DSQda soliq qarzini undirish uchun mas’ul bo‘lgan boshqarma boshlig‘i ishdan bo‘shatildi

  • 09 yanvar 2019, 12:00
  • 730
  • Jamiyat
  • DSQda soliq qarzini undirish uchun mas’ul bo‘lgan boshqarma boshlig‘i ishdan bo‘shatildi
    Ijtimoiy tarmoqlarda “Soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom loyihasi keng jamoatchilik o‘rtasida keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

    Hujjat loyihasida qarzdor jismoniy shaxslarning soliq qarzi bank plastik kartalaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda so‘zsiz undirib olinishini nazarda tutilishi e’tirozlarni keltirib chiqardi.

    Mazkur qaror loyihasi bo‘yicha keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan e’tiroz va takliflar o‘rganilganda, loyiha puxta tayyorlanmaganligi, Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyatining takliflari va tavsiyalarini inobatga olinmasdan hamda kelishilmasdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirilganligi aniqlangan.

    Nizom loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyatining dastlabki muhokamasida jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida:
    - o‘z majburiyatlarini bajarishlarida servis xizmatini ko‘rsatish;
    - davlat soliq inspeksiyasiga tashrif buyurmasdan soliqlarni to‘lash imkoniyatini yaratish;
    - ularning yozma roziligi (kelishuv) asosida plastik kartalaridan har oyda kelishilgan mablag‘larni soliq to‘lashga yo‘naltirish nazarda tutilishi belgilangan edi.

    Ammo, Nizom loyihasida yuqoridagi norma qayd etilmaganligi aniqlanib, loyihani ishlab chiqilishida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar va mas’uliyatsizligi uchun Davlat soliq qo‘mitasining mas’ul boshqarma boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

    Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Nizom loyihasi qaytadan ko‘rib chiqilmoqda hamda unda jismoniy shaxslarning bank kartalaridan mablag‘larni undirish faqatgina ularning roziligi asosida amalga oshirilishi belgilanadi, deyiladi xabarda.

    » » DSQda soliq qarzini undirish uchun mas’ul bo‘lgan boshqarma boshlig‘i ishdan bo‘shatildi