18:04 / 30.01.2019
7 116

Farg‘onada mudofaa ishlari nozirini o‘ldirib, mashinasi bilan birga yoqib yuborishdi

Farg‘onada mudofaa ishlari nozirini o‘ldirib, mashinasi bilan birga yoqib yuborishdi
Joriy yilning 21 yanvar kuni soat 22:30 larda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani «Tagob» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi yo‘l bo‘yidan oq rangli Lacetti avtomashinasi salonida yongan holatdagi shaxsi noma’lum murda qotillik alomatlari bilan topilgan.

Farg‘ona viloyati prokuraturasi matbuot xizmatining «Daryo» muxbiriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida marhum O‘zbekiston tumanining Kichik Tagob qishlog‘ida yashagan, tuman Mudofaa ishlari bo‘limida harbiy stol noziri vazifasida ishlagan, 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro M.N. ekanligi aniqlangan.

O‘tkazilgan tezkor tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Kichik Tagob qishlog‘ida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro P.M. sodir etganligi aniqlangan.

P.M.ning dastlabki tergovda ma’lum qilishicha, 2018 yilning 6 dekabr kuni hamqishlog‘i M.N.dan foizi bilan qaytarish evaziga 600 ming so‘m, oradan bir hafta o‘tgach yana 500 ming so‘m qarz olgan. Oradan ma’lum muddat o‘tgach, M.N. undan bergan pullarini foizi bilan 400 dollar qilib qaytarishini talab qilgani uchun o‘rtada kelishmovchilik kelib chiqqan.

21 yanvar kuni P.M. hamqishlog‘i bilan kelishib olishni, agar kelishuvga erishmasa, uni qasddan o‘ldirishni rejalashtirib, 32 diametrli 1 metr truba sotib olgan. Olgan pullarini qaytarishini aytib, telefon orqali M.N.ni yo‘l bo‘yiga chaqirgan. Uchrashuv davomida o‘zaro nizo tufayli u bilan janjallashgan. O‘zi bilan olib kelgan truba bilan M.N.ning bosh qismiga bir necha marta zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan. So‘ngra marhumni Lacetti avtomashinasiga joylab, ustidan benzin quyib, yoqib yuborgan.

Gumonlanuvchi P.M. 23 yanvar kuni Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan. Sudda uning aybi o‘z isbotini topsa, P.M. 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farg‘onada mudofaa ishlari nozirini o‘ldirib, mashinasi bilan birga yoqib yuborishdi