14:08 / 07.01.2019
7 945

Qo‘qondagi Yangi yil archasi nima sababdan yonib ketganligi ma’lum qilindi

Qo‘qondagi Yangi yil archasi nima sababdan yonib ketganligi ma’lum qilindi
2019 yilning 5 yanvar kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahri Yangi chorsu ko‘chasida joylashgan Muqimiy nomidagi drama teatri hovlisiga o‘rnatilgan archada yong‘in sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yong‘in haqida xabar soat 17 dan 15 daqiqa o‘tganda Qo‘qon shahar Yong‘in xavfsizligi bo‘limiga kelib tushgan. Voqea joyiga 2 ta yong‘in o‘chirish ekipajlari soat 17 dan 18 daqiqa o‘tganda yetib kelib, yong‘in bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida balandligi 23 metr va diametri 6 metr bo‘lgan sun’iy archaning to‘rtdan bir qismi zararlangan.

Yong‘in sababi o‘rganilganda, archa yonuvchan polimer materialdan tayyorlanganligi, uni bezatish uchun svetodiodli girlyandalar ishlatilganligi ma’lum bo‘ldi. Yong‘in sodir bo‘lgan kuni yomg‘ir yog‘ib, yog‘ingarchilik tugagandan so‘ng elektr girlyandalar ishga tushirilgan va yong‘in elektr simlardagi qisqa tutashuv natijasida yuzaga kelganligi taxmin qilingan.

Bayram joylarida o‘rnatilgan archalar asosan yonuvchan polimer materiallaridan tayyorlanib, tadqiqotlarga ko‘ra, yonish manbai ta’siridan (3000Sdan yuqori haroratda) alangalanadi va 1 daqiqada 0,5 metr tezlikda tarqaladi.

Yonish manbai asosan archaga o‘rnatilgan elektr girlyandalarning simlarida qisqa tutashuvi yoki ularning o‘ta qizib ketishidan sodir bo‘ladi. Agarda sifatsiz ishlab chiqarilgan girlyandalar o‘rnatilgan bo‘lsa, yomg‘ir yoki ob-havoni sovib-qizishi natijasida qobig‘i ichida kondensat (namlik) yig‘ilib, uni ta’sirida girlyandalarni ishga tushirish vaqtida simlarda qisqa tutashuv bo‘lib, yong‘in kelib chiqadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘qondagi Yangi yil archasi nima sababdan yonib ketganligi ma’lum qilindi