Chiroqchida tug‘ilgan 3 egizakka Shavkat, Miromon, Mirziyo deb ism qo‘yildi (foto)

  • 28 yanvar 2019, 17:43
  • 2 730
  • Jamiyat
  • Chiroqchida tug‘ilgan 3 egizakka Shavkat, Miromon, Mirziyo deb ism qo‘yildi (foto)
    Foto: «Daryo»
    Chiroqchi tumanining Qo‘rg‘ontepa qishlog‘ida tarix fani o‘qituvchi Sherzod Do‘stumrodov oilasida dunyoga kelgan 3 nafar egizak farzandlarga davlat rahbariga havas qilib Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘yildi. Bu haqda «Daryo»ga Chiroqchi tuman FHDYo mudirasi Ozoda Jumayeva ma’lum qildi.

    «2017 yil men uchun juda omadli kelgandi, — deydi egizak farzandlarning otasi Sherzod Do‘stmurodov. – 2019 yil esa undan ham omadli yil bo‘ldi. Yaratgan 21 yanvar kuni 3 nafar polvondek o‘g‘il berdi. O‘sha kuni tug‘uruqxonada yangilikni eshitgan paytimdagi quvonchimni so‘z bilan tasvirlash qiyin. O‘sha damda dunyoda mendan-da baxtli ota bo‘lmagan bo‘lsa kerak».

    Egizaklar guvohnomasida qayd etilishicha, Miromon 3,5 kg, Mirziyo 2,8 kg, Shavkat esa 2,5 kg tug‘ilgan.
    «Bugungi kunda farzandlarimning ahvoli juda yaxshi, — deydi egizaklar onasi Sadoqatxon Qudratiy. – Nasib etsa yurtimiz koriga yaraydigan yigitlar bo‘lishsin».

    «Nabiralarim tug‘ilishidan bir yarim oy ilgari xabar topgandik, — deydi Sadoqatxonning onasi Xolida Ro‘ziqulova. – O‘shanda niyat qilgandim. Nasib etsa eson-omon tug‘ilib olishsa, Prezidentimizga havas qilib Shavkat, Miromon va Mirziyo deb ism qo‘yaman deb. Nasib qilganidan xursandmiz. Xudo xohlasa, xalqimizga, Prezidentimizga munosib farzandlar bo‘lsin».

    Foto: «Daryo»
    Xolida Ro‘ziqulovaning ta’kidlashicha, yosh oilaning yashash uchun shaxsiy uyi yo‘q. Kuyovi ham 7–8 kilometr masofaga qatnab ishlar ekan. Oilaning farzandlari ham 7 nafarga yetgan.

    «Balki Chiroqchi tuman hokimiyati yoki Yoshlar ittifoqi vaziyatdan kelib chiqib, uy-joy masalasida ham yosh oilaga yordam bersa yomon bo‘lmasdi, deymanda. 7 nafar farzandni katta qilish osonmi-yey?!», deb yozadi bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram’dagi kanalida.

    Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi xodimi Nasiba Umarova bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yil 9 dekabr kuni ham Kasbi tumanining Cho‘lquvar qishlog‘ida 3 nafar egizak tug‘ilgan bo‘lib, ularning ismi Madina, Mo‘’tabar va Zohir. 2017 yil Kasbi tumanining Qatag‘on qishlog‘ida Sherqulovlar oilasida dunyoga kelgan egizaklarga oila boshliqlari respublikaning Birinchi prezidenti Islom Karimovga havas qilib Islom, Karim va Abdug‘ani deb ism berishgan ekan. Qamashi tumanida esa 2016 yil 4 nafar egizak tug‘ilganligi qayd etilgan.

    » » Chiroqchida tug‘ilgan 3 egizakka Shavkat, Miromon, Mirziyo deb ism qo‘yildi (foto)