06:33 / 26.01.2019
6 153

Jamiyatning ro‘yi xoli va xotin-qizlar ro‘moli

Jamiyatning ro‘yi xoli va xotin-qizlar ro‘moli
Anchadan beri ko‘nglimni kuydirib yurgan mulohazalarni bugun gapirmasam bo‘lmaydi. Kattaqo‘rg‘onda bir ayolning tahqirlanishi – jinoyatchilikda gumon qilinib, yechintirib, ustiga-ustak videoga olib, butun dunyoga tarqatilganidan keyin ham jim turish mumkinmi?

Mamlakatning bir ayoli obro‘sizlansa, butun xalqning yuzi qizaradi. Ayolning, millat tarbiyachisining bu holga tushishi, bu qadar tahqirlanishi sababi nimada? Nega bir tergovchi tap tortmay uni yechinishga majburlaydi? Nega uni shu holatda videoga olishadi? Axir bu ma’naviy tanazzul sari yuz tutish emasmi?

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan bu fojea sababi afsuski, kecha yoki bugun paydo bo‘lmadi. Salkam bir asr davomida asta-sekinlik bilan shu fojeaga yaqinlashdik. Bir zamonlar ahlu ayolinigina emas, butun bir yurti, qishlog‘i, mahallasidagi xotin-qizlarning sha’nini o‘z sha’nidek asrab-avaylagan erkaklar bunday ish qilishni o‘ziga ep ko‘rmasdilar. Odamlar bu qadar tubanlashishi uchun eng avval ayolga munosabat o‘zgarishi, uning oru nomusiga atrofdagilar befarq qaray boshlashi kerak.

Shu bois men bu fojea ildizini o‘tgan asrning boshlari – ayolning ro‘moli ya’ni millatning hayo pardasiga hujum uyushtirilgan paytlardan izlayapman. Katta ijtimoiy harakatlar bilan boshlangan “Hujum” ayollar yuzini ochib tashladi! Biroq millat onalarining, millat qizlarining hammasi ham boshidan ro‘molini olib otgani yo‘q!

O‘sha paytlar – hali ayollar ro‘molini boshidan olmagan, hali hayo pardasi xalqimiz ma’naviyatini bezab turgan paytlarda yigit-qizlarning, yoshu keksaning “etini o‘ldirish”, “ko‘zini o‘ldirish” uchun katta harakatlar tinimsiz davom etgani va asta-sekin xalqqa ta’sir ko‘rsatilgani hech kimga sir emas. O‘tgan asrdan ishlangan kinofilmlarning bosh qahramonlari – yalangbosh, tizzadan baland atlas ko‘ylak kiygan qizlar televizorlar ekranlari orqali uylarimizga kirib keldi. Azaldan islomiy tarbiya olib ulg‘aygan otalar, aka-ukalarning boshi egildi, ko‘zlari yumildi. Onalar, singillar, “voy sharmanda, voy sharmanda-yey”, deya ularga o‘g‘rincha ko‘z tashlashdi. Avvaliga uyatli ko‘ringan bu holatlarga ko‘zlar ko‘nikdi. Ko‘zlar asta-sekin “o‘la boshladi”. Ko‘ngilda yangi havaslar uyg‘ondi...

O‘zbek kinomatograflari tomonidan suratga olingan“Yor-yor” filmini hammamiz yaxshi bilamiz. Kinosan’atimizning eng birinchi namunalaridan biri sifatida e’zozlaymiz. Men esa bolaligimdan beri shu kinoni ko‘rganimda, nega voqealar hayotdan olinmagan ekan-a, axir u zamonlar o‘zbek qizlari kalta ko‘ylakda, yalangbosh holda katta ko‘chada duch kelgan erkakka, “endi to‘yim bo‘lmaydimi”, deb arzini aytib yurmagan-ku... O‘sha davr kelinlari o‘z to‘yida o‘yinga tushib, ashula aytmas edi”, deb o‘ylardim. Shuningdek, “Ajoyib xayolparast” va boshqa filmlardagi ayrim qahramonlarning o‘zini tutishi ham menga g‘ayritabiiy, aniqrog‘i, “ruscha” bo‘lib ko‘rinardi. Bugungi kunda o‘z to‘yida uyalmay o‘yinga tushayotgan, hatto kuyovjo‘ralarga qarab muqom qilayotgan kelinchaklarga qarab turib o‘ylayman: bu kinolarga juda xavfli g‘oya singdirilgan ekan, shu g‘oyalar orqali o‘zbekona ma’naviyatimiz asta-sekin o‘limga hukm etilgan ekan. (Albatta, bu o‘rinda o‘sha mafkura iskanjasida ijod qilgan, kinoga mehnati singgan san’atimiz darg‘alarini ayblash fikridan yiroqman)

Bunday filmlar kam emas edi. Biz o‘tgan asrning 50-70 yillarida tug‘ilgan avlod, ana shunday mafkura ta’sirida voyaga yetganmiz.

