«GAI» bemor bilan ketayotgan «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatishi mumkinmi?

  • 25 yanvar 2019, 13:25
  • 3 954
  • Jamiyat
  • «GAI» bemor bilan ketayotgan «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatishi mumkinmi?
    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, televideniyeda ham namoyish etilgan qisqagina video ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda YHXX xodimi «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatgani, haydovchining mashinada bemor borligini bildirganiga qaramay maxsus avtomobilning hujjatlarini olib, o‘zi boshqarib ketgani aks etgan.

    Videodagi ovozlarga qaraganda Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida kechgani anglashiladigan bu voqeada «GAI» (YHXXning eski nomi hanuz muomalada mustahkam turibdi) xodimi «Tez tibbiy yordam» mashinasi haydovchisining hujjatlarini olib, unga jarima yozmoqchi bo‘ladi. Haydovchi:

    – Bu jarimani baribir men to‘lashim kerak? Bering «pravam»ni! – deb e’tiroz bildirganida «GAI» xodimi «Men javob beraman» deydi.

    Haydovchi «Javob bera olmaysiz» deya yana e’tiroz bildiradi. Atrofdagilar «Mashinada og‘ir kasal bor, gapingiz bo‘lsa shifoxonaga murojaat qiling» deb luqma tashlaydilar. Ammo «GAI» xodimi baribir borib «Damas»ga o‘tiradi va old o‘rindiqda o‘tirgan hamshiraning «Hech qanday qoidabuzarlik qilmadik. «Migalka»ni yoqmaganimiz uchun to‘xtatishdi», deyishiga qaramay mashinani boshqarib ketadi. Shu yerda video tugaydi va savollar paydar-pay tug‘ilishni boshlaydi.

    Biz bu savollarga YHXX nizomi, yo‘l harakati qoidalariga asosan qisqa javoblar berishga harakat qilamiz.

    1. YHXX inspektori bemor olib ketayotgan «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatishi va jarima maydoniga olib ketishi mumkinmi?
    Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, «Tez tibbiy yordam» mashinasi barcha maxsus avtomobillar kabi kechiktirib bo‘lmas xizmatlar chog‘ida, maxsus sirena va mayoqlardan foydalanib harakatlanayotgan chog‘ida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan ustunlikka, imtiyozlarga ega bo‘ladi.

    Aynan videolavhadagi holatda, ya’ni Sheroboddagi voqeada tez yordam avtomobilida og‘ir ahvoldagi bemor mavjudligi holati tasdiqlanmagan. Holat yuzasidan xizmat surishtiruvi davom etmoqda.

    2. «Migalka»ni yoqmaslik xizmatda yurgan «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatish va haydovchiga jarima solishga asos bo‘ladimi?
    Yo‘q, aynan «migalka» yoqmay harakatlanish sabab bo‘lmaydi. Ammo «Tez tibbiy yordam» mashinasida yo‘l harakati qoidalarini buzish, bu avtomobilni to‘xtatish va haydovchiga tegishli tartibda bayonnoma tuzishga asos bo‘ladi.

    3. YHXX inspektori ishonchnomasiz va avtomobil sug‘urta polisida ism-sharifi qayd etilmagan holda jarimaga tortilgan avtomobilni boshqarib keta oladimi?
    Yo‘q, mumkin emas. Ammo juda ko‘p hollarda va hududlarda evakuator yo‘qligi, kechikishi tufayli YHXX xodimlarining o‘zlari haydovchi bilan birga mashinani jarima maydoniga olib borib joylashtirib kelishadi.

    4. Oxirgisi va eng muhimi: ramziy aytadigan bo‘lsak – «102» va «103» tortishuvi paytida bemorning ahvoli og‘irlashsa yoki undan ham yomon holat yuz bersa, buning uchun kim javob beradi?
    Bemorning holati uchun shifokor javobgar. Ammo YHXX xodimi og‘ir bemor borligini ko‘ra-bila turib «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatib o‘tirmaydi. Aksincha, bunday holatga guvoh bo‘lsa, o‘zi «Tez tibbiy yordam» mashinasi zudlik bilan shifoxonaga yetib borishi choralarini ko‘radi.

    Yuqoridagi holat bo‘yicha xizmat surishtiruvi davom etmoqda, «Tez tibbiy yordam» mashinasida og‘ir bemor bo‘lgan-bo‘lmagani tekshirilmoqda.

    Surxondaryolik jurnalist, «Zamon» ko‘rsatuvi muxbiri Elyor Go‘ro‘g‘liyevning ma’lumotlariga qaraganda, «Tez tibbiy yordam» mashinasi haydovchisi Akram Shoberdiyev bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan.

    Viloyat YHXB matbuot xizmati katta inspektori Abror Choriyevning so‘zlariga ko‘ra videolavha qahramoniga aylangan va ko‘plab e’tirozlarga sababchi bo‘lgan YHXX inspektori harakati yuzasidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilmoqda.

    Manba: Kun.uz

    » » «GAI» bemor bilan ketayotgan «Tez tibbiy yordam» mashinasini to‘xtatishi mumkinmi?