«O‘zbek degan millat bu qadar sharmanda bo‘lmagan​!»

  • 12 yanvar 2019, 00:32
  • 9 176
  • Jamiyat
  • «O‘zbek degan millat bu qadar sharmanda bo‘lmagan​!»
    Ikki-uch kundan beri “Bravo“ jamoasi haqida tanqidiy mavzularga ko‘zim tushib, “kim ekan u?” deb, qaragim keldi. O‘sha eski masxarabozlar yangi choponda chiqibdi. Besh kunda uch million to‘rt yuz mingdan ortiq odam tomosha qilibdi, oltmish olti mingdan ortiq odam ma’qullik belgisini, o‘n uch mingdan ortig‘i yoqmadi belgisini bosibdi. Rostini aytaman, o‘tkazib-o‘tkazib, u yer-bu yerini ko‘rdim, zo‘rg‘a sabr qildim. O‘zbek degan millat bu qadar sharmanda bo‘lmagan, ishoning…

    Yetti-sakkiz yoshli bolalarni olib kelgan ota-onalar, ayolini hayosiz askiyalarni eshittirishga qo‘ltiqlab kelgan “er”lar, saksonlarni qoralab qolgan, og‘zini o‘zining farzandlari oldida katta-katta ochib kulishga uyalishi kerak bo‘lgan ayollar, erining yonginasida o‘tirib olib, yetti yot begona odamning sassiq gaplariga hiringlayotgan xotinlarni ko‘rib yuraklarim og‘rib ketdi. Bu millatning erlari bu qadar dayus bo‘lmagan…

    Men tushunmayman, rostdan tushunmayman! Qaysi farosat bilan o‘zining halol ayolini ishtonsizliklar qola-qolib, ishtonsiz gaplar aytiladigan, ayollar, onalar, qizlar haqorat qilinadigan jamiyat orasiga olib kelishini tushunmayman. Ayting-chi siz ham, shu dayuslik belgisi emasmi!?

    Bu holatga jamiyat, jamoat, rayosat toqat qilib turishi dayuslikka, yuzsizlikka, hayosizlikka targ‘ib qilinishiga rozi bo‘lishi, ruxsat berishimasmi? Endi biz o‘ldikmi? Sharq o‘ldimi yo? Hamiyatli erlar, g‘ayur erkaklar, burdi bor otalar zamondan orqadamikan balki!?

    Bugun kayfiyatlarim tushdi, ta’bim tirriq bo‘ldi, hayolimda botqoq ichiga botib ketganday bo‘ldim, men-ku amallab, noroziligim bilan yashab o‘tib olarman, mendan keyinlarim-chi, ular ko‘nib bormasmi!?

    Quyidagi suratni o‘sha konsertdan oldim. Sizning yaqiningiz, balog‘atga yetgan qizingiz shunday kulsa, bo‘lib ham, o‘n ming odam orasida, millionlab tomoshabin qarshisida shunday chiqib tursa, g‘azablanmaydigan odam ham bormi!? Yoqmadimi sizga!? Menga ham!

    Bugun siz bilan biz raddiya bermasak, yuqoriga arz qilmasak, erta-indin kech, judayam kech bo‘lmasmikan!? O‘ylab ko‘rarmiz balki!?
    Men bunday hayosizlikni, yuzsizlikni, tarbiyasiz-pastkashlikni tushunmayman aslo!
    Salim AYYuBIY

    Manba: Azon.uz

    » » «O‘zbek degan millat bu qadar sharmanda bo‘lmagan​!»