“O‘sha paytda yosh ekanman, kinodagi qizlarga havas qilib, sochimni turmaklab, bosh yalang ko‘chaga chiqishni xohlardim. Otam bizni urishmasayam, negadir undan juda hayiqardim. Shuning uchun uyimizdan tashqariga chiqib, lozimim etagini tizzamdan tepagacha qayirib, ko‘tarib olardim-da, ro‘molimni yechib, devor kovagiga tiqib ketardim. Qaytib kelganimda darvozadan kirishdan oldin, o‘zimni epaqaga solib, ro‘molimni o‘rab, otamning oldiga “odobli qiz” bo‘lib kirardim, – deydi namanganlik Zamiraxon ismli ayol. – Boshqa qizlar ham menga havas qilishardi. “Otangni qanday ko‘ndirding”, deyishsa ularga o‘z “tajribamni” aytib berardim. Shunday qilib butun sinf qizlarini “yo‘ldan urganman”. Endi yoshim 60 dan oshganida shularni o‘ylasam, uyatdan yuzim qizaradi.

Bu ayollar o‘tgan asrning 75-yillaridagi yoshlar edi. Bugun ular buvi bo‘lishdi. Ularning tarbiyasini olgan qizlar va bu qizlarning qizu kelinlari esa ro‘mol o‘rash kerak degan fikrni allaqachon unutishgan.

O‘tgan asrning ijtimoiy-siyosiy maydonidagi faol, o‘z davrining zamonaviy ayollari suratlarini kuzataman: 50-yillar ayollari ro‘molni boshiga durra qilib o‘ragan, yengi uzun, yoqasi yopiq ko‘ylaklar kiyib, katta shol ro‘mollarni yelkasiga tashlagan. Qizlarning ko‘pchiligi boshida do‘ppi, keng, uzun ko‘ylagi ustidan nimchalar kiyib, sochlarini mayda o‘rib olishgan. 60-70 yillarda respublikaga tanilgan faol ayollarining boshida ro‘moli yo‘q, ammo yelkalarida sharflar, katta shol ro‘mollar, egnida esa bejirim kostyumlar... Qizlar esa sochini ikkita o‘rib, do‘ppilar kiyishgan, aksariyati yalangbosh...

80-90 yillarga kelib, faol ayollarning deyarli hammasi ro‘molsiz yurishni urfga aylantirishdi. Qizlar ham katta-katta lentalar bilan sochlarini bezaydigan bo‘lishdi. Ma’naviyatimiz hayosini asrovchi vositalardan biri – ro‘mol millat ayollari boshidan deyarli olib tashlandi! (Jamiyatda hamisha faollardan o‘rnak olinadi...)

Bugun jamiyatimizda ayolga, uning turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar ko‘paygani rost.Faol ayollar soni ham ortib bormoqda. Biroq ko‘ngilga dog‘ bo‘lib tushayotgan bir holat borki, unga ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Mahallalarda, hududlarda o‘tkazilayotgan tadbirlarda minbarga chiqib o‘tirgan faol ayollarning tizzasini yopib-yopmay turgan kalta ko‘ylagi butun bir zalda o‘ng‘aysiz kayfiyatni yuzaga keltirmoqda. Mahalla oqsoqollari, yoshi ulug‘ otaxonlar ko‘zini qayerga yashirishni bilishmayapti.

