21:20 / 29.01.2019
4 665

Ruslanbek Davletov nega sudlarda advokatlarning roli yoʻqligiga izoh berdi

Ruslanbek Davletov nega sudlarda advokatlarning roli yoʻqligiga izoh berdi
“Xalq bilan yuzma-yuz” loyihasining bu galgi mehmoni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Oʻzbekistonda advokatlik borasidagi muammoli savollarga javob qaytardi.

Savol: Respublikamizda sudlarda advokatlar faoliyatining ahamiyati sezilmayapti. Shu paytgacha birorta advokat oʻz mijozining aybsiz ekanligini isbotlab bergan holatni kuzatmadim. Advokatlar sud nima desa shuni tasdiqlovchi ishtirokchiga aylanib qolyapti. Oʻzbekistonda advokatlar mustaqilligiga erishish uchun umid bormi yoki ularning faoliyati shu tarzda davom etaveradimi?
Rahimjon ABDURAHMONOV.

Javob: Yurtimizda bosqichma-bosqich jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishni taʼminlash yuzasidan advokatura institutining rolini kuchaytirish, professional yuridik yordam sifatini oshirish hamda sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini toʻliq roʻyobga chiqarish choralari koʻrilmoqda.

Bu borada Prezidentimizning “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni dasturilamal boʻlmoqda.

Farmonga muvofiq, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini toʻliq roʻyobga chiqarish choralarini koʻrish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi, davlat organlarining advokatura institutiga nisbatan maʼmuriy taʼsir koʻrsatish holatlari tugatildi. Shuningdek, advokatlar tomonidan koʻrsatilayotan yuridik yordam sifatini oshirish maqsadida advokatlik faoliyatini litsenziyalash ixtisosliklar boʻyicha amalga oshirilishi belgilandi.

Qayd etish joizki, advokatlar faoliyatini tashkil etishdagi oʻzgarishlar natijalari sudlar tomonidan chiqarilayotgan oqlov hukmlari chiqarilishida ham oʻz aksini topmoqda. 2018 yilda sudlar tomonidan 867 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlarining chiqarilishi va 3 290 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlangan holda sud zalidan qamoqdan ozod etilishi advokatlar tomonidan koʻrsatilayotgan yuridik yordam sifati oshayotganligini tasdiqlaydi.

Savol: Ichki ishlar idorasidan xizmat vakolatini suiisteʼmol qilganligi uchun ishdan boʻshatilganlarning aksariyatlari advokat vazifasida xizmat qilyapti. Qonunbuzarligi uchun ishdan boʻshatilgan xodim qanday qilib qonun himoyachisi boʻlishi mumkin? Nima uchun advokatlik lavozimiga ishga qabul qilinayotganda ularning oldingi ish joyidan nima uchun boʻshatilganligi urishtirilmaydi?
Lolaxon SATIMOVA.

Javob: Yoʻq, talabgorga advokatlik litsenziyasi berilishida uning oldingi ish joyidan boʻshatilganlik sababi surishtirilmaydi. Advokatura advokatlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning mustaqil, koʻngilli, kasbiy birlashmalarini oʻz ichiga oladi.

Amaldagi qonun hujjatlariga asosan, advokatlik faoliyati bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar shugʻullanishga haqlidir.

Oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasida advokat boʻlishi mumkin. Shu bilan birga, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslarning advokatlik faoliyati bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ruslanbek Davletov nega sudlarda advokatlarning roli yoʻqligiga izoh berdi