Ijara shartnomasini davlat soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibi

  • 20 yanvar 2019, 13:20
  • 2 316
  • Jamiyat
  • Ijara shartnomasini davlat soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibi
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi «Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini soliq organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibi o‘rnatildi va ko‘chmas mulkni ijaraga berish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi.

    Endilikda ko‘chmas mulkni ijaraga bermoqchi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘zlariga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar yoki noturar mulklarini ijaraga berishda ikki tomonlama ijara shartnomasi tuzishlari va shartnomani davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishlari shart.

    Xo‘sh, yangi tartibning afzalligi nimada?

    Avvalo, ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini soliq organlarida hisobga qo‘yishning sodda tizimi yaratildi. Unga muvofiq, ijara shartnomasini soliq organlarida hisobga qo‘yish ikki usulda:

    - Davlat soliq qo‘mitasining My.soliq.uz saytidagi «Ijara shartnomalarini hisobga olish» interaktiv xizmatlari orqali. Bu xizmatdan tunu-kun foydalanish imkoniyati mavjud.

    - Jismoniy shaxsning doimiy yashash, yuridik shaxsning davlat ro‘yxatidan o‘tgan joyidagi davlat soliq inspeksiyalariga tashrif buyurgan holda belgilangan shakldagi so‘rovnomani taqdim etish orqali amalga oshiriladi.

    Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi, Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basining xabar berishicha, ayni paytda Andijon viloyati bo‘yicha 797 nafar yuridik va jismoniy shaxs ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yishdi.

    - Ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad kelib turgani yaxshi, - deydi Andijon shahri 5-kichik dahada yashovchi Yelena Burova. - Oilaviy byudjetga yordam bo‘lsin deb har yili 1-kichik dahadagi kvartiramga ijarachi qo‘yardim. O‘tgan yili uy-joyni ijaraga berish shartnomasini notarial idora orqali tuzganimda, davlat boji, pullik xizmat va shu kabi barcha xarajatlar bo‘lib, 232 ming so‘mdan ziyod mablag‘ sarflagandim. Ijara shartnomasini davlat soliq xizmati organlari orqali hisobga qo‘yish har tomonlama qulay ekan. 850 ming so‘mlik ijara shartnomasi tuzgan bo‘lsam-da, mendan hech qanday haq olinmadi. Topgan daromadimdan atigi 12 foiz soliq to‘larkanman. Yana bir afzalligi daromadlar bo‘yicha dastlabki deklaratsiyani taqdim etishim ham shart emas ekan.

    Ko‘chmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qo‘yish tartibiga rioya etmaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-1-moddasiga asosan eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

    » » Ijara shartnomasini davlat soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibi