11:28 / 08.01.2019
5 649

To‘ylarimiz haqida: «Rashki yo‘q insonda yaxshilik yo‘qdir!»

To‘ylarimiz haqida: «Rashki yo‘q insonda yaxshilik yo‘qdir!»
«G‘ayurligi – rashki yo‘q kimsada hech bir yaxshilik bo‘lmaydi»
Musannif rahmatullohi alayhi

So‘ngi vaqtlarda internet tarmoqlarida kelin-kuyovning bir guruh yigitlar orasida, noshar’iy kiyimlarni kiygan holatda vals tushgan videosi keng tarqalib ketdi. Musulmonlar uchun sharmandali bo‘lgan bunday holatni ko‘rib, yigitga ham, qizga ham, ularga tarbiya bergan oilasiga ham achinasan kishi. Eng yomoni esa to‘yxonada ularning raqslarini tomosha qilib, kelinga shahvat bilan termulayotgan shirakayf kuyovjo‘ralar, to‘yxonada qarsak chalib turgan qizlar va yoshi katta ayollarning borligidir. Bunday to‘ylarni oddiy holatday qabul qila boshlagan jamiyatimiz esa biz musulmonlarning fojiasidir.

To‘yxonalarda ochiq-sochiq kiyinib, nomahramlar orasida bemalol yurgan muslima ayollar, e’tibor bering, Robbimiz O‘z Kalomida bizga nima deydi: “Sen mo‘minalarga ayt: “Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, magar zohir bo‘lganlar bo‘lsa (mayli) (“Nur” surasi, 31-oyat). Bugun sizlar Allohning buyruqlarini bir chetga surib qo‘yib, o‘z erlaringiz uchun ham emas, ko‘chadagi begonalar uchun ziynatlanmoqdasiz.

To‘ylarda bemalol ichib, kayf-safo qilishdan qaytmaydigan, ayol-qizlarga suqlanib boqishdan o‘zini tiyolmaydigan musulmon erkaklar, bilib qo‘ying, Robbimiz bizga nima degan: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (“Moida” surasi, 90-oyat). Shuningdek Alloh taolo “Nur” surasida “Sen mo‘minlarga ayt: “Ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar”, deya nomahramlarga nazar solishdan qaytarmoqda.

Alloh haq subhanahu va taoloning amrlari sizga o‘yinchoq bo‘ldimi? Axir sharmandalarcha qilayotgan to‘y bazmingizdan biroz avval, ana shu Robbimizning buyrug‘i ila pok nikoh ahdini bog‘ladingiz-ku, Qur’on oyatlarini tilovat qilib, Allohdan yangi oilaga baxt-saodat so‘radingiz… Endi shu oilani Alloh harom qilgan, katta gunohlar bilan boshlamoqchimisiz?

Alloh taoloning nafsingizga yoqqan, oson tuyulgan buyruqlarini qabul qilasiz-u, shayton sizga ziynatlab qo‘ygan fahsh va haromlardan qaytmaysizmi? Nikoh ahdini bog‘laysiz, vafot qilsa janoza namozini o‘qitasiz, tug‘ilganida azon aytib, ism qo‘yasiz, lekin avratingni berkitib yurgin, namoz o‘qi, aroq ichmagin desa, sudxo‘rlik va zino qilmagin desa rad qilasizmi? Musulmonlar shunday bo‘ladimi? Yo‘q aslo, unday bo‘lmaydi. Alloh va uning Rasulidan ochiq-oydin buyruq kelganida mo‘min-musulmonlar faqatgina “Eshitdik va itoat etdik” deydilar. Allohning bir buyrug‘ini olib, boshqasini qo‘yib qo‘ymaydilar. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq dushmandir” (“Baqara” surasi, 208-oyat). Tushunyapsizmi, Islomga to‘lig‘icha kiring, demoqda Robbimiz.

Ammor ibn Yosir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Uch toifa odamlar hech qachon jannatga kirmaydilar: da’yuslar, erkakshoda ayollar, xamr (mast qiluvchi narsa)ga mukkasidan ketganlar” (Tabaroniy rivoyati).

Tasavvur qilyapsizmi, siz bunday sharmandali bazm va to‘ylarda shafoatgo‘yimiz, doimo rost so‘zlovchi suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan, jannatga kirmaydigan uchala toifani ham bir yerga jamlab qo‘ydingiz. To‘yxonada o‘tirgan, ayol-qizlarini ochiq-sochiq yurishiga indamay, quvonib o‘tirganlar da’yuslar ham shu yerda, to‘yxonaning yarmidan ko‘pini egallagan mast-alast erkaklar, hattoki ichuvchi ayollar ham shu yerda. Hadisi sharifda kelgan uchinchi toifa o‘zini erkaklarga o‘xshatuvchi, sochlarini erkaklardek kesib olgan, davralarda hayo va iboni bir chetga surib qo‘yib erkakshodalik qilayotgan, tinmay raqsga tushayotgan ayollar esa nafaqat to‘y-bazmlarimizda, balki hamma joyda ko‘payib ketdi. Bundan tashqari, bunday to‘y bazmlar yana qanchadan-qancha gunohlarga sabab bo‘lmoqda: farz namozlar tashlab qo‘yilmoqda, vaqt, mahsulotlar va pullar behuda isrof bo‘lmoqda, mo‘minlar bir-birini g‘iybat qilmoqda, iymonlarga darz ketmoqda… Ehhh, nauzibillah.

