Aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga o‘tilmoqda

  • 21 yanvar 2019, 15:33
  • 1 659
  • Jamiyat
  • Aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga o‘tilmoqda
    2019 yil 17 yanvarda O‘zbekiston prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga berilgan sharhda mazkur hujjatning qabul qilinishi qanday sabab-omillar bilan bog‘liqligi, hujjatga asos bo‘lgan muammolar va bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar qaysi jihatlarda namoyon bo‘lishi batafsil izohlab berildi.

    Farmon muqaddimasida qayd etib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomiga keyingi ikki yil mobaynida 2,5 milliondan ortiq murojaatlar kelib tushgani, Respublika ishchi guruhlari tomonidan uyma-uy yurish, ijtimoiy soha va boshqa ob’ektlarni o‘rganish natijasida yana 1,1 milliondan ortiq turli muammolar aniqlangani joylarda yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini, ayrimlari o‘rta va quyi bo‘g‘indagi tashkilotlar darajasida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda.

    Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda bir qator kamchiliklar mavjud ekani ma’lum bo‘ldi.

    Aniqlangan muammolarni tizimli tahlil qilish va hal etishda Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Xalq qabulxonalari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona mexanizmi mavjud emasligi barcha bo‘g‘inning butun bir organizm kabi o‘zaro uyg‘un ishlashiga imkoniyat bermayapti. Shu bois ham tegishli ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar loyihalarini ishlab chiqishda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar, joylarda aniqlangan boshqa muammolar yetarli darajada aks ettirilmayapti. Boz ustiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari aholi bilan bevosita muloqot qilish, uyma-uy yurish orqali muammolarni aniqlash va hal etishga, zimmasiga yuklatilgan vazifalarning to‘liq va sifatli bajarishga yetarli e’tibor qaratmayapti.

    Ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda farmonga muvofiq 2019 yil 1 fevraldan boshlab Xalq qabulxonalarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha amaldagi tizimi bilan bir qatorda, Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishini, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy qilinmoqda.

    Mazkur yangi tizimning birinchi o‘ziga xos shundaki, bundan buyon Xalq qabulxonalari hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish orqali muammolarni aniqlaydi hamda hal qilinishini ta’minlaydi. Ya’ni endi Xalq qabulxonalari murojaat kelib tushishini kutib o‘tirmaydi, o‘zi mas’ul bo‘lgan hududda mavjud bo‘lgan muammolarni uyma-uy, ob’ektma-ob’ekt yurgan holda aniqlaydi.

    Mazkur yangi tizim joriy etilishining asosiy sababi murojaatlar bilan ishlashning amaldagi tizimi aholining mavjud muammolarini to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal qilish imkonini bermayotgani bilan bog‘liq. Chunki barcha davlat organlari kabi Xalq qabulxonalari ham o‘z faoliyatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish amaliyotidan foydalanib kelmoqda. Bu esa faqat murojaat tufayli yuzaga qalqib chiqqan muammolarnigina ro‘yxatga olish hamda u yoki bu tarzda munosabat bildirish imkonini beradi, xolos.

    Nega deganda, odam ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilmasa, bu unda umuman muammo yo‘q, degani emas. Ayniqsa, sabr-qanoat va shukronalikni hayot mazmuni, oriyatu g‘ururni ulug‘ qadriyat darajasida e’zozlaydigan xalqimiz o‘rtasida dardu-tashvish qiynab turgan bo‘lsa-da, bu haqda mahalla-ko‘y, mutasaddi idora va tashkilotlarga murojaat qilishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, istihola qiladiganlar ko‘p. Shu bois ham davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarni hal etish sohasida yangi davrga qadam qo‘yilmoqda.

    Yuqorida aytib o‘tilganidek, bundan buyon davlat organlari Xalq qabulxonalari boshchiligida o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududlarda mahallama-mahalla, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila muammolarini o‘rganib, ularni hal qilish choralarini ko‘radi. “Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal” deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish yangi tizimdan ko‘zlangan bosh maqsad hisoblanadi.

    Mazkur farmonda belgilangan yana bir yangilik – tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan sektorlar shtablari a’zolaridan iborat ishchi guruhlar hududlarni mahalla va xonadonlar, oilalar kesimida tahlil qilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa – bir yillik va o‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantiradi.

    Tuman va shaharlar hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi qisqa muddatli – bir yilga mo‘ljallangan manzilli tadbirlar rejalari ijrosini ta’minlaydi. Xalq qabulxonalari va Prezident Administratsiyasi bo‘linmalari esa mazkur tadbirlar rejalari ijrosini nazorat qiladi.

    O‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalari, shuningdek, Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarda aks etgan tizimli muammolar davlat investitsiya dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalarni ishlab chiqishda inobatga olinadi. Ushbu dastur va loyihalar O‘zbekiston prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari bilan kelishiladi. Ya’ni bundan buyon turli dastur va loyihalar bevosita odamlar yo‘llagan murojaatlar tahlili, real hayot manzarasini inobatga olgan holda tayyorlanadi.

    Farmonda belgilab qo‘yilganidek, Xalq qabulxonalari hududlardagi ijtimoiy muhitni o‘rganish, aholi muammolarini hal qilish jarayoniga jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari va boshqa tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta’minlash choralarini ko‘radi.

