir ustimga bostirib kelayotgandek bo‘ladi, degan ekan. G‘aflatda qolibmiz»,—deydi u.

«Durdona o‘ziga qarab yuradigan, lekin juda og‘ir, bosiq qiz edi. Odamovilik ham yo‘q emasdi unda. Biroq, uning odamoviligi molxona ustuniga ro‘moli bilan o‘zini osib qo‘yadigan darajada emasdi. Doim mantiqiy va ruhiy testlarga sog‘lom fikr va sog‘lom qarashlar bilan javob yozib kelgan»,— deydi maktab psixologi Nafisa Xalloqova.

«Yoshgina qizning o‘z joniga qasd qilgani hammamizni esankiratib qo‘ydi. Ota-onasi ham ibratli, fazilatli insonlar. Durdona uch farzandning to‘ng‘ichi. Farzandimiz qatori, erta-indin mustaqil hayotga qadam qo‘yadigan pallada edi. Bir farzandni ulg‘aytirib, voyaga yetkazishning o‘zi bo‘ladimi? - so‘zladi marhumaning hamqishlog‘i Rustam Sattorov. — Kecha yarim tunda onaizori qizining qabristoni boshiga boribdi. Hushdan ketgan holda topib keltirishibdi. Bunday hasratni ko‘tarish oson emas».

Mazkur holat tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda 16 yoshli maktab o‘quvchisi o‘zini osib qo‘ydi...