15:36 / 16.01.2019
4 336

Bastakor Anor Nazarov bugun olamdan ko‘z yumdi

Bastakor Anor Nazarov bugun olamdan ko‘z yumdi
O‘zbek musiqa san’ati rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Davlat mukofoti sovrindori, taniqli bastakor Anor (Anorqul) Nazarov bugun 2019 yilning 16 yanvarida og‘ir xastalikdan so‘ng dunyodan ko‘z yumdi.

Serqirra ijodkor Nazarov Anorqul Mamadovich 1950 yil 5 iyunda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tavallud topgan. U o‘zining hayotini, umrini musiqa san’atiga bag‘ishlagan iste’dod sohibi edi. 1968 yilda M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlab, 1968-1985 yillarda A.Navoiy nomidagi DAKT orkestri solisti, 1985-1987 yillarda Toshkent shahar musiqa ansambllari jamoasining bosh dirijyori, 1986-1996 yillarda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori, 1996-2000 yillarda “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi bosh direktori, 2000-2002 yillarda esa badiiy rahbari lavozimlaridafaoliyat yuritgan.

Bastakorning faoliyati asosan estrada musiqa san’ati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, o‘ziga xos mustaqil uslubiy ijodi bilan ajralib turadi. “Men nechun sevaman O‘zbekistonni” (A.Oripov she’ri), “Vatan azizdir”, “Jon O‘zbekiston” (J.Jabborov she’rlari), “Iftixor” (X.Sharipov), “Yashnar bahorim”, “Ona yurt” (B.Bobomurod), “Barkamol avlod”, “O‘zbekiston mushtarak” (Y.Otash), “Go‘zal Toshkent”, “Yurt qadri” (B.Isroilova), “Aziz odamlar” (M.Ibrohimov), “Izhor” (A.Oripov) kabi 120 dan ortiq qo‘shiqlari o‘zining jozibadorligi, ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, uni e’zozlash, asrab avaylash va insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilganligi bilan e’tiborlidir. U yaratgan asarlar Vatanimizning Mustaqillik, Navro‘z kabi milliy va davlat tadbir dasturlarida tarannum etib kelinmoqda. Ijodkorning bizga qoldirgan boy madaniy merosi, yaratgan dilbar taronalari, qo‘shiqlari xalqimiz tilida va dilidan chuqur joy olib, undan kelgusi avlodlar ham bahramand bo‘ladilar.

“Zamin.uz” sayti tahririyati jamoasi bastakorning oila a’zolariga, yaqinlariga va shogirdlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bastakor Anor Nazarov bugun olamdan ko‘z yumdi