14:08 / 16.01.2019
5 438

Pensiyalar qanday qilib qaytadan hisoblab chiqiladi?

Pensiyalar qanday qilib qaytadan hisoblab chiqiladi?
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Toshkent shahar boshqarmasining pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori 8 EKIHdan 10 EKIHgacha oshirilgani munosabati bilan pensiyalar qaytadan hisoblab chiqilishi to‘g‘risidagi rasmiy tushuntirishi Norma sharhida yoritildi.

Masalaning tarixi
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 12.12.2018 yildagi PF–5597-son farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori EKIHning 8 baravaridan 10 baravarigacha oshirildi. Shu munosabat bilan tayinlangan pensiyalar miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi.

Nashr shu mavzuda ko‘p savollar kelib tushayotganini, pensiyalarni qaytadan hisoblab chiqish tartib-taomilini belgilovchi alohida hujjat mavjud emasligini inobatga olgan holda quyidagi savollarga tushuntirish berishni so‘rab byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qildi:

• pensiya qachon tayinlanganidan qat’i nazar, pensiyani qaytadan hisoblab chiqish to‘g‘risidagi qoida barcha pensionerlarga nisbatan qo‘llaniladimi;
• pensiya qay tartibda qaytadan hisoblab chiqiladi, pensioner shaxsan murojaat qilishi zarurmi, u qanday hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Toshkent shahar boshqarmasining tushuntirish berishicha, Farmonga muvofiq, pensiya tayinlangan sanadan qat’i nazar, pensiyalarni hisoblab chiqarishda qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqi 8 EKIHdan ortiq bo‘lgan barcha pensionerlarning pensiya miqdorlari qayta ko‘rib chiqiladi.

Bugungi kunda elektron ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan barcha pensiya yig‘majildlari bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi, shu sababli pensionerlarning o‘zlari pensiyalari indeksatsiyalanishi uchun qayergadir alohida murojaat qilishlari kerak emas.

Ayni paytda, pensiya oluvchilarda savollar yoki qaytadan hisoblab chiqish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ular yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etishlari va ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Idora pensiya bo‘limiga murojaat qilganda pensionerning qo‘lida aynan qanday hujjatlar bo‘lishi kerakligi xususida aniqlik kiritmadi. Bu vaziyatda Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 147-bandiga amal qilishni maslahat beramiz.

Boshqarma o‘z tushuntirishida pensiyani hisob-kitob qilish uchun EKIHning 8 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi olinadigan «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 31-moddasiga havola qilib, ushbu norma 2019 yil 1 yanvargacha amal qilganini qayd etib o‘tgan. Biroq sharh tayyorlangan paytda unga o‘zgartirishlar kiritilmagan edi. Bu bilan turli yuridik kuchga ega bo‘lgan ikkita normativ-huquqiy hujjat: prezident farmoni va qonun o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelmoqda.

Ayni paytda Boshqarma xatida shunday deyiladi: «...kompyuterdagi ma’lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida barcha pensiya yig‘majildlari bo‘yicha pensiyalar qaytadan hisoblab chiqarildi...». Bundan yuqorida tilga olingan farmon asosida pensiyalarni qayta ko‘rib chiqish jarayoni amalga oshirilmoqda, degan xulosaga kelish mumkin, deb yozadi Norma.

Pensiyalarni qayta ko‘rib chiqish mexanizmi to‘g‘risida
Boshqarmaning tushuntirishicha, pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqi o‘tgan yillardagi ish haqini pensiya hisoblab chiqarilgan kundagi darajaga keltirish maqsadida qaytadan hisoblab chiqiladi. Ya’ni ilk bor pensiya tayinlanganda hisobga olingan ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ular har gal oshirilganda tegishli koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda qaytadan hisoblab chiqiladi («zamonaviylashtiriladi»).

So‘ng 2019 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun 10 EKIHdan ortiq bo‘lmagan miqdordagi o‘rtacha oylik ish haqi qabul qilinishini, 1.11.2018 yildan buyon respublikadagi EKIH 202 730 so‘mni tashkil etishini inobatga olgan holda pensiyalarni qaytadan hisoblab chiqishga misollar keltirilgan.

1-misol. 1.01.2019 yilda pensionerning pensiyasi hisoblab chiqariladigan haqiqatdagi o‘rtacha oylik ish haqi (tegishli koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda aniqlangan) 1 720 100 so‘mni tashkil etgan.
Mazkur shaxsga pensiya hisoblash uchun o‘rtacha oylik ish haqi 1 621 840 so‘m (202 730 x 8) miqdorida hisobga olingan, sababi 1 720 100 so‘mlik summa 8 EKIHdan oshgan.

1 yanvardan boshlab pensiya 1 720 100 so‘mlik haqiqatdagi o‘rtacha oylik ish haqidan kelib chiqib hisoblanadi, sababi u eng kam ish haqining 10 baravar miqdoridan (202 730 x 10 = 2 027 300 so‘m) oshmaydi.

2-misol. 1.01.2019 yilda pensionerning pensiyasi hisoblab chiqariladigan haqiqatdagi o‘rtacha oylik ish haqi (tegishli koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda aniqlangan) 3 450 200 so‘mni tashkil etgan.
Pensiyani hisoblash uchun uning o‘rtacha oylik ish haqi ham 1 621 840 so‘m (202 730 x 8) miqdorida hisobga olingan, u 8 EKIHdan oshmagan.

1 yanvardan boshlab pensiya 2 027 300 so‘m (202 730 x 10 = 2 027 300 so‘m) miqdoridagi o‘rtacha oylik ish haqidan hisoblanadi, sababi pensionerning haqiqatdagi o‘rtacha oylik ish haqi (3 450 200 so‘m) 10 EKIHdan oshadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pensiyalar qanday qilib qaytadan hisoblab chiqiladi?