Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Islom Karimov tavalludiga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi (foto)

  • 30 yanvar 2019, 12:39
  • 1 802
  • Jamiyat
  • Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Islom Karimov tavalludiga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi (foto)
    O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda.
    O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

    O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 27 noyabrdagi qaroriga asosan buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi.

    Birinchi prezident dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida ulug‘vor maqbara bunyod etildi. Bu yodgorlik yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, yoshlar uchun katta tarbiya maskaniga aylandi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.
    Davlat rahbari yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurligini ta’kidladi.

    Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

    Samarqand Islom Karimov hayoti va faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Ma’lumki, birinchi prezident ushbu qadimiy shaharda tug‘ilgan, uning har tomonlama rivojlanishiga katta e’tibor qaratgan. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bu yerda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2007 yilda YuNESKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonlangan. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilingan. O‘nlab zamonaviy inshootlar, xiyobonlar, favvoralar barpo etilgan.

    Keyingi yillarda qad rostlagan Islom Karimov maqbarasi va haykali Samarqanddagi ana shu obod maskanlar qatoriga qutlug‘ qadamjo bo‘lib qo‘shildi.
    Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

    Qarshi shahrida ham Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yildi. Poytaxt va viloyatlarda birinchi prezident tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazildi.

    » » Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Islom Karimov tavalludiga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi (foto)