"Eng kam ish haqi miqdori" oshirildi. Odamlarni nima chalg‘itmoqda?

  • 22 yanvar 2019, 11:16
  • 5 880
  • Jamiyat
  • "Eng kam ish haqi miqdori" oshirildi. Odamlarni nima chalg‘itmoqda?
    So‘nggi kunlarda eng kam ish haqining miqdoriga oid e’lon qilingan xabarlar ortidan turli tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Ayrimlar mazkur xabarni biroz noto‘g‘ri talqin qilishayotganligi sababli, soha mutaxassisi sifatida qisqa izoh berib o‘tmoqchiman.

    O‘zi nima bo‘ldi?

    Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 yanvardagi 47-sonli qaroriga binoan, mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasiga o‘zgartirish kiritildi va 1-, 2- hamda 3-razryadlari koeffitsiyentlari oshirildi.
    Kiritilgan qo‘shimchalar shuni anglatadiki, xodimlarga to‘lanadigan ish haqining eng kam miqdori 577 ming 172 so‘m etib belgilandi (ilgari 501 ming 959 so‘m edi).

    Bu nima degani?
    Bundan 1 yillar oldin shu mavzuga oid maqolam e’lon qilingandi. O‘shanda Prezident Farmoni bilan belgilanadigan eng kam ish haqi miqdori (hozirda 202 ming 730 so‘m) bu O‘zbekistonda xodimlar eng kam shuncha ish haqi oladi degani emasligini tushuntirishga harakat qilgandim.

    Prezident qarorida keltiriladigan EKIH summasi bu soliqlar, majburiy to‘lovlar, jarimalar to‘lash uchun asos bo‘ladi. Xodimlarga to‘lanishi kerak bo‘lgan «oylik» esa boshqacharoq hisoblanadi.

    Aniqrog‘i xodimlarning lavozim okladi Prezidenti Farmoni asosida belgilangan EKIHni Vazirlar Mahkamasining 21.07.2009 yildagi 206-sonli qarori bilan tasdiqlangan Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasidagi tarif koeffitsiyentiga ko‘paytirish orqali hisoblanadi (quyidagi suratga qarang).

    Masalan, keling, istalgan bir razryaddagi xodimning okladini hisoblab ko‘ramiz.
    Aytaylik, Sizni 7-razryad bo‘yicha ishga qabul qilishdi. Jadvalga e’tibor qilsak, 7-razryad uchun 4,284 tarif koeffitsenti berilgan.
    Bunday vaziyatda Sizning lavozim okladingizni hisoblash uchun ana o‘sha 4,284 koeffitsentni Prezident Farmoni bilan belgilangan EKIH miqdoriga ko‘paytiramiz.

    202 730 x 4,284 = 868.495
    Demak, 7-razryadga ishga kirgan xodimning lavozim okladi 868 ming 495 so‘mni tashkil qiladi.

    Odamlarni nima chalg‘itmoqda?
    Ikkala holatda «eng kam ish haqi» degan atama odamlarni chalg‘ityapti.

    Bu mavzu yuzasidan fikr beradiganlar orasida «Prezident Farmoni bilan belgilangan eng kam ish haqi miqdori faqat hisob-kitoblar uchun amal qilsa, lekin aslida mamlakatdagi eng kam to‘lanishi kerak bo‘lgan ish haqi 1-razryad bo‘yicha 577 ming 172 so‘mni tashkil etsa, unda balki EKIHning nomini o‘zgartirish kerakdir» degan takliflar ham yo‘q emas.

    Xulosalar
    Quyidagilarni bilib qo‘ysangiz zarar qilmaydi:
    • EKIH 202 ming 730 so‘m ekanligi, bu 1 stavkada ishlaydigan xodimlar shuncha oylik oladi degani emas. O‘zbekistonda har qanday lavozimdagi ish uchun 1 stavkada ishlaydigan xodimga 577 ming 172 so‘mdan kam ish haqi to‘lash mumkin emas;
    • 2-3 kundan buyon chiqayotgan «eng kam ish haqi oshirildi» degan xabarlar, bu hammaning ish haqi oshadi degani emas. Faqat eng pastki 3 ta razryadda ishlaydigan xodimlarning oyligi oshadi xolos;
    • «eng kam ish haqi oshirildi» degan xabarlarning talabalar kontrakti yoki soliqlar oshishiga aloqasi yo‘q.


    Xushnudbek Xudoyberdiyev

    Manba: Xabar.uz

    » » "Eng kam ish haqi miqdori" oshirildi. Odamlarni nima chalg‘itmoqda?