15:32 / 16.01.2019
5 343

“Alp Jamol bank” egasi Oʻzbekistonga qaytdi (video)

“Alp Jamol bank” egasi Oʻzbekistonga qaytdi (video)
“Alp Jamol bank” egasi Muhiddin Asomiddinov oʻtgan hafta oxirida Toshkentga qaytgan. Qator nashrlar tarqatgan xabarga koʻra, u 2010 yil mart oyida, bu bank tugatilishidan avval Oʻzbekistondan chiqib ketgan.

Kun.uz ushbu maʼlumotga oydinlik kiritishni soʻrab, Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonovaga murojaat qildi.

Uning aytishicha, “Alp Jamol bank” kuzatuv kengashining sobiq raisi Muhiddin Asomiddinovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-, 184- va boshqa moddalari bilan qoʻzgʻatilgan va keyinchalik uning qidiruvda boʻlganligi sababli toʻxtatilgan jinoyat ishi hozirda M.Asomiddinovning oʻz ixtiyori bilan qaytib, tergovga jalb qilinganligi sababli qayta tiklangan.

“Ayblanuvchining sodir etgan qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda toʻliq qoplaganligi va tergov bilan faol hamkorlik qilayotganligi nuqtai nazaridan unga qoʻllanilgan qamoq ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda boʻlish toʻgʻrisidagi tilxatga oʻzgartirildi”, - dedi Bosh prokuratura rasmiy vakili.

Qayd etilishicha, hozirda jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

2010 yil mart oyida Oʻzbekiston Markaziy banki “Alp Jamol bank” litsenziyasini bekor qildi. Bank rahbariyati, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi qonunning 53-moddasi hamda “Bank va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning 14- moddasi asosida “bank qonunchiligini buzish”da aybdor deb topilgandi.

Xabarlarga koʻra, 2010 yil 1 yanvariga kelib “Alp Jamol bank” aktivlari 118,6 mlrd soʻmga yetgan, bankning jismoniy va yuridik mijozlari soni esa 155 mingdan oshgan.
2011 yil mart oyida “Alp Jamol bank”ning koʻchmas va nokoʻchmas mulklari davlat foydasiga musodara etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Alp Jamol bank” egasi Oʻzbekistonga qaytdi (video)