17:53 / 22.01.2019
9 868

Hasan tabib aslida kim? «Uning qilayotgan ishi tabobat talablariga umuman to‘g‘ri kelmaydi»

Hasan tabib aslida kim? «Uning qilayotgan ishi tabobat talablariga umuman to‘g‘ri kelmaydi»
Foto: «Daryo». Hasan tabib.
O‘zbekistonliklar va ijtimoiy tarmoq foydanuvchilariga «Hasan tabib» nomi orqali tanilgan andijonlik Hasanboy Ismoilov bilan «Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov suhbat uyushtirdi.

So‘nggi paytlarda «Hasan tabib» nomi ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, YouTube hamda Facebook’da tez-tez takrorlanib, qizg‘in muhokamalar markaziga aylanmoqda. Shahrixonlik tabib sifatida nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni davlatlarda ham dong‘i ketgan bu insonning faoliyatini yoqlaganlardan ko‘ra, qoralovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Xo‘sh, Hasan tabib aslida kim? U chindan ham tabibmi? Agar tabib bo‘lsa, faoliyati qachondan boshlangan? U nima uchun huzuriga kelgan bemorlarga faqatgina uch mahsulot: asal, xandon pista va no‘xatni iste’mol qilishni tavsiya qiladi? Uning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarini kimlar yuritadi? Blogerlar va internet foydalanuvchilarining tanqidlariga munosabati qanday? Shu va boshqa savollarga javob olish maqsadida Shahrixon tumanining «Navro‘z» mahallasida istiqomat qiluvchi Hasan tabib bilan suhbatlashish uchun uning huzuriga otlandik.

- Tabib sifatidagi faoliyatingizni qachondan boshlagansiz?
- Dadam kosib bo‘lgan. Oilada olti o‘g‘ilning beshinchisiman. Men ham asli kosibman. Oldinlari shu hunar bilan shug‘ullanganman. Tabiblik faoliyatimga esa o‘ttiz yil bo‘lib qoldi. Odamlar kelib murojaat qiladi. Ularning holatini ko‘rib esa yo‘q deyolmayman.

- YouTube videoxostingida shaxsiy kanalingiz borligiga ko‘zimiz tushdi. Uni o‘zingiz yuritasizmi?
- To‘g‘risini aytsam, internetga unchalik tushunmayman. YouTube bilan bog‘liq ishlarni Sardorbek ismli ukamiz yuritadi. Aslida bu yigit to‘rt yil davomida AQShda davolanib, ikki marta miya operatsiyasini boshdan o‘tkazgan. Tutqanoq kasalligiga davo topolmagan va unga shifokorlar bu kasallikning shifosi mavjud emasligi, umrining oxiriga qadar dori ichib yurishdan boshqa iloji yo‘qligini ta’kidlashgan. Sardorbek ham shahrixonlik. U 2015 yili oldimga keldi va uning kasalligiga tashxis qo‘ydik. Uch-to‘rt oy ichida esa u sog‘lom bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng Sardorbek «Aka yer yuzida menga o‘xshab, shifo topolmay yurgan bemorlar juda ko‘p. YouTube’ga siz va faoliyatingiz haqida videolar joylab tursam qarshilik qilmaysizmi?», dedi. Unga rad javobini berdim. Negaki, tabiblik menga ortiqcha yuk. Kuniga yigirma soat ishlayman. Tinim yo‘q ishonsangiz. Ertalab va tushlikdan keyin qabulimga kelganlar bilan shug‘ullansam, boshqa vaqtda og‘ir kasallarning yoniga olib ketishadi. Oradan bir necha oy o‘tgach, Sardorbek yana o‘sha mavzuda gap boshladi: «Siz o‘zingizni o‘ylaydigan odam ekansiz. Menga o‘xshagan kasallar oldingizga kelib, shifo topsa yomonmi?», deya oxiri meni bir amallab ko‘ndirdi. To‘rt yildirki, YouTube’dagi videolarimni Sardorbek joylab turadi.

- Oldingizga shifo topish umidida kelgan insonlarning kasalligi turlicha bo‘lsa-da, nima sababdan ularning barchasiga aynan asal, xandon pista va no‘xat yeyishni tavsiya etasiz?
- Qur’oni Karimning besh joyida asalning shifoligi zikr etilgan. Shu sabab Yosin surasini o‘qiymiz. Asal va uning shifosi to‘g‘risida juda ko‘p bor izlanishlar olib borganman. O‘zimga tegishli qo‘llanma sifatidagi «Ming dard muolajasi»dan bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida foydalanishyapti. Xandon pista asab tizimini yumshatib beradi, asal esa yuvadi. Pistani bemorning yoshi va asab sistemasiga qarab tavsiya qilaman. Eng ko‘pi bilan 11 dona pista yeyishini tavsiya etaman. No‘xat organizmni «cho‘tkasi» hisoblanadi. Ko‘pchilik no‘xat yellik, deya tanovul qilmaydi. Aslida esa no‘xatni organizmga go‘shtdan ko‘ra foydasi ko‘proq. Bu uch mahsulot foydasini chuqur o‘rganganim bois tavsiya qilaman. Miya bu mahsulotlar quvvatini jamlab, keyin organizmga tashlaydi va ta’sir ko‘rsatadi.