To‘ylarni ko‘rsam, bir necha yil avval o‘qiganim, bir voqea esimga kelaveradi. Bir musulmon yigit uylanish arafasida taqvodor do‘stini ham to‘yga aytibdi. Lekin do‘sti to‘yga kelmabdi. To‘y esa juda dabdabali tarzda, qimmat restoranda, erkak va ayollar aralash, katta san’atkorlar ishtirokida o‘tibdi. Shaharda rosa ovoza bo‘libdi. To‘ydan bir necha hafta o‘tgach, kuyov bolaning taqvodor do‘sti mehmonga kelibdi. Do‘stlar biroz suhbatlashib, choy ichib o‘tirishgach, mehmon: “Do‘stim, endi xotiningni chiroyli kiyintirib olib chiq, biz ham bir ko‘rib, tanishib qo‘yaylik!”, debdi. Kuyov bolaning ranglari o‘zgarib, jahli chiqib: “Nima deyabsan, esing joyidami, nimaga men senga xotinimni olib chiqib ko‘rsataman. Hatto rasmini ham ko‘rmaysan”, debdi. Shunda do‘sti aytibdi: “To‘ying kuni kelin bilan eng chiroyli kiyimlarni kiyib, mastlar va begonalarning oldiga ham chiqding-ku, men esa eng yaqin do‘stingman. To‘ying kuni ochiq-sochiq kiyimlarda, yotoqxonalarda rasmga tushib tayyorlagan “Love story”ni hammaga qo‘yib berding-ku, nega menga hatto rasmini ham ko‘rsatmaysan? Nega shuncha odamdan qizg‘anmasdan, mendan rashk qilyapsan?”, debdi. Or-nomusli, hamiyatli musulmon uchun bundan ortiq tarsaki va tarbiya bo‘lmasa kerak, menimcha.

Rashksiz, fahshni xush ko‘ruvchi bunday insonlardan jamiyat ham hech qanday foyda ko‘rmaydi. Zino va fahsh ishlar qanchadan-qancha sivilizatsiya va shaharlarni yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi. Hozirgi G‘arb davlatlari, AQSh va Rossiyada ham aynan fahsh va zinoning keng tarqalishi oqibatida, so‘nggi yillarda aholi soni keskin kamayib ketmoqda, olimlari demografik muammolarni qanday yechishni bilmay boshlari qotgan.

Men sizlarni bu to‘y-bazmlar urf-odatimizga, ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi yoki qonunlarda isrofgarchilik bilan to‘y qilish mumkin emas, deya qaytarmoqchi emasman. Chunki bunday gunoh ishlardan qaytish iymon talabidir. Bu ishlar Alloh va uning Rasuli belgilab bergan qat’iy chegaralarni buzadigan, katta gunoh va o‘zimizga zulm bo‘lgan ishlardir. Men Alloh uchun o‘zimni va sizlarni bunday gunohlarni qilishdan qaytaraman. Chunki, Robbimiz Haq taolo “Tavba” surasida shunday marhamat qiladi: “Mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyururlar, yomonlikdan qaytarurlar, namozni to‘kis ado eturlar, zakotni berurlar hamda Alloh va Uning Rasuliga itoat qilurlar” (71-oyat). Biz mo‘minlar shunday bo‘lishimiz kerak, qo‘llarimizdan kelganicha yaxshilikka buyurib yomonlikdan qaytaraylik. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham aytganlar-ku: “Sizdan kim bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin, ana o‘sha eng zaif iymondir”.

Mo‘min va mo‘mina birodarlarim tavba qilaylik, bunday ishlardan qaytaylik va qaytaraylik. Alloh mehribon, rahmdil va tavbalarni ko‘plab qabul qiluvchidir.

Qo‘l ostimizdagilarni qo‘limiz bilan qaytarib, do‘zax o‘tidan asrab qolaylik, jamiyatimizga hech bo‘lmasa nasihat qilib, eslatma berib, tilimiz bilan gunohlardan qaytaraylik. Eng zaif iymon egalari qatoriga tushib qolishdan esa, Alloh asrasin!
Farrux ABSATTAROV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘ylarimiz haqida: «Rashki yo‘q insonda yaxshilik yo‘qdir!»