    Prezident farmonida o‘z ifodasini topgan yana bir prinsipial yangilik – Xalq qabulxonalari sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli Xalq deputatlari kengashlari majlisida muhokama qilish uchun har chorakda axborot kiritishi hamda ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisoboti eshitilishi belgilab qo‘yilganidir. Mazkur ta’sirchan huquqiy mexanizm hududlarda murojaatlar bilan ishlash borasida mas’uliyat yanada kuchayishi, xato va kamchiliklar kamayishiga xizmat qiladi, turli darajadagi rahbarlarning xalq oldida hisobot berish tizimi hayotiy samara berishiga yangi bir turtki bo‘ladi.

    Hududlarni o‘rganish jarayonida aniqlangan va respublika darajasida hal etiladigan muammolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga hal qilish uchun kiritiladi.

    Prezident farmoni bilan Xalq qabulxonalariga bir qator qo‘shimcha vazifalar ham yuklatildi. Xususan, endi Prezident Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish borasidagi faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib boradi.

    Yana bir muhim jihati, farmon asosida Xalq qabulxonalari mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi hududiy, tarmoq va davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilishda ishtirok etishi bu jarayonlarda avvalambor murojaatlarda ko‘tarilgan hamda uyma-uy yurish paytida ma’lum bo‘lgan muammolar yechimi aks ettirilishi uchun puxta zamin yaratadi.

    Farmonda Xalq qabulxonalarining doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelayotgan dolzarb ijtimoiy masala – nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashish masalasi yuzasidan ham mas’uliyatli vazifa yuklatilgan. Bundan buyon davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mazkur yo‘nalishdagi ishlari Xalq qabulxonalari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

    Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizmini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yilgan norma mazkur yangi farmonda yanada rivojlantirilgan. Ya’ni bundan buyon Xalq qabulxonalari davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha faoliyatni muvofiqlashtiradi.

    Yuqorida qayd etib o‘tilgan keng ko‘lamdagi dolzarb vazifalarni bajarish shunga mutanosib maqom va huquqlarga ega bo‘lishni ham talab etadi, albatta. Farmonda masalaning ana shu amaliy jihatlari o‘z yechimini topgan – Xalq qabulxonalariga bir qator huquqlar berilib, katta imkoniyatlar yaratilgan.

    Birinchidan, Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, murojaatlar bilan ishlash, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarda aniqlangan muammolarni hal qilish borasidagi faoliyatini tizimli o‘rganish, ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish, shuningdek, sektorlar faoliyatini baholashda ishtirok etadi.

    Ikkinchidan, Xalq qabulxonalariga sektorlar shtabi tarkibiga kiritilgan davlat organlari hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha yuqori turuvchi davlat organlariga takliflar kiritish huquqi berilmoqda.

    Uchinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan axborot hamda hujjatlarni so‘rash va olish, ularning mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega bo‘ldi.

    To‘rtinchidan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ular faoliyati va ko‘rsatadigan xizmatlariga oid tartib-qoidalarning aholiga to‘liq va tezkor yetkazilishini ta’minlashga qaratilgan choralar ko‘rish huquqi berildi.

    Farmonda Xalq qabulxonalari mas’ul xodimlarini lavozimga tayinlash va ozod etishning yangi tartibi belgilangan.

    Unga ko‘ra, Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari mudirlari – O‘zbekiston prezidentining roziligi bilan Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

    Prezidentning tuman va shaharlardagi Xalq qabulxonalari mudirlari – Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

    Xalq qabulxonalarining boshqa xodimlari – O‘zbekiston Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmalari bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi.

    Xalq qabulxonalarining boshqaruv xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining xodimlari hisoblanadi.

    Farmonda shuningdek Xalq qabulxonalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, xodimlarning oylik maoshlarini sezilarli darajada oshirish, xizmat avtotransport vositalari bilan ta’minlash, faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

    Prezident farmonidan kelib chiqadigan vazifalarni ijro etish asnosida endi mahallalar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati konkret mahalladagi ijtimoiy infratuzilmalar, iqtisodiy vaziyat, ijtimoiy muhit, ijtimoiy soha ob’ektlarining holatidan kelib chiqib, “namunali”, “yaxshi” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratilgan holda baholanadi. Bu shundan dalolat beradiki, endilikda turli dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda birinchi navbatda eng og‘ir hududlarga e’tibor qaratilib, muammolarni yechish chora-tadbirlari ko‘riladi.

    Farmonda yana bir muhim masala yechimi ko‘rsatib o‘tilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Unga ko‘ra “Hudud” axborot tizimi yanada takomillashtirilib, unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi. Natijada Xalq qabulxonalari xodimlari, sektorlar shtablari a’zolari qog‘oz ko‘rinishida turli hujjatlarni to‘ldirish, yuritish, rasmiylashtirish, saqlash kabi ishlardan xalos bo‘lib, asosiy vaqtini fuqarolar bilan ko‘proq bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish uchun uzoq hududlarga chiqish ishlariga safarbar etadi.

    Shu bilan bir qatorda, 2019 yilning 1 iyuliga qadar barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat bo‘linmalari veb-saytlarini, 2020 yilning 1 yanvariga qadar tuman va shahar bo‘linmalari veb-saytlarini tashkil qilish vazifasi qo‘yilgani fuqarolarning davlat organlarining hududiy bo‘linmalariga bevosita elektron tarzda murojaat qilish imkoniyatini yaratadi.

    » » Aholi muammolari bilan ishlash sohasida yangi tizimga o‘tilmoqda