23:50 / 07.01.2019
5 431

Buxoroda rashk ortidan 20 yashar yigit o‘z tanishini o‘ldirib ketdi

Buxoroda rashk ortidan 20 yashar yigit o‘z tanishini o‘ldirib ketdi
Foto: Buxoro viloyati IIB
Buxoro tumanidagi «Sheyxon» MFY Dexchabegi qishlog‘i hududidan oqib o‘tuvchi «Sattorobod» arig‘idan 20 yashar yigitning murdasi topildi. Buxoro viloyat IIB matbuot xizmati rahbari, mayor Quvvat Yarashovning «Daryo»ga xabar berishicha, fojia rashk oqibatida sodir etilgan.

1999 yilda tug‘ilgan marhum Sh.S. tengdoshi A.U. bilan oldindan tanish bo‘lgan. A.U.o‘zi yoqtirgan qiz bilan Sh.S.ning ishqiy munosabatda bo‘lib kelganidan xabar topib, rashk oqibatida uni o‘ldirish payiga tushgan. Shu maqsadda A.U. Sh.S.ni Buxoro shahridagi «Rohat» avtobekatiga chaqirgan. Ikki yigit Sh.S.ga tegishli avtomashina salonida qattiq janjallashib qolgan.

A.U. o‘zi bilan birga olib kelgan oshxona pichog‘i bilan Sh.S.ning ko‘krak qafasi oldi va yuzasiga 2 marta, chap yelka kamari sohasiga 2 marta va chap qo‘ltiqosti sohasiga 1 marotaba urib, jarohat yetkazib, qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan. A.U. o‘z jinoyatini yashirish maqsadida Sh.S.ning shaxsiy mashinasidan foydalanib, uning murdasini Buxoro tumanidagi «Sattorobod» arig‘iga tashlagan. Unga tegishli avtomashinani esa Do‘lama qishlog‘i hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘li yoqasiga qulflangan holatda tashlab ketgan.

Foto: Buxoro viloyati IIB
«Tezkor sa’y-harakatlar natijasida sodir etilgan jinoyat aniqlandi. Endigina 20 yoshda bo‘lgan fuqaro A.U. tomonidan sodir etilgan qotillik sabablari o‘rganilmoqda. Ota-onalar, mahalla-ko‘y, huquq-tartibot idoralari vakillari o‘rtasida yig‘ilishlar o‘tkazilib, jinoyat muhokama qilinmoqda», — dedi Buxoro tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Azimjon Xoliqov.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi («qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar kamida 10 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda rashk ortidan 20 yashar yigit o‘z tanishini o‘ldirib ketdi