- O‘zbekiston xalq tabobat akademiyasining faoliyatingizga munosabati qanday?
- Uch-to‘rt yil oldin Rossiya Federatsiyasiga borganimda, miya saratoniga chalingan bir chaqaloqqa tashxis qo‘yganman va buni ko‘rgan soha xodimlari meni tabobat bo‘yicha ishga taklif etishdi. Ammo bunga rozi bo‘lmadim. O‘sha yili yurtimizga qaytgach, huquq tartibot organi xodimlariga uchradim. Tuman IIB, tuman prokuraturasi va tuman soliq bo‘limidagilar bilan gaplashdim hamda o‘sha yildan boshlab yillik deklaratsiya to‘lab kelayapman. Qur’on o‘qib davolash faoliyatim noqonuniy emas. Yaqinda Prezidentimiz xalq tabobatini rivojlantirish bo‘yicha imzolagan qarorini eshitib, quvonib ketdim. O‘zbekiston xalq tabobat akademiyasiga litsenziya olish uchun kerakli hujjatlarni topshirganman. Endi ularning javobini kutayapman.

- Ayrim blogerlarning siz va faoliyatingiz haqidagi materiallari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qizg‘in muhokamalarni yuzaga keltiryapti. Tanqidiy izohlar g‘ashingizni keltirmayaptimi?
- Bundan bexabarman va ularning fikri men uchun qiziq emas. Oldimga faqat Shuhrat va Anvar aka ismli blogerlar kelgan xolos. Shuhrat hatto onamni oldingizga olib kelaman, degandi. Keyin menga nisbatan bildirgan salbiy fikrlaridan hayron bo‘ldim. Qolgan blogerlarning barcha fikrlari yolg‘on va tuhmat. Ularning hech biri yonimga kelmagan.

- Aytishlaricha, taniqli san’at sohasi vakillari ham sizga murojaat qilib turisharkan...
- Bu bor gap. Ammo ular qaysi qo‘shiqchiyu aktyorlar ekanligini aytolmayman. Yaqinda bir aktyor og‘ir holatda mashinada keldi va muolajalarga to‘g‘ri amal qilgani uchun qisqa fursatda oyoqqa turib ketdi.

16 450 000 so‘m daromad solig‘i to‘lagan
Hasan tabib bilan kechgan suhbatimizdan ochig‘i ko‘nglim to‘lmadi. 1 soatu 13 daqiqa davom etgan muloqotimiz mobaynida u ba’zi savollarimga mujmal javob berdi. Hatto uning ayrim javoblaridan kulishni ham, kuyishni ham bilmaysan kishi.

Shundan so‘ng Shahrixon tuman davlat soliq inspeksiyasi murojaat qildim. Mazkur tashkilotdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Hasan domla haqiqatdan 2016 yildan beri soliq to‘lovchi sifatida faoliyat ko‘rsatib keladi. U jismoniy shaxs sifatida 2016–2017 yil jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya topshirgan hamda o‘rganish kunigacha 16 450 000 so‘m daromad solig‘i to‘lagan.

«Davolash usullari tabobat talablariga zid»
Men avvallari bu insonni davolash usullariga qiziqmasdim. Yaqinda xodimlarim uning hammaga bir xil tashxis qo‘yib, davolayotganini videoga olib kelishdi. Uni o‘zi bilan ko‘rishganda ham bu yo‘l bilan kasal davolab bo‘lmasligini aytib, kerakli maslahatlarni berdim. Kelgusida bizning tashkilotga a’zo bo‘lishi va uning tartiblarini tushuntirdim. O‘zi yaxshi, aqlli odamga o‘xshadi. Ammo qilayotgan ishi tabobat talablariga umuman to‘g‘ri kelmaydi. U shu paytgacha kimlarni qaysi kasallikdan xalos etgani to‘g‘risida bizda aniq ma’lumotlar yo‘q. Hasanboy agar biz aytgan hujjatlarni to‘liq tayyorlab kelsa, uning faoliyatini chuqur o‘rganib, so‘ng biror aniq javob aytishimiz mumkin.

Ibrohimjon Asqarov, O‘zbekiston tabobat akademiyasi raisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hasan tabib aslida kim? «Uning qilayotgan ishi tabobat talablariga umuman to‘g‘ri kelmaydi»