Aksariyat faol ayollar esa tizzalaridan baland ko‘ylak va yubkalarda, yoqavayron holatda televizor orqali intervyular berishyapti. Ularni qaysi gorizontdan turib, qanday suratga olishni bilmayoperatorlar hayron... Chunki kamera to‘g‘riga joylashtirilsa, yubka ichidan yana kamida bir-bir yarim qarich tana ko‘rinib ketyapti... Odamlar uyatdan qizarishyapti. Ular shu holda televizor orqali uylarimizga kirib kelishgach,ko‘chalarda tizzasidan baland ko‘ylak kiygan, bu ham yetmaganday, yelkasini bir qarich ochib yurgan qizlarga nima ham deya olardik.
Ro‘moldan voz kechgan ayolga jamiyat istagan uslubda kiyinish erkini bergan bo‘lsa-da, liboslanish odobi degan ulug‘ odobimiz ham borligini unutmaylik. Eng avvalo joylardagi faol ayollarimizga bu odob sabog‘ini beraylik. Jamoat joylarida juda bo‘lmaganda tizzani yopib turadigan kiyimlarda ko‘rinish, to‘y-hashamlarda dekoltelardan voz kechish, yelkalarni yopish ham o‘g‘il-qizlar tarbiyasida bir qadam yuksalish ekanini ularga uqtirishimiz kerak. Aks holda yoshlar tarbiyasiga mas’ul ayollar, onalar o‘zi tarbiyaga muhtoj bo‘lib turgan bir paytda ularning bolalariga nima deya olasiz, kabi bahonalar yuzaga chiqaveradi. O‘tgan asrning otalari qizining ko‘chada yalangbosh yurganini sezmay qolgan bo‘lsa, bugunning otalari uyda telefon yoki kompyuteri orqali qizlari nimalarni ko‘rayotgani-yu, bilayotgani, kim bilan muloqot qilayotganini sezmagani yetmagandek, ularning aksariyati o‘zining axloqini isloh qilishga muhtoj. Bir paytlar birovning qizu keliniga “birovning omonati” deb qaragan otalarning bugungi nevaralari orasida qizlarni nochorligi, pulga muhtojligidan foydalanib burchak kunjaklarga yetaklaydiganlar, qizlarga bir martalik ermak sifatida qarayotganlar, ularni sha’nini yerga urayotganlar borligi ham aslida rad etib bo‘lmas haqiqat-ku! Bu holatlar keyinchalik ayollar o‘rtasida jinoyatchilikni yuzaga keltirmaydi, deb kim kafolat bera oladi? Tilidan, yuzidan, qilayotgan ishlaridan hayo pardasi ko‘tarilayotgan ayollar, erkaklar, yigitlar-qizlar o‘tgan asrda boshlangan mafkuraviy urushning qurbonlari ekanini bugun ko‘pchiligimiz anglab turibmiz-ku?!

Mafkuraviy kurashlar silsilasida o‘zbek ayolining boshidan ro‘molini yechishdan tortib, bugungi kunda uni eng sharmandali holatda dunyoga ko‘rsatishgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi voqealar salkam bir asrlik davrda yuz bergani ayni haqiqatdir! Bugun ham afsuski, mafkuraviy tahdidlar yanada kuchaygan pallada yashayapmiz. Endigi xatarlar bir asr kutib turmasligi mumkin.

Nega ro‘mol haqida gapira turib, bu mulohazalarga yuzlandik. Chunki ro‘mol – o‘zbek ayolining ziynati, nazokatu, latofatini, husni-jamolini nomahramlardan asrab turuvchi pardagina emas millatning hayosi,ma’naviyati, avlodlar tarbiyasi boshida hilpirab turgan ibrat mayog‘i hamdir.
Bir zamonlar butun dunyoda ayollarning qadri qimmati yo‘q edi. Hatto ayrim xalqlar ayolni odam o‘rnida ko‘rmagan. Islom dini esa xotin-qizlar huquqlarini himoyalovchi din bo‘lib keldi. Bir qizning tug‘ilishidan tortib, turmushga chiqishi, ona bo‘lishi, qo‘yingki, butun hayoti davomida qadri baland, baxtli yashashi uchun eng go‘zal yo‘lni ko‘rsatdi. Islom ma’naviyati sarchashmalaridan bahramand bo‘lib shakllangan o‘zbekona qadriyatlarimizda ham qizlar ehtiyotlab, asrab-avaylangan, ona va ayol hamisha ulug‘langan. Chunki ayolga munosabat u yashayotgan jamiyatning ro‘yi holini belgilab beradi.

Xalq sifatida, millat sifatida dunyo bilan bo‘ylashish yo‘lidan borayotgan ekanmiz, ayolni muqaddas dinimiz qanday ulug‘lagan bo‘lsa, shunday ulug‘laylik! Zero u tarbiyalagan farzand yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida shahdam odimlaydigan o‘g‘lon bo‘lsinki, hargiz, boshqa bir ayol voyaga yetkazgan qizni yechintirish payida bo‘lmasin!
Hamroxon MUSURMONOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jamiyatning ro‘yi xoli va xotin-qizlar ro‘moli